Линклар

“Qiz tug‘sang o‘lasan”¸ degan tahdid ostida qolgan Matluba 400 ming so‘m evaziga 5 oylik homilasini vrachlar qo‘li bilan o‘ldirishga majbur qolgan.

Yaqinda Afg‘onistonda qiz tuqqani uchun kelinini bo‘g‘ib o‘ldirgan qaynona hibsga olindi¸ bu qotillik uchun mas‘ul er qidiruvga berildi.

Musulmon jamiyatlaridagi o‘g‘il kulti o‘zbeklarga ham yot hodisa emas. Ayni shu kult bois o‘z jonini bir necha bor xatarga qo‘ygan o‘zbek ayolining Ozodlikka so‘zlab bergan hikoyasi asrlar davomida shakllangan bu hodisaning hozirga kelib qayta jonlanayotganidan darakchidir.

Toshkentning Yangiyo‘l tumanida yashab kelgan 30 yashar Matluba (qahramonimiz ismi uning xavfsizligi nuqtai nazaridan o‘zgartirilgan – tahr.) aslida Toshkentdagi tug‘ruqxonada o‘zi guvoh bo‘lgan muhim bir voqea haqida xabar berish istagida Ozodlikka bog‘landi.

Ammo suhbat asnosida o‘zini tug‘ruqxonaga abort qilish majburiyati yetaklab kelganini aytar ekan Matluba¸ hayotining o‘g‘il farzanddan boshqasini istamaydigan zo‘ravon er qo‘lida qurbon bo‘lganini hikoya qilib berdi.

Otasiz o‘sgan Matluba 20 yoshida o‘rta maktabni bitirib¸ bozorda sabzavot sotish bilan shug‘ullanuvchi yigitga sevib turmushga chiqqan.

Ammo bu nikoh qaynonaga xush kelmagani bois¸ uning hayoti to‘ydan keyinoq asal davrini ko‘rmay¸ zaharu zaqqumga aylangan. Qaynona gij-gijlashi ostida xotinini kaltaklashni kasb qilgan er¸ birinchi farzand o‘g‘il tug‘ilgach sal yumshagan¸ ammo Matlubaning ikkinchi homilasi qiz ekani ayon bo‘lgach¸ zo‘ravonlikni ochiq tahdidga aylantirgan.

400 ming so‘mlik qotillik


Erining muttasil bosimi ostida qolgan ayol tanish-bilishlarni o‘rtaga qo‘yib¸ allaqachon shakllanib ulgurgan 5 oylik homilasini yo‘qotishga qaror qiladi.

"Buning ham Olloh¸ ham qonun oldida katta jinoyat ekanini yaxshi bilaman¸ ammo men tushib qolgan vaziyatda boshqa chora topolmay qoldim. Nafqat erim¸ qaynonam ham¸ qayin opalar ham bolangni yo‘q qil¸ deyishganidan so‘ng sun‘iy to‘lg‘oq bilan¸ bolani tushirtirishga majbur bo‘ldim"¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Matluba.

400 ming so‘m evaziga amalga oshirilgan bunday “qotillik” kasalxona daftarida "bola tushib qoldi"¸ degan asosda qayd etildi der ekan Matluba¸ O‘zbekiston kasalxonalarida pul evaziga qonunda ruxsat etilmaydigan katta muhlatdagi homilalarni ham yo‘q qilish amaliyoti keng tarqalganiga o‘zi guvoh ekanini ta‘kidlaydi.

Yana homila¸ yana ur-kaltak


Besh oylik qiz homila yo‘q qilinganidan bir yilcha o‘tib-o‘tmay¸ Matluba yana homilador bo‘ladi. Bu gal er hatto bolaning jinsi aniqlanishini ham kutmasdan¸ uni yo‘q qilish haqida buyruq beradi. Uning yaqinlari yana bu talabga qo‘shiladi.

Yegan kaltaklaridan badani momataloqdan chiqmay qolgan Matluba yana kasalxonaga¸ ikki oydan oshgan homilasini abort qildirishga yo‘l oladi.

Ammo akusher vrach eshigi oldida operatsiya xonasiga kirish uchun kutib turar ekan¸ u o‘zini dahshatga solgan maxfiy axborotga beixtiyor quloq soladi va buni eshitgani aniqlansa¸ o‘ziga bo‘ladigan tazyiqdan qo‘rqib¸ kasalxonadan darhol qochib ketadi. Oradan bir necha hafta o‘tib esa¸ Janubiy Koreyaga keladi.

Matluba o‘zi beixtiyor eshitgani sir haqida Ozodlikka so‘zlab berdi. Ammo nihoyatda jiddiy oqibatlarga eltuvchi bu xabar uzoq va sinchkov tekshiruvga mavzu bo‘lgani bois¸ hozircha Ozodlik buni jamoatchilikka oshkor qilmaslikka qaror qildi.

Matluba hikoyasini quyida tinglashingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG