Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:39

Rossiyada o‘zbek mahbusi o‘z joniga qasd qildi


Rossiyadan ekstraditsiya qilinayotgan o‘zbekistonliklar soni ko‘payayotganidan tashvish bildirmoqda huquq faollari.
Rossiyadan ekstraditsiya qilinayotgan o‘zbekistonliklar soni ko‘payayotganidan tashvish bildirmoqda huquq faollari.

Moskvadagi izolyatorlardan birida o‘z yurtiga berib yuborilayotganidan xabar topgan o‘zbekistonliklardan biri o‘z joniga qasd qilgani xabar qilinmoqda.

Rossiyada qochqinlik maqomini so‘ragan namanganlik Ismoil Dolimov 2011 yilning aprelida O‘zbekiston huquq tartibot organlarining so‘roviga binoan Rossiyada hisbga olingan.

15 fevral kuni Ozodlikning Moskvadagi byurosiga qo‘ng‘iroq qilgan advokat Darya Treninaga ko‘ra, o‘z himoyasi ostida bo‘lgan Ismoil Dolimov O‘zbekistonga berib yuborilayotganini eshitgach o‘z joniga qasd qilgan.

- Ma‘lum bo‘lishicha, u ekstraditsiya qilinishini eshitgach o‘z joniga qasd qilgan – qo‘l tomirlari va, bilishimcha, qornini ham kesgan. Bu ma‘lumotni menga u bilan birga kamerada bo‘lganlar yetkazishdi. Bilasizku, izolyatorda tashqari bilan aloqa biroz bemalolroq va “turma radiosi” orqali buni menga yetkazishdi. U hozirda tirik ekan va qayergadir olib ketilibdi, qayerda ekanini ikki kundan beri topa olmayapman, deya ma‘lum qiladi Darya Trenina.

Advokatning bildirishicha, 1977 yilda tug‘ilgan Dolimov Ismoiljon Isaboyevich asli Namangan shahridan. U Rossiyada qochqinlik maqomini so‘rab Federal migratsiya xizmati idoralariga murojaat qilgan, biroq o‘tgan yili Moskvaning Basman tuman sudida uni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish to‘g‘risida qaror chiqarilgan.

2011 yilning dekabrida Rossiya Oliy sudi bu qarorini o‘z kuchida qoldirdi.

O‘zbekistonlikning o‘z joniga qasd qilgani sabablarini tushuntirar ekan, Darьya Trenina Ismoiljon Dolimov Rossiyaning turli davlat idoralariga O‘zbekistonda nohaq qamalgani va u yerda uzoq yillar davomida unga nisbatan qo‘llangan qiynoq-azoblar va konkret ismi-shariflari keltirilgan mutassadilarning kirdikorlari haqida yozganini gapiradi.

“Rossiya Bosh prokuraturasi yaqinda uning imzosi qo‘yilgan barcha ariza va shikoyatlarni O‘zbekistonga, uning berilishini so‘ragan idoraga yuboribdi”, deya davom etadi advokat.

- Shundan keyin u angladiki, agar u ekstraditsiya qilinsa, aniq tirik chiqmaydi. Agar bundan oldin u faqat qiynoqlardan xavotir olayotgan bo‘lsa, endilikda u bunga ishonch hosil qilib joniga qasd qildi. U shunchalik O‘zbekistonga yuborilishidan qo‘rqayotgan ediki, tasavvur qila olmaysiz! O‘zbekistonda u jami 15 yil o‘tirib chiqqan, u yerda unga nisbatan qo‘llangan qiynoqlar va zo‘rlashlarni eslab, “shu yerda o‘lib ketganim yaxshi”, deyayotgan edi, deydi Dolimovning advokati Trenina.

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, birinchi marotaba Ismoil Dolimov magnitofon o‘g‘irlagani uchun O‘zbekistonda 7 yillik qamoq jazosini o‘tab chiqqan. Treninaning Ismoil Dolimov so‘zlariga tayanib aytishicha, ikkinchi marotaba mahalliy militsiyada uning bo‘yniga gilam o‘g‘riligini "yuklagan" va u yana shunchaga qamoqqa tashlangan.

Ozodlikka chiqib, Dolimov Namanganda ma‘muriy nazorat ostiga tushgan. U bozorda sigaret va boshqa mayda-chuyda savdosi bilan shug‘ullangan, lekin nazoratchi militsiyachilar doimo uning pulini tortib olishgan va ta‘magirlik qilib kelgan.

U 2010 yilda Rossiyaga kelib, 2011 yilning apreligacha, ya‘ni hisb etilgunga qadar mardikorlik qilib yurgan.

Advokatining aytishicha, Dolimov Rossiyadaligi paytida O‘zbekistondagi uyiga kelgan militsiya xodimlari og‘ilxonada, hech bir guvohsiz, narkotik moddalarini aniqlagani va u endi narkotiklar savdosida ayblanib, jinoiy ish qo‘zg‘atilganini eshitgan.

- Rossiya uni ma‘muriy nazoratdan qochgani uchun emas, aynan shu narkotik moddalari uchun ekstraditsiya qilishi to‘g‘risida qaror chiqardi, deydi Ozodlik bilan suhbatlashgan advokat Darya Trenina.

Trenina Ismoil Dolimovni tasodifan qamoqxonada uchratib qolgan va unga rahmi kelib bepul himoya qilishga qaror qilganini bildirdi.

Hozirda advokat Darya Trenina Ismoiljon Dolimovning ishi yuzasidan Strasburg sudiga murojaat qilishga tayyorlanayotganini qo‘shimcha qildi.

Advokatning aytishicha, Namanganda Ismoiljon Dolimovning rafiqasi, bir nafar farzandi hamda keksa onasi qolgan. Ismoilning ukalaridan biri O‘zbekiston qamoqxonalarida sil kasalidan nobud bo‘lgan.
XS
SM
MD
LG