Линклар

Moskvada o‘zbekistonlik shoumen vafot etdi


Raxman Neymark-Koyen tahallusi bilan tanilgan Maxmudov Rossiya shou olamining taniqli vakillaridan edi.

Raxman Neymark-Koyen tahallusi bilan tanilgan Maxmudov Rossiya shou olamining taniqli vakillaridan edi.

Asli o‘zbekistonlik Rahmon Mahmudov Moskvaning eng taniqli shoumenlaridan biri hisoblangan. Rossiya shou-biznes olamida Raxman Neymark-Koyen tahallusi bilan tanilgan shou ustasining jasadi Moskvadagi uyida topildi.

Mashhur Ginza Project restoranlar va barlar xoldingi art-direktori va shoumen o‘zbekistonlik Rahmon Asadovich Mahmudov ikki kun davomida aloqaga chiqmaganidan so‘ng chorshanbaga o‘tar kechasi Moskva shahar Lenigradskaya prospektidagi kvartirasida vannaxonada o‘lik holda topildi.

27 yoshli Rahmon Mahmudovning sevgan qizi Natalya Terentьeva uni aniqlagani tafsilotlarini jurnalistlarga bergan intervyusida so‘zlab berdi.

“Men pod‘ezddan ko‘tarilganimda kvartirasi eshigi qiya ochiq ekanini aniqladim va darhol politsiyaga qo‘ng‘iroq qildim”, deya eslaydi Natalya Terenteva.

- U vannada suvda o‘lik holda yotgan edi. Hech qanday pichoq izlari yoki boshqa jarohatlar ko‘rinmadi. Bundan oldin men unga ikki kun davomida qo‘ng‘iroq qilgan edim, deydi Mahmudovning dugonasi Natalya.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rahmon Mahmudovning kvartirasidan iPhone, noutbuk, iPad, qimmatbaho soatlar va boshqa buyumlar o‘marilgan. Hodisa joyiga kelgan politsiyachilarning dastlabki taxminlariga ko‘ra, Mahmudov vannada suvga cho‘kib o‘lgan. Biroq, dastlabki ekspertizada san‘atkorning buyni singani aniqlangan.

“Natijalar tegishli ekspertizalar o‘tkazilgandan keyin oshkor etiladi”, dedi politsiya xodimi.

Ommaviy axborot vositalardan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi Rahmon Mahmudov Tver viloyatida qayddan o‘tgan, biroq Moskvada o‘zining kvartirasida yashab kelgan.

Shoumen Rahmon Mahmudov Filipp Kirkorov bilan

Shoumen Rahmon Mahmudov Filipp Kirkorov bilan

Uning o‘limi Rossiya shou-biznesida katta shov-shuvga sabab bo‘lmoqda. Moskva shou olamida Rahmon Neymark-Koyen sahna nomi bilan tanilgan Mahmudov Rossiya poytaxtida ajoyib sahnalashtiruvchi, musiqiy aranjirovkachi va tashkilotchi sifatida nom qozongan edi.

“Nega olam bunchalik qahrli. Odamlarni va hayotni shunchalik sevgan inson endi biz bilan emas. Sen doimo bizning qalbimizdasan!!!”, deb yozdi o‘z mikroblogida Rahmonning do‘sti Nikolay Baskov.

Yana bir rossiyalik boshlovchi Anfisa Chexova tvitterda Mahmudovning o‘limini izohlar ekan: “Bo‘lishi mumkin emas! Ishongim kelmayapti!!”, deya yozdi.

Jumladan, so‘nngi paytlarda u art-direktorlik bilan shug‘ullangan va mashhur xonanda Grigoriy Lepsga tegishli Leps Bar aynan Rahmon Mahmudov boshchiligida Moskvaning eng serqatnov restoranlaridan biriga aylandi.

Neymark-Koyen – Mahmudov Ginza Project xoldingida boshlovchilik va tashkilotchilik ishlarini bajargan, u ajoyib inson va tengi yo‘q biznes loyihalar tashkilotchisi edi, deydi Ozodlikka uning yaqin hamkorlaridan biri Andrey Fedorin.

- Aytishim mumkinki, bu biz uchun juda katta yo‘qotish. Mudhish tasodif. U karaoke-Leps Barda art direktor vazifasida ishlab kelgan, BLACKBERRY bilan hamkorlik qilgan, Tverbulь va boshqa restoranlarimizda esda qolarli ajoyib tomoshalarni ko‘rsatgan. U deyarli barcha Rossiya shou-biznesi yulduzlari bilan yaxshi munosabatda edi. Men shaxsan u bilan ko‘p loyihalarda birga ishlaganman. Hayotni bunday sevuvchi, ko‘zga ko‘ringan bunday iqtidorli yigitning ketganiga ishongim kelmayapti, deydi Ginza Project xoldingi xodimi Andrey Fedorin.

Restoratorning so‘zlariga ko‘ra, Rahmon Mahmudov atigi bir yildan ortiqroq vaqt davomida Moskvadagi restoran biznesida va shoular olamida ulkan yutuqlarga erishgan.

Rahmonning Nyu-Yorkda yashayotgan onasi Moskvaga uchib kelishini ma‘lum qilgan.

Ozodlik bundan bir necha kun oldin AQShning Los Anjeles shahridagi Beverli Xilton mehmonxonasida 48 yoshida mashhur qo‘shiqchi Uitni Hyuston ham aynan vannaxonada suvda cho‘kib vafot etgani to‘g‘risida xabar qilgan edi.

Rossiyalik shou yulduzlari o‘zbek shoumeni o‘limini Uitni Xyuston o‘limiga o‘xshatishmoqda.

Uitni Xyuston o‘limidan xabar olgan Rahmon Mahmudov o‘zining Tvitter sahifasida “Ishongim kelmayapti, u qanday qilib o‘lishi mumkin, axir u juda yosh edi”, deb yozgan edi.

Endi 27 yoshli Rahmon Mahmudovning mikroblogida do‘stlari xuddi shu so‘zlarni qoldirishmoqda.
XS
SM
MD
LG