Линклар

logo-print

Davlat g‘aznasini ehtiyotlash uchun talabadan sessiyani uchga yopish talab qilinmoqda. O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchi va talabalari bu haqda Ozodlikka gapirib berdi.

O‘zbekistondagi bir necha oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalar va o‘qituvchilarning aytishicha, bu yilgi qishqi sessiya davrida imtihon mavsumini to‘liq besh bahoga yopishni niyat qilgan talabalar o‘qituvchilarning qattiq qarshiligiga uchramoqda.

Oliy o‘quv yurti dekanatlari, o‘quv ishlariga mas‘ul rahbarlar respublikadan kelgan buyruq asosida beshchi talabalar sonini keskin qisqartirish ustida ishlamoqdalar.

Bu haqda kuni kecha farg‘onalik talabaning otasi Rasul aka Ozodlikga shikoyat qilgan edi. Unga ko‘ra, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Farg‘ona viloyati filialida o‘qituvchilar har bir guruhda beshga o‘qiydigan talaba sonini bittaga, to‘rtga o‘qiydigan talabalarni esa to‘rttaga tushirmoqdalar

Bu shikoyat ortidan Ozodlik, dastlab, Rasul aka tilga olgan Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rahbariyatiga murojaat qildi.

- Mutalqo bo‘lmagan gap, cheklov yo‘q,- dedi o‘zini universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, deb tanishtirgan, ammo ismini aytmagan mutasaddi mikrofonsiz suhbatda.

Shuningdek, Toshkent shahri, Farg‘ona va Andijon viloyatlaridagi ayrim oliy o‘quv yurtlari rahbarlari ham bunday ko‘rsatma borligini qat‘iyan inkor qilishdi.

Ammo, Ozodlik suhbatlashgan ayrim o‘qituvchi va talabalar bunday cheklov 3 yildan buyon mavjudligi, joriy o‘quv yilining qishki imtihonlari chog‘ida esa cheklovning yanada keskinlashganini aytishdi.

Jumladan, Sirdaryo viloyatidagi universitetda tahsil oladigan va ismini oshkor qilmasligimizni istagan talaba aynan shu sessiya chog‘ida beshchi talabadan, to‘rtchi talabaga tushirilganini aytdi.

- Men to‘rtga yopyapman bu sessiyani. Iloji yo‘q, deyishdi. Masalan, 20 tacha student o‘qiydigan gruppada o‘tgan sessiyada 4 -5 ta beshchi bo‘lgan bo‘lsa, bu sessiyada shuni uchtaga tushirishdida,- deydi sirdaryolik talaba.

Unga ko‘ra, doim besh baho olish uchun urinib kelgan talabalar e‘tiroziga javoban fakulьtet dekanlari a‘lo bahoga o‘qiydigan talabalar sonini ozaytirish majburiyati borligini ochiq-oshkor aytishmoqda.

- Davlat g‘aznasiga zarar keltirmanglar. Beshchini kamaytiramiz. Shuning uchun o‘qituvchilarga pora berib ovvora bo‘lib yurmanglar. Bilib qolsak, o‘zlaringizga yomon bo‘ladi, deb dekanimiz tushuntirdi. Shuning uchun, men yugurib ham o‘tirmadim,- deydi o‘quv yilining qolgan qismida kamroq stipendiya olishga majbur bo‘lgan talaba.

U 14 fevral kuni navbatdagi stipendiyani qo‘liga oldi. Unga ko‘ra, ayni kunlarda respublika oliy o‘quv yurtlarida besh bahoga o‘qiydigan talabalar uchun 212 ming, to‘rt bahoga o‘qiydigan talabalar 159 ming, 3 bahoga o‘qiydigan talabalarga esa 106 ming so‘mlik stipendiya berilmoqda.

Oliy o‘quv yurtlaridan birida dars beradigan o‘qituvchi ham rahbariyat tomonidan talabalarning asosiy qismini uch baholik stipendiya darajasida qoldirish haqidagi ko‘rsatma bir necha yildan buyon mavjudligini aytar ekan, buning aynan davlat g‘aznasi harajatlarini qisqartirish bilan bog‘liq ekanini ta‘kidladi.

- Shu davlat g‘aznasini tejashda endi maqsad. 3 yildan beri bor gap bu. Beshchilarni sonini iloji bo‘lsa, 3 tadan oshirish kerakmas, deyilyapti. Agar oshirsangiz, o‘qituvchiniyam, talabaniyam ilmini tekshirib, bitta xatosini topib, sur-sur boshlanadida,- deydi oliy o‘quv yurtlaridan birida dars beradigan o‘qituvchi Bobur Rashidov.

O‘zbekistonda jami 58 ta oliy o‘quv yurti bor va ulardan 16 tasi universitet maqomida. Jami talabalar soni esa 155 ming nafarga yaqindir.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlari talabalari soni ham qisqartirib kelinmoqda. Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 2005-2006 o‘quv yilida jami talabalar soni 174 ming nafardan oshiq bo‘lgan.

Shuningdek, yildan-yilga O‘zbekistondagi institut va universitetlarda davlat granti asosidagi talabalik o‘rinlari soni ham qisqartirildi.

Bu qisqartirishlarning sabablari bilim yurtlariga yo‘llangan ichki ko‘rsatmalarida aynan davlat byujeti harajatlarini qisqartirish maqsadi bilan izohlangani aytilgan edi.
XS
SM
MD
LG