Линклар

logo-print

O‘zbekistonda quyosh energiyasi instituti ochildi


Bugungi kunda Yevropa mamlakatlarda quyosh elektr stantsiyalari urfga aylanmoqda.

Bugungi kunda Yevropa mamlakatlarda quyosh elektr stantsiyalari urfga aylanmoqda.

15 fevral kuni Toshkentda quyosh energiyasi xalqaro institutining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston quyosh energiyasi instituti Osiyo taraqqiyot bankining 2,25 milliard AQSh dollarlik loyihasiga ko‘ra tashkil qilindi.

UzDaily.uz sayti xabariga ko‘ra, institutning ochilish marosimida Osiyo Taraqqiyot Banki rahbari Xaruxiko Kuroda ishtirok etgan.

"O‘zbekistonda ishlatilayotgan elektr manbalari orasida quyosh energiyasidan foydalanish yuqori potentsialga ega. Uni iqtisodiyot traqqiyoti yo‘lida yoqilg‘i sifatida foydalanish shunchaki variant emas- bu zaruriyat" dedi Kuroda institut ochilish marosimida qilgan chiqishida.

Xalqaro institut maqomiga ega ushbu maskan ilmiy-texnik va loyihalash tashkiloti o‘laroq faoliyat yuritadi.

Yangi institutda quyosh energiyasi bo‘yicha aniq loyihalar ishlab chiqishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston hukumati quyosh energiyasi institutini ochish taklifini Osiyo Taraqqiyot Bankining 2010 yil may oyida Toshkentda o‘tkazilgan sammitida ilgari surgan edi.

Serquyosh O‘zbekistonda bunday muassasaning ochilishini OTB quvvatlab, uni moliyalashni to‘liq zimmasiga oldi.

O‘tgan yili Rossiyaning "Lukoyl" shirkati ham O‘zbekistonda 100 megavatt quvvatda ishlaydigan quyosh energiya stantsiyasi qurish loyihasini ma‘lum qilgan edi.

6 milliard AQSh dollari miqdoridagi mazkur loyihaga ko‘ra, keyinroq bu stantsiyaning quvvatini 1000 megavattga yetkazish mumkin.

Mutaxassislar O‘zbekistonda haqiqatan ham muqobil elektr energiyasiga ehtiyoj kundan-kunga oshib borayotganini aytadilar.

O‘zbekiston iqtisodiy tadqiqotlar markazining taxminicha, hozirgi ko‘lamda ishlatiladigan bo‘lsa, O‘zbekistondagi tabiiy gaz va ko‘mir zahiralari keyingi 20-30 yilga yetishi mumkin, xolos. Neft zahiralari esa bo‘shab qolgan.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2010 yilda olingan suyuq uglevodorot hajmi 2009 yildagiga qaraganda 17,9 foizga, gaz kondensati hajmi 22,5 foizga, tabiiy gaz hajmi esa 2,1 foizga kamaygan.
XS
SM
MD
LG