Линклар

Ayni kunlarda harbiy ko‘rik va tanlovdan o‘tib¸ xizmatga yaroqli deb topilgan 18-22 yoshdagi yigitlar muddatli harbiy xizmat joylariga yuborilmoqda.

Ayni kunlarda O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarida “yigitlarning sarasi harbiy xizmatga jo‘namoqda” degan mazmundagi chiqishlar tez-tez ko‘zga tashlanadi.

Rasmiy matbuot¸ qolaversa prezident Islom Karimovning aytishicha¸ O‘zbekiston Qurolli kuchlari safiga chaqirtirilayotgan yoshlar sog‘lig‘i va ko‘rinishi mustaqillikdan beri yildan-yilga yaxshilanib bormoqda.

Farg‘ona vodiysidagi Mudofaa ishlari bo‘limlaridan biri rasmiysi ham o‘zbek armiyasi safiga saralarning sarasi tanlab olinishini aytadi.

Uning Ozodlikka bildirishicha¸ 18 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni harbiy xizmat uchun tanlash va hozirlash jarayoni yakuniga yetgan va ayni kunlarda harbiy xizmatga yo‘llanma olgan yigitlar xizmat o‘tashlari lozim hududlarga jo‘natilmoqda.

- Ko‘rikdan o‘tkazib, shahar ko‘rigidan o‘tkazib sog‘lom bolalarni taqdim qilamiz. Viloyatdan sog‘lom chiqsa, keyin harbiy xizmatga jo‘natamiz. Undan oldin test topshiradi. Davlat test markazi kelib test oladi ulardan. O‘zbek tili, ona tili, LAP deydi, lichniy adaptatsionniy potentsial degan narsasi bor, matematika. Variantlari bo‘ladi, mana shu variantlari orqali test javoblarini belgilashadi.

Testgacha jismoniy tarbiyadan topshiradi. Jismoniy tarbiya, keyin test. Sog‘lom bolalar shunaqa qilib o‘tadida. Viloyatga borganda lichnoye delosining ichida test javoblari bo‘ladi, testdan necha baho olgani, jismoniyni qanday topshirgani. Viloyatga borib tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Tibbiy ko‘rikda sog‘lom deb topilgandan keyin testlari ko‘rib chiqiladi. Sog‘liq darajasi, undan tashqari ular kollejni tugatgan bo‘lishi kerak. Diplomi bo‘lishi kerak qo‘lida.

Ko‘rik-tanlovlarni¸ testni dekabrda tugatganmiz. Yanvar oyi podgotovka, yanvarning 15gacha testlarni tugatib, fevralga bolalarni tayyorlab boshlaganmiz. Hozir tayyor. Biz olib borib taqdim qilamiz, shu bilan ketadi¸ dedi Ozodlik bilan suhbatda vodiydagi Mudofaa ishlari bo‘limlaridan birining o‘zini tanishtirmagan rasmiysi.

Surxondaryolik Javohir harbiy xizmatga chaqiruv jarayonining Mudofaa ishlari mas‘uli tasvirlagan tartibda o‘tishi¸ ammo jarayonda shaffoflik va halollik yo‘qligini aytadi.

O‘zi ham harbiy xizmatga chaqiriq olib¸ tibbiy ko‘rikdagi korruptsiyadan hafsalasi pir bo‘lgan 20 yashar bu yigit armiya safiga kirish uchun 1 million so‘mga yaqin poraga kuchi yetmaganini aytadi.

- Yillik xizmatga deb qog‘oz keldi. Bordim. Doktordan o‘tdim o‘zimizning rayon doktoridan. Viloyatning doktoriga bormadim. Ko‘pchilik “Pul bermasang, jo‘natmaydi baribir. Doktordan qaytaraveradi. Davleniyeng past¸ qoning kam deydi, har xil savollar berib qaytaradi” dedi. Keyin men pul yo‘qligi uchun bormadim. Armiyaga borib kelganlar pul bilan borib kelayaptida hozir. Pul oladigan odami bo‘ladida. Doktordan o‘tish uchun doktorga berasiz. Bitta doktordan 5-10 ming bilan o‘tasizda. Oltitami yettita doktordan o‘tasizda, viloyat 100-150 ming pul berasiz¸ yozib beradi. 1 yillikka hozir 800-900 ming pul beriladi¸ deydi armiyatalab¸ ammo orzusiga yetmagan surxonlik yigit.

Qashqadaryolik Bahodir O‘zbekiston armiyasi safida bir yil xizmat qilgan. U o‘zining soppa-sog‘lom bo‘lgani uchun porasiz harbiy xizmatga olinganini ayta turib¸ o‘zi kabi yoshlarni harbiy xizmatga jalb qiladigan jihat beriladigan imtiyozlar ekanini ta‘kidlaydi.

- O‘qishga kirish uchun, imtiyoz olish uchun, vatanga xizmat qilish uchun, aylanib kelish uchun bordim men. Hammaning xayoli har xilda. Vatanga xizmat qilish uchundir balki, balki ishga qolish uchun borar xizmatga. Boraman degan ko‘p, lekin bora olmaydi, nima qilsin bechoralar. Akt chiqarib beradi ko‘zdan yoki quloqdan, yara bo‘lsa qaytaradi, biror joyi shikastlangan bo‘lsa¸ keyin bora olmaydi¸ der qashqadaryolik yigit ham bir yillik harbiy xizmatga borish jarayoniga pora aralashmay qolmasligini tan oladi.

Prezident farmoniga ko‘ra, harbiy xizmatga chaqiruv fevral –mart oylarida, xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni bo‘shatish esa, mart-aprel oylarida amalga oshiriladi.

Prezident Karimovning aytishicha¸ muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchi yoshlar soni 2005-2011 yillar davomida 68,7 foizdan 80,6 foizga ko‘tarilgan bo‘lib, har yili 35-36 ming nafar yosh yigit muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari saflarida 48 ming nafar atrofida harbiy xizmatchi borligi aytiladi.
XS
SM
MD
LG