Линклар

O‘zbekistonda dunyodagi eng yirik elektron entsiklopediya Wikipedianing o‘zbek tilidagi sahifasiga to‘siq qo‘yildi.

O‘zbekistonda Vikipediyaning uz.wikipedia.org sahifasiga kirmoqchi bo‘layotganlar to‘siq qo‘yilgan boshqa mustaqil saytlarga kabi MSN.com ga uloqtirib tashlamoqda.

Bu haqda Ozodlikning O‘zbekiston ichkarisidagi bir emas¸ bir necha manbasi xabar qildi.

Vikipediyaning eng mukammal ingliz va rus tilidigi sahifalari ochiq qolayotgan bir paytda, o‘zbek tilidagi Vikipediyaning to‘sib qo‘yilish sabablari qorong‘u qolmoqda.

Insoniyat tarixidagi eng yirik bepul entsiklopediyaning boshqa tillarida million sahifalik material bo‘lgani holda¸ o‘zbek tilidagi Vikipediya nihoyatda g‘arib va unga hozirga qadar atigi 7876 maqola qo‘yilgan.

Istalgan Internet foydalanuvchisi material yuklash imkoniga ega Vikipediyaning o‘zbek sahifasidagi faol mualliflardan biri Budapeshtdagi Markaziy Yevropa universitetining 23 yashar magistranti Nodir Otayev.

Nodir Otayev.

Nodir Otayev.

Vikipediya faoli keyingi paytlarda sal bo‘lsa-da jonlana boshlagan o‘zbekcha Vikipediya o‘zbekistonliklarni nisbatan ob‘ektiv axborotdan mahrum qilish niyatida yopib qo‘yilgan bo‘lishini taxmin qiladi.

- Menimcha, o‘zbek xalqi asosan o‘zbek tilida o‘qisa kerak. Ba‘zi bir mavzularda ma‘lumot olishlarini cheklash uchun qilingan siyosat deb o‘ylayman. O‘zbekistonda joylashgan foydalanuvchilar o‘zbek tilida davlat siyosati haqida ma‘lumot ololmasinlar yoki yoza olmasinlar degan ma‘noda qilingan menimcha¸ deydi o‘zbekcha Vikipediya faollaridan biri Nodir Otayev.

Vikipediyaning o‘zbek tilidagi materiallari orasida O‘zbekiston hukumati¸ xususan prezident Islom Karimovga muxolif yoki tanqidiy ruhda yozilgan biror maqolani topish mushkul.

O‘zbek tilida Islom Karimov haqida bor-yo‘g‘i besh jumlalik ma‘lumot qo‘yilgan bo‘lsa¸ uning ham mamlakat ichkarisi¸ ham tashqarisida ommaviy axborot vositalari nazariga tez-tez tushib turadigan faol qizlari haqida umuman ma‘lumot yo‘q.

Boz ustiga¸ 16 fevral kungi qidiruv davomida o‘zbekcha Vikipediyadan O‘zbekiston hukumati o‘z asosiy muxoliflari deb bilgan shaxs va guruhlar haqida ham biror ma‘lumot topishning imkoni bo‘lmadi.

Vikipediyaning nafaqat o‘zbek¸ balki rus va ingliz tilidagi sahifalarida ham O‘zbekistonga oid ma‘lumotlarni qo‘yish¸ boshqalar qo‘ygan materiallarni to‘ldirish yoki tahrir qilish bilan shug‘ullanib kelayotgan Nodir Otayev o‘zbekcha Vikipediyaning yopilishi uchun birlamchi shubha O‘zbekiston maxfiy xizmatlari zimmasiga tushishini ayta turib¸ bunday g‘arib bir sahifani to‘sish kimga va nimaga xizmat qilishini tushuna olmasligini aytadi.

Zotan¸ to‘silmay turgan taqdirda ham¸ bu faol fikricha¸ o‘zbekistonliklarning Vikipediyadagi sustligi uni O‘zbekiston haqida jiddiy axborot manbasiga aylanishiga yo‘l qo‘ymay kelayotir.

- O‘zbek Vikipediyasida hozir eng katta muammo 8000ga yaqin maqola bor xolos. Bu juda kam degani. Qozoq tilida gapiruvchilar kam bo‘lgani bilan ularning vikipediyasida 100 mingdan oshiq maqola bor. O‘zbekcha qo‘llanuvchilarimiz juda ham passiv. O‘zbekcha vikipediyani Toshkent haqida ochsangiz ham manbalar ko‘rsatilmagan yoki ma‘lumot yetarli emas. Bundan tashqari ingliz tilini bilganlar ham juda kam yozadi. O‘zbekiston haqida ingliz vikipediyasida ham maqola kam.

Masalan¸ men shok bo‘lgan edim. Qarasam, Mirtemir, G‘afur G‘ulom, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov haqida umuman maqola yo‘q. Alisher Navoiy, Bobur, Ulug‘beklarni ochsangiz, chet elliklar yozgani uchun ularning o‘zbeklarga aloqasi borligi haqida hech narsa yo‘q. Navoiyni uyg‘ur deb yozibdi¸ deydi Vikipediyadagi o‘zbek faoli Nodir Otayev.
XS
SM
MD
LG