Линклар

logo-print

Poraxo‘rlikda gumonlanib qo‘lga olinib, 13 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati hibsxonasi kamerasida o‘zini osib o‘ldirgani aytilayotgan Davlat avtoinspektsiyasi xodimi Aybek Eshbayev o‘limi yuzasidan xolis tergov o‘tkazilishini talab qilib bishkeklik yuzga yaqin GAI xodimi norozilik namoyishi o‘tkazdi. Marhumning yaqinlari uning qiynoqdan vafot etganini iddao qilishmoqda.

15 fevral kuni Qirig‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi binosi oldida norozilik namoyishi o‘tkazgan GAI xodimimlarini Ichki ishlar vaziri Zarilbek Risaliyev qabul qildi. Biroq vazirlik matbuot xizmati ham GAI xodimlari ham uchrashuv natijalari borasida jurnalistlarga ma‘lumot berishmadi.

Ma‘lum bo‘lishicha, GAI xodimlari o‘z hamkasblari 46 yoshli leytenant Aybek Eshbayev o‘z joniga qasd qilmagani, u o‘ldirilganini iddao qilib, mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishi adolatli tergov qilinishini talab qilishmoqda.

Biroq Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati matbuot kotibi Nurlan To‘qtaliyev GAI xodimlari talabi asossiz ekanini aytmoqda:

- GAI xodimlari jinoyat ishi adolatli tergov qilinsin deyishmoqda. Biz ham shuni xoxlaymiz. U Milliy xavfsizlik xizmati xisbxonasida o‘zini o‘zi o‘ldirganini barcha ekspertizalar tasdiqlagan. Biz mazkur ishni adolatli tekshirishga harakat qilayapmiz, dedi Nurlan To‘qtaliyev.

Ayrim qirg‘iz rasmiylari esa, GAI xodimlari ish vaqtida ish o‘rinlarini tashlab mitinga chiqishlari qonunga zid kelishini aytmoqdalar. Qirg‘iziston parlamenti deputati Turat Madulbekov gapiradi

- GAI xodimlarining mitingga chiqishga huquqi yo‘q. Ular jamoatchilik tartibini saqlash vazifasini bajarmay mitingga chiqqani to‘g‘ri emas. Agar qandaydir talablari bo‘lsa ularning huquqlarini himoya qiluvchi maxsus xizmatlar bor. O‘shalarga murojaat qilishlari kerak edi, deydi deputat Madulbekov.

Biroq Yo‘l xavfsizlik nazorati xizmatining sobiq rahbari Qasimbek Raimqul o‘g‘li o‘z hamkasblari 13 fevral kuni Milliy xavfsizlik xizmati hibsxonasida noma‘lum tarzda vafot etgan GAI xodimi o‘limi sabablari tekshirilishini talab qilishga xaqli, degan fikrda:

- Ular Milliy xavfsizlik xizmatiga ma‘lumot olish, o‘z takliflarini berish uchungina borishgan. Menimcha, bunday masalada ularning borgani to‘g‘ri, dedi Qasimbek Raimqul o‘g‘li.

Poraxo‘rlikda gumonlanib qo‘lga olingan Aybek Eshbayev Bishkekdagi 13 fevral kuni hibsxonadagi kamerada osig‘liq holda topilgan. Marxum yaqinlari, uning o‘ldirilganini, tanasida kaltak izlari bo‘lganini aytishadi.

Qirg‘iziston milliy xavfsizlik xizmati raisi Shamil Ataxanov esa, 15 fevral kuni Qirg‘iziston parlamentida bo‘lgan yig‘ilishda GAI xodimi o‘limi yuzasidan tibbiy ekspertiza natijalari 1 oydan keyin tayyor bo‘lishini ma‘lum qilgan.
XS
SM
MD
LG