Линклар

Tojikiston janubida O‘zbekiston Islomiy harakatiga a‘zolikda ayblanayotgan ikki fuqaro ustidan mahkama boshlandi.

Xatlon viloyati Qabodiyon tuman prokuraturasiga ko‘ra, Akmal Rashidov va Ibrohim Qurbonov Tojikistonda ekstrimistik tashkilot g‘oyalarini targ‘ib qilish bilan shug‘ullangan. Ammo, sudlanuvchilarning yaqinlari va advokatlari bu iddaolar asossizligini aytishmoqda.

Qabodiyon tuman kasalxonasi shifokori Akmal Rashidov va uning qishloqdoshi Ibrohim Qurbonov ustidan mahkama 15 fevral kuni boshlandi.

Sudlanuvchilar mamlakatda faoliyati ta‘qiqlangan O‘zbekiston Islomiy harakatiga a‘zolik va bu tashkilot g‘oyalarini targ‘ib qilish bilan odamlarni shu tashkilotga qo‘shilishga da‘vat qilganlikda ayblanmoqda.

Xatlon viloyat prokurori maslahatchisi Tolibxon Azimovning Ozodlikka bildirishicha, ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib qilish bilan Qabodiyon tumaniga qarashli Yangi yo‘l qishloq kengashi fuqarolaridan iborat guruh shug‘ullanib kelgan.

- Yangi yo‘l qishloq kengashiga qarashli Qizil Nishon qishloq fuqarolari Akmal Rashidov, Ibrohim Qurbonov, Baxtiyor Umarov, Sunatullo va Nusratullo Abdulloyevlar, Shuhrat Saidov jami 13 kishi o‘tgan yil bahoridan buyon O‘zbekiston Islomiy harakati g‘oyalarini targ‘ib qilish va Afg‘onistonda toliblar e‘lon qilgan jihodga odamlarni safarbar qilish bilan shug‘ullanib kelgan. Ayni paytda Akmal Rashidov va Ibrohim Qurbonov ishi sudda ko‘rilmoqda. Yana 11 jinoyatchiga esa qidiruv e‘lon qilingan. Shu yilning 3 fevralida ulardan biri Baxtiyor Umarov Pokistonda hibsga olinib, bir necha kun avval Tojikistonga ekstraditsiya qilindi. Hozir u tergov qilinmoqda, deya bildirdi Azimov.

Prokuror maslahatchisining aytishicha, Nusratullo va Sunatullo Abdulloyevlar o‘tgan yil Afg‘onistonga o‘tib toliblar safiga qo‘shilgan. Respublika tegishli idoralari Afg‘oniston va Pokiston huquq-tartibot organlari bilan bu jinoyatchilarni qo‘lga olish va vataniga ekstraditsiya qilish borasida muzokaralar olib borayotganini ma‘lum qildi Tolibxon Azimov.

Qabodiyon tuman mahkamasida ishi ko‘rilayotgan Akmal Rashidov va Ibrohim Qurbonov hamda xavfsizlik xodimlari tomonidan tergov qilinayotgan Baxtiyor Umarovning yaqinlari ularga qo‘yilgan ayblar bilan rozi bo‘la olmasliklarini aytmoqda.

“Mening o‘g‘lim Pokistonga ishlash va diniy savodini oshirish uchun borishini aytgan edi. U hech qanaqa terrorist, ekstrimist emas”, deydi Baxtiyor Umarovning otasi Tojiddin Umarov Ozodlik muxbiri bilan o‘zaro suhbatda.

Sudlanuvchilar esa dastlabki tergov chog‘ida O‘zbekiston Islomiy harakati faoliyati mamlakatda ta‘qiqlangan ekstrimistik tashkilot ekanidan xabarsiz bo‘lgani va bu tashkilot liderlari so‘zlarini “amri ma‘ruf” deb qabul qilib qo‘l telefonlariga yozib olganini aytgan.

Xatlon viloyatining Qabodiyon tumani O‘zbekiston va Afg‘onistonga chegaradosh va asosan o‘zbek millatiga fuqarolari yashaydigan hudud sanaladi.

Avvalgi yillar bu tumanda “Hizbut-tahrir” ekstrimistik tashkiloti va Mahmud Xudoyberdiyev guruhiga a‘zolikda gumonlanib sudlanganlar oz bo‘lsa-da, qaydga olingan. Ammo bu tumanda O‘zbekiston Islomiy harkatiga a‘zo guruh yoki alohidda shaxs umuman kuzatilmay kelgan.

O‘zbekiston Islomiy harakatining a‘zolari ko‘proq Tojikiston shimolida hibsga olingani aytib kelingan.

Xavfsizlik sohasida mustaqil tahlilchi Amniyat Abdunazarov Qabodiyon tuman fuqarolarining O‘zbekiston Islomiy harakatiga a‘zolikda ayblanayotganini voqelikdan yiroq deb biladi.

- Tojikistonda har gal prezidentlikka saylovlar oldidan hukumat siyosatiga nisbatan boshqacha qarashda bo‘lgan va uzoq muddatli avtoritar tuzumni qabul qila olmayotgan guruhlarga bosim o‘tkazish an‘anaga aylangan. Bu kabi vaziyat Tojikistonning qo‘shnilari O‘zbekiston va Turkmanistonda ham kuzatiladi. Aholi orasida qo‘rquv kayfiyatini kuchaytirish uchun ana shunday bosimlar o‘tkaziladi. Bunday harakatlar respublikamizning o‘zbeklar joylashgan hududlarida ko‘proq kuzatiladi. Menimcha, bunga O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlarining yomonligicha qolayotgani sababdir, deya mulohaza bildiradi mustaqil tahlilchi Amniyat Abdunazarov.

Tojikiston Bosh prokurori muovini Abduqodir Muhammadiyev shu yil yanvar oyi boshida o‘tkazilgan matbuot anjumanida 2011 yil davomida mamlakat huquq -tartibot idoralari 198 nafar terrorchi va ekstrimistni qo‘lga olganini bildirgan edi.

Rasmiyning ta‘kidicha, jinoiy javobgarlikka tortilganlarning yuz nafari O‘zbekiston Islomiy harakati a‘zosidir.
XS
SM
MD
LG