Линклар

O‘zbekiston hamkorlari: Osiyo Taraqqiyot banki


O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov Osiyo Taraqqiyot banki rahbari Xaruxiko Kuroduni mamlakat taraqqiyoti uchun ulkan hissa qo‘shgan shaxslar qatorida ko‘radi.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov Osiyo Taraqqiyot banki rahbari Xaruxiko Kuroduni mamlakat taraqqiyoti uchun ulkan hissa qo‘shgan shaxslar qatorida ko‘radi.

Yakunlangan haftada prezident Islom Karimov farmoni bilan Osiyo Taraqqiyot banki rahbari Xaruxiko Kuroda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Xaruxiko Kurodu va u rahbarlik qilayotgan bank o‘zbek xalqiga qanday buyuk xizmatlar ko‘rsatdi?

Osiyo Taraqqiyot banki (OTB) haqida ma‘lumot


OTB- 1966 yilda tashkil etilgan. Asosan Osiyo va Uzoq Sharq iqtisodi taraqqiyotiga ko‘mak ko‘rsatish maqsadidagi loyihalarni amalga oshiradi. Bank shtab-kvartirasi Filippindagi Manila shahrida joylashgan.

Bank asosan Osiyo davlatlari hukumatlariga qarz beradi. 15 yildan 40 yilgacha beriladigan bitta kreditning o‘rtacha miqdori 15 million dollarni tashkil qiladi.

OTBga 41 ta hududiy va 16 ta hududiy bo‘lmagan davlatlar a‘zo bo‘lgan.

2005 yildan OTBga yaponiyalik Xaruxiko Kuroda rahbarlik qilib keladi.

OTB va O‘zbekiston


Prezident Islom Karimov 16 fevral kuni Toshkentga kelgan OTB rahbari Xaruxiko Kurodaga Oqsaroyda “Buyuk xizmatlari uchun” ordenini topshirar ekan, mazkur bank ayni paytda O‘zbekistonda 35 ta qo‘shma loyihani amalga oshirayotganini ta‘kidlab o‘tdi. Prezidentning aytishicha, mazkur loyihalar qiymati 8,6 milliard AQSh dollariga teng. OTB loyihalarning 3, 8 milliard dollarlik qismini moliyalashtiradi.

Ma‘lumotga ko‘ra, OTB O‘zbekistonning maorif sohasini isloh qilishga alohida e‘tibor qaratmoqda. Bu maqsad uchun OTB O‘zbekistonga 1995 yildan beri 300 million dollar miqdorida qarz bergan.

OTB va O‘zbekiston hamkorligining eng muhim bosqichi O‘zbekiston orqali Afg‘onistonga elektr energiyasi sotish loyihasini amalga oshirish bo‘ldi. Mazkur loyiha doirasida O‘zbekiston yil sayni Afg‘onistonga 1,2 millard kilovatt/soat elektr energiyasi sotmoqda. Bundan tashqari “O‘zbekiston temir yo‘llari” ko‘magida Afg‘oniston tarixida birinchi marta qurilgan Xayraton-Mazori Sharif temir yo‘lini ham OTB moliyalashtirgan.

O‘tgan yilning sentyabrida OTB O‘zbekistonga investitsiya loyihasi asosida qishloq joylarida turar -joy binolarini qurish dasturi uchun 200 million dollar ajratish haqida qaror qabul qilgan edi.

OTB va O‘zbekiston hamkorligi kelajagi


Osiyo Taraqqiyot banki prezidenti Xaruxiko Kuroda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlanishi ortidan O‘zbekistonga 508 million dollarlik kredit va‘da qilindi. Mazkur qarz umumiy qiymati 950 million dollarni tashkil qilgan 4 ta loyiha doirasida beriladi.

Bundan tashqari OTB Surgil gaz koni bazasida Ustyurt gaz xo‘jalik kompleksi qurilishini moliyalashtirishda ham ishtirok etmoqda. Mazkur qurilishga jami 400 million dollar mablag‘ talab qilinadi. Aytib o‘tish kerakki, bu kompleks qurilishi O‘zbekistondagi eng katta loyiha hisoblandi.

OTB Toshkentda Quyosh energiyasi xalqaro ilmiy- tadqiqot instituti tashkil etishini ham moliyalashtirmoqchi. Bu borada 16 fevral kuni O‘zbekiston va OTB shartnoma imzolagan.

O‘zbekiston 1995 yilda Osiyo taraqqiyot banki a‘zosi bo‘lgan.
XS
SM
MD
LG