Линклар

logo-print
O‘shga qilgan xizmat safari davomida Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambayev “O‘sh voqealarini uyushtirganlarga yetakchilik qilgan Qodirjon Botirovning mulkini o‘z nomiga o‘tkazib olgani ham Solijon Sharipovning voqeaga aloqasi borligiga dalildir”, - deb bayonot bergani to‘g‘risida Ozodlik radiosi Qirg‘iz xizmati xabar qildi.

O‘shda talabalar bilan uchrashuv chog‘ida prezident Atambayev jumladan bunday degan:

- Qodirjon Botirovga qarashli mulkning bir qismi kosmonavt Solijon Sharipovning nomiga o‘tkazilibdi. Sharipov o‘tgan saylovda kimlarni tashviqot qilganini bilasizlar. Qirg‘izistonni bo‘laman, u qilaman, bu qilaman, degan kishini tashviqot qilib yurdi. 2010 yili ham shunday bo‘lgan. Bular o‘z maqsadlari uchun janubnigiga emas butun Qirg‘izistonni yo‘q qilib yuborishga tayyor odamlardir. Bundaylar ko‘p. Hammasini tekshiramiz. Menga ishonavering.

Qirg‘iz xizmatining xabar qilishicha, Qodirjon Botirov bilan Solijon Sharipov o‘rtasida aloqalar borligi to‘g‘risida Qirg‘iziston Bosh prokurori Aida Salyanova 2 fevral kuni mamlakat parlamentida qilgan chiqishida ham gapirgan.

Lekin kosmonavt Botirovga qarashli mulkning qanchasiga egalik qilayotgani to‘g‘risida aytilgan emas.

O‘ziga qarashli mulkning bir qismi kosmonavt Sharipov nomiga rasmiylashtirilgani to‘g‘risida Qodirjon Botirov Ozodlik radiosiga bergan intervyusida aytgan edi.

Qirg‘izistondagi mahkama yanvar oyi oxirida o‘zbek jamoasi yetakchisi Qodirjon Botirovga nisbatan bir umrlik qamoq jazosi tayinlash haqidagi avvalgi sud hukmini o‘z kuchida qoldirgan.

Qirg‘iziston janubidagi Jalalobod shahri mahkamasi O‘zbek milliy-madaniy markazi rahbari bo‘lgan Botirovni milliy nizolarni "uyushtirish"da aybdor deb topib, sirtdan bir umrlik qamoq jazosiga hukm etgan edi.

Mahkama, shuningdek, unga tegishli mol-mulkni musodara etish qarorini chiqargandi.

Shvetsiyadan siyosiy boshpana olgan Qodirjon Botirov o‘ziga qo‘yilgan aylovni rad etib kelmoqda.
XS
SM
MD
LG