Линклар

logo-print

Qirg‘iz taksichisi o‘limiga milliy tus berilmoqda


Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Kursan Asanov O‘shda yig‘ilgan norozilarga o‘ldirib ketilgan qirg‘iz millatiga mansub taksi haydovchisi qotillari o‘zbeklar emasligini tushuntirmoqda.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Kursan Asanov O‘shda yig‘ilgan norozilarga o‘ldirib ketilgan qirg‘iz millatiga mansub taksi haydovchisi qotillari o‘zbeklar emasligini tushuntirmoqda.

O‘sh shahar markaziy maydoniga yig‘ilgan 200 kishi qirg‘iz millatiga mansub taksi haydovchisi Ernis Mashrapovning o‘limiga o‘zbeklar aloqadorligini iddao qilishdi.

17 fevral kuni O‘sh shahar markaziy maydoniga yig‘ilgan ikki yuzga yaqin norozilar o‘ldirib ketilgan taksi haydovchisi Ernis Mashrapovning o‘limi milliy xarakterga ega ekanini, negaki o‘lgan odam qirg‘iz, ayblanuvchi tomon esa o‘zbek millatiga mansubligini iddao qilishdi.

- U 5 fevral kuni kunduzgi soat 10da ketgan. Kechki soat 10da men telefonda gaplashganman “ Hozir kelaman, aka” degan. Shundan keyin bedarak yo‘qoldi. Uni o‘zbeklar o‘ldirgan. Avvaliga o‘ldirganlikda gumonlanib qo‘lga olinganlarning ikkisi ham tojik deb aytishdi, hozir esa biri tojik, biri qirg‘iz millatiga mansub deyishayapti. Qirg‘iz emas, ushlanganlarning ikkalasi ham o‘zbeklar, - dedi marhumning akasi Meerimbek To‘ro‘bekov.

O‘sh viloyati Oloy tumanida istiqomat qiluvchi Ernis Mashrapovni noma‘lum shaxslar o‘ldirib, Aravon tumanidagi Janubiy Farg‘ona kanaliga tashlab yuborishgan. Mashrapovning jasadi oradan 4 kun o‘tib topilgan.

O‘sh shahar ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Zamir Sidiqovga ko‘ra, hozirda Mashrapov o‘limiga aloqadorlikda gumonlangan ikki shaxs qo‘lga olingan. Biroq Zamir Sidiqov qo‘lga olinganlarning qaysi millatga mansubligini ma‘lum qilmadi:

- Tergov manfaatlaridan kelib chiqqan holda biz jinoyatchining millatini oshkor qilolmaymiz. 2010 yilgi voqealardan keyin esa umuman aytmaydigan bo‘lganmiz. Jinoyatchi millatiga qaramaydi. Har bir millatning yaxshi odamlari ko‘p, biroq afsuski ularning orasida yomon odamlar ham bor. Besh qo‘l baravar emas, - dedi Zamir Sidiqov.

Bishkekdagi “Akipress” agentligining O‘sh bo‘limi tarqatgan xabarga ko‘ra, Mashrapov o‘limi yuzasidan qo‘lga olinganlardan biri qirg‘iz millatiga mansub M. Urinovdir. U 2005 yilda odam o‘ldirganlikda ayblanib, 19 yilga qamoq jazosiga hukm qilingan. Qo‘lga olinganlarning yana biri tojik millatiga mansub S. Babayevdir.

Aytish joizki, 17 fevral kungi norozilik namoyishi ishtirokchilari so‘nggi paytlarda O‘shda taksi haydovchilarini o‘ldirib ketish hollari ko‘p bo‘layotganini, bu voqealarda asosan qirg‘izlar jabr ko‘rayotganini aytishdi:

- Bir oyda 4-5 o‘lim bo‘ldi. Barcha o‘lganlar taksistlik qilayotgan qirg‘iz yigitlaridir. Nega faqat qirg‘iz yigitlari o‘ladi? Nega o‘zbeklarning burni ham qonamaydi? Biz, agarda shunday davom etaversa, iyun voqeasi qayta boshlanadi deyapmiz. Bu yerda atayin tuzilgan tashkilot ishlayapti. Bu Botirovning qilayotgan ishidir. Nega bo‘lmasa o‘zbek taksistlar o‘lmaydi-yu, faqat qirg‘izlar o‘ladi, - dedi norozilik namoyishidan ishtirokchilaridan biri O‘so‘rbay Tuquyev

Norozilik namoyishi ishtirokchilari bilan uchrashgan Qirg‘iziston Ichki ishlar vazinining o‘rinbosari Kursan Asanov, 2010 yilda sodir bo‘lgan O‘sh voqealaridan so‘ng odamlar har bir jinoyatga milliy tus beradigan bo‘lib qolishgan, degan fikrda:

- Avval ham odam o‘ldirish hollari bo‘lgan, bezorilik qilingan, ikki millat vakillari bilyard o‘ynaganda talashib ketgan yoki taksistlar o‘zaro yo‘l talashgan hollar bo‘lgan. Biroq iyun voqeasidan keyin odamlar bunday hollarga boshqacha ko‘z bilan qarab, unga milliy tus berilmoqda,- dedi Kursan Asanov.

Ma‘lum bo‘lishicha, Mashrapov yaqinlari 17 fevral kuni O‘shga ish safari bilan borgan prezident Atambayev o‘tishi mo‘ljallangan yo‘lini to‘sishgan. Biroq kuch tizimi xodimlari yo‘lni ochishgan. Shundan keyin norozilarni O‘sh shahar hokimi Melis Mirzaqmatov, O‘sh shahar ichki ishlar boshqarmasi rahbari Suyun Umurzakov va ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Kursan Asanov qabul qilgan.

Zamir Sidiqov 18 fevral kuni Ozodlik bilan suhbatida, O‘sh shahrida vaziyat barqarorligini, odamlarning tashvishlanishiga asos yo‘qligini ma‘lum qildi.

- Ikki millat vakillari o‘rtasida minglab yaxshi ishlar qilinmoqda. Bozorlarda aralashib yurishibdi, biz o‘zbeklar yopgan somsani yeyapmiz, ular qirg‘izlarning to‘ylariga kelishayapti. Shu ishlarning orasida bo‘lgan bir miting ikki millat munosabatiga salbiy ta‘sir etolmaydi. Bunga e‘tibor bermaslik lozim. Ikki millat vakillari o‘rtasida sodir etilgan jinoyatlar bundan avval ham bo‘lib kelgan, jinoyatchilikning chegarasi ham. millati ham yo‘q, - dedi Zamir Sidiqov.
XS
SM
MD
LG