Линклар

Tojikistonda 82 yildan beri nashr etib kelinayotgan yana bir o‘zbek gazetasining nomi tojikchalashtirildi.

Spitamen tuman hokimiyati mas‘ullaridan biri Hofizi Umedjon Haydarzodaning Ozodlikka ma‘lum qilishicha, “Xalq so‘zi” gazetasi respublika Madaniyat vazirligi buyrug‘i bilan tojikcha nom oldi. Gazetaning yangi nomi, rasmiyning aytishicha, “Payyomi Spitamen” ( “Spitamen xabarlari” - tahr,.).

- Bundan ikki yil avval Madaniyat vazirligidan hukumat gazetasining nomini “Davlat tili to‘g‘risidagi” qonunga moslashtirish borasida topshiriq olgan edik. Undan tashqari bu gayezta kelgusi sonlaridan boshlab 50x50, ya‘ni ikki sahifasi o‘zbekcha, ikki sahifasi tojik tilida nashr qilinadi, - deya bildirdi Spitamen tuman hokimi muovini Haydarzoda.

1930 yilning 7 noyabridan chop etila boshlangan mazkur ro‘znoma, Spitamen tuman hokimiyati nashri sanaladi va u davlat tomonidan moliyalashtiriladi.

“Xalq so‘zi” ro‘znomasi shu kungacha faqat o‘zbek tilida nashr qilinib kelgan. Ammo So‘g‘d viloyatining Ayniy va Mastchoh tumanlari aholisi o‘tgan asrning 80- yillari boshida Spitamen tumaniga ko‘chib o‘tganidan so‘ng gazetadagi ayrim maqolalar tojikchaga o‘grilgan.

Spitamen tumanida, rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, taxminan 200 ming aholi yashaydi va uning 80 foizini o‘zbeklar tashkil qiladi.

Shunday bo‘lsa-da, endlikda mazkur nashr tojikcha nom olish bilan birga undagi maqola va xabarlarning teng yarmi tojik tilida bo‘ladi.

Mavzu yuzasidan “Xalq so‘zi” gazetasi bosh muharriri Zulayxobonu G‘oyibnazarovaga sim qoqdik.

-Ha, shunuqa bo‘lib qoldi. Mushtariylardan xat tushgandi, shuni ko‘rib chiqib, shu nomni qo‘ydik. Ikita sahifasi o‘zbekcha, ikkita sahifasi tojikcha chiqadi endi, - der ekan G‘oyibnazarova xonim: “gazeta nomining tojikchaga o‘grilishidan hech kim norozi emas” ligini qo‘shib qo‘ydi.

Bosh muharrirning bildirishicha, hukumat nashri bo‘lgan bu ro‘znoma haftada bir marta 2100 nusxada chop etiladi.

Spitamen tumanida yashovchi Rayhonaning aytishicha, o‘z sahifalarida ko‘pincha hukumat faoliyati va mahalliy amaldorlarga tahsin aytgan bu nashrga aksariyat o‘qituvchilar, davlat xodimlari obuna bo‘lgan. “Oddiy odamlar esa xalq dardini ko‘proq yoritayotgan mustaqil nashrlar bilan qiziqadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, gazetaning tojikcha nom olishiga hech qanday munosabat bildirmayapti”, dedi Rayhona o‘zaro suhbatda.

So‘nggi bir necha yil davomida Tojikistondagi o‘zbek sinflari va maktablari tojiklashtirilishi ortidan bu mamlakatdagi o‘zbekcha nomi bo‘lgan tumanlar, mahalla va qishloqlarga ham tojikcha nom berila boshlandi. Rasmiylar buni “Davlat tili to‘g‘risidagi” qonunni amalda tadbiq qilish”, deya izohlaydi.

Biroq mustaqil tahlilchilar esa bu tadbirlarni “O‘zbekiston bilan aloqalari zaiflashgan Tojikiston hukumatining tojiklashtirish siyosati” o‘laroq ta‘riflaydilar.

Bundan avvalroq ham So‘g‘d viloyatida hukumat nashri sanalgan yana bir nechta o‘zbek tilli gazetaga tojikcha nom berilib, o‘sha nashrlarning ham teng qismi tojik-fors tilida chopdan chiqa boshladi.

“Proletar tongi” gazetasi nomi “Iqbol” ga, “So‘g‘d haqiqati” “Haqiqati So‘g‘d”ga, “Qadriyat” “Huviyat” ga, “So‘g‘d yulduzi” esa “Axtari So‘g‘d” ga almashtirildi.
XS
SM
MD
LG