Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:23

Twitter: Medvedev millionerga aylandi


Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevning Twitter mikroblog xizmatidagi sahifasiga obuna bo'lganlar (folloverlar) soni bir millionga yetdi. Bu ramziy ko'rsatgich 18 fevral kuni qayd etildi.

Million obunachiga ega bo'lganini Medvedevning o'zi "tvit" orqali xabar qildi. O'z tvitida prezident mushtariylariga online muloqot uchun tashakkur izhor etib, 2010 yilning iyun oyida Twitter shirkatining AQShdagi bosh qarorgohida tushgan suratini chop etdi.

- Boshlanishi shunday bo'lgan edi. 2010 yilning iyun oyi. Twitter qarorgohida. Bugun esa menga 1000 000-o'quvchi obuna bo'ldi. Muloqot uchun rahmat!, - deyiladi Dmitriy Medvedevning Twitter saytidagi blogida.

Medvedev Twitterga qachon va nega qo'shilgan?


Rossiya prezidentining Twitterdagi ilk sahifasi @KremlinRussia nomi bilan 2010 yilnig 23 iyunida Twitter shirkatining Kaliforniya shtatidagi qarorgohida Medvedevning bevosita ishtirokida ochilgan edi. Biroq keyinchalik bu sahifa @MedvedevRussia'ga o'zgartirildi va rasmiy sahifadan shaxsiy sahifaga aylandi. U yerda prezident kundalik hayotiga oid xabarlar va suratlar chop etiladi. Rasmiy xabarlar uchun esa Medvedev eski nom bilan (@KremlinRussia) yangi sahifa ochgan.

Tvitterchilar reytingini tuzadigan "Yandex" saytiga ko'ra, Medvedevning shaxsiy Twitter sahifasi mashhurligi bo'yicha Rossiyada 32-o'rinda. Aynid damda rossiyalik eng mashhur tvitterchilar reytingida taniqli teleboshlovchi Kseniya Sobchak yetakchilik qilib kelmoqda.

Aksar Interney tahlilchilariga ko'ra, prezident Medvedev Rossiya tarixida ijtimoiy tarmoqlarda faol ish yuritgan va ular orqali o'zini unumli reklama qilgan birinchi prezident kabi qolishi aniq. Chindan ham, u rossiyalik siyosatchilar orasida birinchilardan bo'lib Twitter, Facebook, VKontakte kabi tarmoqlarda o'z sahifalarini ochgan edi.

Biroq "Medvedevning shaxsan o'zi ushbu sahifalarda yozadimi?" savoliga tayin javob berish mushkul. Ayrim rossiyalik Internet foydalanuvchilariga ko'ra, Medvedevning jamoatchilik va matbuot bilan aloqa qilish bo'yicha bo'limida SMM (Social Media Marketing) mutaxassislari bor va aynan ular prezidentni ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilish bilan shug'ullanishadi.

O'zbek siyosatchilari Internetda faolmi?


Rossiyadan farqli o'laroq, O'zbekistonda siyosatchilar Internetdagi ijtimoiy tarmoqlardan ancha yiroq. Bosh vazir Sahvkat Mirziyoyevga tegishliligi aytilayotgan Facebook sahifasi esa kim tarafidan olib borilayotganligi haligacha noaniq qolmoqda.

Afsuski, o'zbek siyosatchilarining birontasi ham jamoatchilik bilan aloqa o'rnatishda qulay bo'lgan Twitter saytidan foydalanmaydi. Ayni damda Twitterdagi eng faol va taniqli o'zbekistonlik foydalanuvchi prezident Islom Karimovning to'ng'ich qizi Gulnora Karimovadir. Bugunga kelib @GulnaraKarimova sahifasida 7 mingga yaqin obunachi bor. Karimova Twitterdagi sahifasida asosan kundalik hayotiga oid yangiliklar haqida xabar yozadi va o'z obunachilari bilan tez-tez ikki tomonlama muloqotga kirib turadi.

Twitter mikroblog xizmatining o'zbekistonlik Internet foydalanuvchilari orasidagi mashhurligi kun sayin ortib bormoqda. O'zbekistondagi yirik mobil operatori Beeline ishga tushirgan Twitter saytiga SMS orqali xabar qo'yish xizmati ham bunga dalil bo'lishi mumkin.

Internet foydalanuvchilari soni 8 millionga yetgani aytilayotgan O'zbekistonda siyosatchilarning Internetdagi qulay asboblardan foydalanmasligi esa bugungi kunda ajablanarli holatdir.
XS
SM
MD
LG