Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:02

Sariosiyoda bir kunda o‘ttiz dindor hibsga olindi


Surxondaryoning Sariosiyo tumanidagi O‘zbekiston qishlog‘ida bir kunda o‘ttizdan ziyod dindor hibsga olindi.

Joriy yilning 8 fevral kuni kechasi soat to‘rtda Sariosiyo tumani O‘zbekiston qishlog‘ida MXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reyd natijasida o‘ttizdan ziyod odam hibsga olingan.

Hibsga olinganlar orasida “G‘alaba” mahallasida yashovchi 27 yoshli Iskandar Nurov ham bor.

Bu haqda Iskandarning otasi 56 yoshli Nusratilla Nurov Ozodlikka ma‘lum qildi.

- Kechasi to‘rtda hovlimizni qurollangan guruhlar bosdi. Kimligini aytmaydi. Hujjatini ko‘rsatmaydi. Familiya, nomi yo‘q ularning. “Keyin bilib olasan” deydi, tamom. Uyni tintuv qildilar. Disklarni, Qur‘on kitoblarni olib ketdilar. Qurollangan shaxslar, hammasining qo‘lida avtomat. “Nima qilasan?” Bizni otasanmi?” dedik. “Yo‘q, otmayman” dedi. “Otmasang kunduz kuni borardikku o‘zimiz. Povestka bersang ham borardik. Nega bunday sharmanda qilding? Bolalar hech ish bilan shug‘ullanmas ediku. Shug‘ullangan bo‘lsa, povestka bersang borardikku” desam, “Yo‘q, biz kechasi kelib olib ketishimiz kerak” deyishdi bizga,- deydi Nusratilla Nurov.

Nusratilla Nurovga ko‘ra, 8 fevral kungi reyd natijasida uning o‘g‘lidan tashqari uch ukasi - Sayfullo, Sa‘dullo, Abdullo hamda qo‘shnilari Xojiakbar Davlatov, Inoqxoji Suvonovlar ham hibsga olingan.

Nurovning aytishicha, hozirgacha yaqinlarining qayerda ekanligi va nima sababdan hibsga olingani haqida ma‘lumot berilmayapti.

- Buni biz bilmayapmiz. Prokurorga borsak, “sanktsiya bergani yo‘q” deydi. Xatlar bilan murojaat qilsak, javob yo‘q. Kimga borishimizni bilmaymiz. Hozirgacha bilmaymiz qayerda ular, taqdiri nima bo‘ldi. Faqat qishloq ahlidan bir necha kishini olib borib ikki-uch kunlab so‘roq qilib, urib jo‘natib yuboradi. Ular kelgandan keyin “Ular o‘lmasdan chiqsa ham yaxshi. Urib-urib bo‘yniga qo‘yayaptilar” deydi. Yo‘q narsalarni ham bo‘yniga olayapti deydi majbur bo‘lib. Ko‘pini urib-urib hamma joyini jarohatlantirib bergan. Hozir endi davolanayapti ular,- deydi Nusratilla Nurov.

Sariosiyodagi ommaviy hibslar bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganayotgan O‘zbekiston huquq himoyachilari tashabbus guruhining rahbari Sur‘at Ikromovga ko‘ra, ushlanganlarning barchasi namozxon bo‘lib, ular hozirda Surxondaryo viloyat MXX boshqarmasiga qarashli hibsxonada saqlanmoqda.

- O‘sha kunning o‘zida umuman 30tadan ko‘p odam qo‘lga olinib, Termizga MXXning tergov izolyatoriga olib borilgan. Bu hozir bitta tuman, bitta qishloqdan. Bular hammasi namozxon bo‘lgan. U yerga borganda, mana shu sakkizinchida olib borgan bo‘lsa, to‘qqizinchida bir nechtasini qo‘yib yuborib, oltitasini qoldirgan. Ularning gaplari bo‘yicha ularning hammasi juda ham qattiq qiynoqqa uchratilgan. Bularning ustidan qandaydir kompromat materiallar yig‘ish harakatini qilishgan. Bularning nimaga ayblangani hozircha noma‘lum bizlarga. Nimagaki advokatlar hozircha qo‘yilmayapti u yerga,- deydi Sur‘at Ikromov.

O‘zbekistonda diniy motivlar bilan ommaviy hibsga olish odatiy ko‘rinish kasb etgan.

O‘tgan yilning 28-31 dekabr kunlari oralig‘ida Namangan viloyati Kosonsoy shahrida 30 dan ortiq kishi diniy-siyosiy motivlardagi jinoyatlarda gumon qilinib, hibsga olingan edi.

27 dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi hukmiga ko‘ra, diniy motivlar bilan javobgarlikka tortilgan 11 nafar dindor 3 yildan 6 yilgacha bo‘lgan muddatlarga qamaldi.

O‘tgan yilning noyabri oyi so‘nggida Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi Ko‘makay posyolkasining bir mahallasida yashab kelgan yigirmaga yaqin yosh dindor yigit hibsga olingan edi.

Sentyabr oyida Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida 17 dindor "vahhobiylik"da ayblanib ushlangan edi.
XS
SM
MD
LG