Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:50

Toshkentlik sudya pora bilan ushlandi


Toshkent shahar sudi sudyasi Farhod Yigitaliyev poraxo‘rlikda ayblanib hibsga olindi.

Joriy yilning 16 fevral kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudi sudyasi Farhod Yigitaliyev pora olayotganda hibsga olingan.

Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan toshkentlik advokatga ko‘ra, Yigitaliyev mahalliy fuqarodan bir million so‘m miqdorida pora olayotgan vaqtida Milliy xavfsizlik xizmati tezkor guruhi tomonidan hibsga olingan.

Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudi xodimi Yigitaliyevning hibsga olinganini tasdiqlamadi.

O‘zini tanishtirishni istamagan sud xodimiga ko‘ra, Farhod Yigitaliyev hozirda kasallik ta‘tilida bo‘lib, yaqin orada u ishga chiqmaydi.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, Yigitaliyev hozirgi kunda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga qarashli 64/1-sonli tergov izolyatorida saqlanmoqda.

Unga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilayotgani aytilyapti.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, 50 yoshli Farhod Yigitaliyev O‘zbekiston Oliy sudining sobiq raisi Sodiqjon Yigitaliyevning yaqin qarindoshi bo‘lgan. Yigitaliyev Toshkentda "Nurchilar" diniy oqimiga mansub dindorlar ustidan o‘tkazilgan mahkamalar orqali tanilgan. Shahar sudida "Nurchilar" bilan bog‘liq ishlarni asosan Yigitaliyev ko‘rib chiqqani aytilmoqda.

2009 yilning 26 fevral kuni Yigitaliyev “Irmoq” jurnali va “Etti iqlim” gazetalari tahririyatining 5 nafar xodimiga nisbatan 8 yildan 12 yilga qadar bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.

O‘zbekistonda keyingi yillarda sudyalarning aynan pora bilan hibsga olinish holatlari tez-tez uchrayotgani kuzatilmoqda.

O‘tgan yilning kuzida Jizzax viloyat Jinoyat ishlari bo‘yicha sudining raisi M. Shukurullayev, Zarbdor tuman Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi raisi O‘tkir Abdullayev pora bilan qo‘lga olingan edi.

O‘tgan yilning oktyabrida Farg‘ona viloyatidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha Rishton tumanlararo sudyasi Sulaymon Akbarov mashina oldi-sotdisi bo‘yicha sudga oshirilgan ishni hal qilish evaziga pora olayotgan payti hibsga olingan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax shahar tumanlararo sudining sudyasi Yusuf Kamolov pora olayotgan paytda milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olingan edi.

Yaqinda Toshkent shahar Yakkasaroy tuman fuqaroviy ishlar bo‘yicha sudi sudyasi 25 yoshli Doniyor Po‘latov 200 AQSh dollari miqdorida pora olayotgan paytda Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlangan edi.

O‘tgan yilning yozida Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanlararo fuqaroviy sudi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Xolmuhammad Otaxonov pora olganlikda ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortilish va qamoqqa olinishdan qochib, yashiringani xabar qilingan edi.
XS
SM
MD
LG