Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:23

O‘zbekistondan chiqadiganlar ustidan nazorat yana kuchaydi


Avikassalar hozircha yangi biometrik pasport haqida so‘ramayotgan bo‘lsada, ammo pasportning propiska haqidagi to‘rtburchak tamg‘asi yonida IIVning yana bitta yumaloq tamg‘asi bo‘lishini talab qilmoqda.
Avikassalar hozircha yangi biometrik pasport haqida so‘ramayotgan bo‘lsada, ammo pasportning propiska haqidagi to‘rtburchak tamg‘asi yonida IIVning yana bitta yumaloq tamg‘asi bo‘lishini talab qilmoqda.

Toshkentdagi avikassalar yo‘lovchilar pasportida qidiruvda bo‘lmagani aks etgan maxsus tamg‘a bo‘lishini talab qilmoqda.

Toshkentdagi bir qator aviakassalar bilan suhbatlarimizdan ma‘lum bo‘lishicha, so‘nggi ikki oydan beri aviachipta olmoqchi bo‘lgan yo‘lovchilardan pasportida qo‘shimcha tamg‘a bo‘lishi talab qilinmoqda.

Bu tamg‘a O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan urilmoqda.

- Pasportda propiskasi urilgan betda to‘rtburchak pechat turadi. Ana shu propiska pechatini yoniga yana bitta dumaloq pechat bo‘lmasa, bilet sotmayapmiz. O‘zingizni propiskangiz bo‘yicha OVIRga borasiz, o‘shatda shunaqa pechat urib berishadi, - deydi Toshkentdagi xususiy avikassalardan birining xodimi.

Chipta sotuvchilari so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, "O‘zbekiston havo yo‘llari" aviakompaniyasining ichki ko‘rsatmasiga binoan bajarilayotgan talabdan maqsad O‘zbekistondan chiquvchilar ustidan nazoratni kuchaytirishdir.

- Shu endi qidiruvda yo‘q, degan pechatda endi bu tushunishimcha. Shunaqa deyishyapti. Uni olish uchun kutib o‘tirmaysiz. OVIRga borasiz, navbatsiz shundoq pasportingizni berasiz, bir sekundda kompyuterga soladi, urib berishadi, tamom, - deydi Toshkent shahridagi xususiy aviakassa xodimi.

Yana bir necha chipta sotuvchi xususiy shirkatlarning xodimlaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, bunday yumaloq tamg‘a nafaqat "O‘zbekiston havo yo‘llari", balki O‘zbekiston fuqarolarini tashuvchi barcha xorij kompaniyalariga nisbatan qo‘yilmoqda.

- Shu Toshkentdagi aeroportdan chiqayotganingizda tekshirishadi-da, agar u yerdan muammo chiqsa, yo‘lovchiga ham muammo, bizga ham. Shuning uchun, biz ham qattiq tekshiryapmiz, shu pechat bo‘lmasa bilet sotmayapmiz hozir. Oldin ham bor edi shunaqa tartib, lekin qattiq surishtirishmasdi, - deydi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda yana bir xususiy aviakassa rahbari.

O‘zbekistondan xorijga otlanayotgan fuqarolar ustidan bu qo‘shimcha xavfsizlik chorasi nega qo‘llanayotgani va nega aynan so‘nggi ikki oydan buyon qo‘llanayotgani sabablari haqida hozircha rasmiy ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

"O‘zbekiston havo yo‘llari" shirkati mutasaddilaridan birining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, chipta savdosida yo‘lovchilarning pasporti ustidan nazorat hamisha qattiq bo‘lgan va chiptaxonalar bunga qat‘iy ravishda amal qilgan.

Ammo, kuni kecha O‘zA agentligi shirkatning bosh idorasida aynan chipta sotuvidagi sovuqqonlik hamda qonunbuzarliklar haqida maxsus yig‘in bo‘lgani, unda mavjud qonunbuzarliklar ustidan 85 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgani tilga olingani xabar qilindi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, shu kunlarda aviachiptalar sotuvi chog‘ida yo‘lovchilar pasportining avikassalar tomonidan tekshirilishi chog‘ida ko‘proq chiqish vizalari muddati va fuqarolarning mamlakatdan chiqishiga oid pasportga qo‘yiladigan tamg‘alar ustidan nazoratda e‘tiborsizlikka yoki qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilgan.

"O‘zbekiston havo yo‘llari" shirkati kassasidagi xodimlardan birining aytishicha, bunaqa nazorat har doim bo‘lgan va hozirgi tekshiruvlar yil boshidagi odatiy jarayondir.

- Biz pasportga har doim qattiq qaraymiz. Ertaga bizning bilet bilan chegaraga borsangizda, u yerdan pasport muddati tugagan, chiqish vizasi tugagan, degan gap bilan ushlansangiz bizga yomon bo‘ladiku, tekshiramizda konechno, - deydi Toshkent shahridagi avikassa xodimi.

Shuningdek, xususiy kassalardan yana birining xodimi so‘zlariga ko‘ra, hozir sotilayotgan chiptalarning narxi ham nazorat qilinmoqda.

- Misol uchun, hozir aeroportda biletni qanchaga olganiz, debam so‘ralyaptida. Agar 700 ming so‘mlik biletni 710 yoki 720 ming so‘mga sotgan bo‘lsak, bizmi yoki boshqa kassami, shuyam aniqlansa, kassa ertasi kundan yopilyapti, - deydi Toshkentdagi xususiy aviakassa xodimlaridan biri.

Aviakassalar xodimlari bilan suhbatlardan ayon bo‘lishicha, O‘zbekiston ichkarisida viloyatlararo parvoz qilayotgan yo‘lovchilarning pasportlarida ham IIVning yumaloq tamg‘asi bo‘lishi shart.

Boshqacha aytilsa, O‘zbekiston zaminidan turib havoga ko‘tarilishni istagan har qanday fuqaro IIVing qo‘shimcha chig‘irig‘idan o‘tgan va shu bilan vazirlikning maxsus ruxsatini olgan bo‘lishi shart qilinmoqda.

Ammo, chipta sotuvchilardan biri tez orada bunaqa tartib transportning boshqa turlarida mamlakat ichida harakatlanayotgan fuqarolarga nisbatan ham qo‘llanishi mumkinligiga ishorat qildi.

- Hozir vodiyni perevalidan o‘tayotganlar uchun ham shunaqa pechat bo‘lishi shart aslida. Prosto, hozircha u yerlarda e‘tibor qilinmayaptida, - deydi Toshkentdagi avikassalardan birining o‘zini tanishtirmagan xodimi.
XS
SM
MD
LG