Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:04

D. Medvedev: Islohotlar fursati keldi


Dmitriy Medvedev va 20 feral kungi uchrashuv qatnashchisi Vladimir Rijkov.
Dmitriy Medvedev va 20 feral kungi uchrashuv qatnashchisi Vladimir Rijkov.

Rossiya Prezidenti Dmitriy Medvedevning muxolifat vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Rossiya rahbari o‘tgan yilning 4 dekabrida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari natijalari bekor qilinmasligini bildirdi.

20 fevral kuni Rossiya Prezidenti Dmitriy Medvedev birinchi marotaba muxolifat yetakchilari bilan uchrashdi.

Prezidentning Gorki qarorgohida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Bolotnaya va Saxarov maydonlaridagi mitinglarda o‘z talablarini ilgari surgan muxolifat namoyandalari mamlakatda siyosiy islohotlarni amalga oshirish takliflari bilan prezidentga murojaat qildi.

Prezident Medvedev bilan muloqotda hozirgacha qaydga olinmagan PARNAS harakati raisdoshlari Vladimir Rijkov va Boris Nemtsov, “Rossiya birlashgan mehnat fronti” partiyasi kotibi Sergey Udaltsov, Rossidagi “yashillar” ekologiya partiyasi rahbari Anatoliy Panfilov, “Rossiya ayollari uchun” Xalq partiyasi yetakchisi Galina Xavrayeva, Rossiya Umumxalq ittifoqi raisi Sergey Baburin va boshqalar ishtirok etdi.

Prezident Dmitriy Medvedev yig‘ilishga aynan muxolifatchilarni chaqirgani sabablarini bunday tushuntirdi.

- Bizning siyosiy tizimimiz, albatta, idealdan yiroq va bu yerda ishtirok etayotganlarning aksariyati uni tanqid ostiga, ayrim hollarda qattiq tanqid ostiga oladi. Ayni paytda, uni o‘zgartirish uchun umumiy tasavvurlarga tayanish zarur. Menimcha, bu islohotlarni amalga oshirish vaqti yetib keldi: men so‘nggi 4 yil davomida siyosiy tizimimizning ayrim taraflarini o‘zgartirib keldim. Hozirda, mening fikrimcha, bu islohotlar bilan faolroq shug‘ullanish vaqti yetdi, dedi Dmitriy Medvedev.

Xalq ozodligi partiyasi - PARNAS faoli Vladimir Rijkov Ozodlik bilan suhbatda Dmitriy Medvedev bilan uchrashuv “normal muhitda” o‘tdi, deya ma‘lum qildi.

- 2,5 soatlik muloqotning normal muhitda o‘tganini shu bilan izohlaymanki, u barchamizga o‘z fikrini bildirishga imkon berdi. Medvedevning maqsadi juda sodda va aniq. U o‘zi boshlab bergan siyosiy islohotni davom ettirmoqchi. Gap asosan 4 ta qonun loyihasi ustida ketyapti – partiyalar to‘g‘risida, gubernatorlar, duma va prezident saylovlari to‘g‘risida. U prezidentlik muddati yakunlanmasdan bu qonunlar qabul qilinishiga harakat qilmoqda, dedi Vladmir Rijkov.

Rijkovning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda ko‘tarilgan Rossiyada partiyalarni qaydga olish masalasi yuzasidan chorshanba kuni ishchi guruh allaqachon ish boshlashini ma‘lum qildi.

Shu bilan birga, muxolifat yetakchilari bu uchrashuvni Kremlda jiddiy islohotlar boshlanganidan darak, deya qabul qilmayotganini gapirmoqda.

“So‘l front” muvofiqlashtiruvchisi Sergey Udaltsov “prezident konkret biror narsa gapirmadi, konkret kafolatlar berilmadi”, dedi.

Liberal qarashlarda bo‘lgan PARNASning yana bir yetakchisi Boris Nemtsov Rossiya prezidenti oldida siyosiy mahbuslar masalasini ko‘targanini gapirdi.

- Men Medvedevning islohotlari taqlid xarakteriga ega, deb hisoblayman. Haqiqiy zaruriy islohotlar Bolotnaya va Saxarov maydonidagi talablarda o‘z aksini topgan. Bolotnaya va Saxarov maydoni talablarini men Medvedevga topshirdim. Islohotlar siyosiy mahbuslarning ozod etilishi va qalbaki saylovlarni bekor qilishdan boshlanishi kerak. Birinchi masala bo‘yicha Medvedev hammani bo‘lmasada 37 kishidan iborat siyosiy mahbuslar ro‘yxatidan ko‘pchiligini ozod qilishga tayyor bo‘lishi mumkin, lekin ikkinchi masala yuzasidan u qat‘iy qarshiligini namoyish qildi, dedi Boris Nemtsov.

Siyosiy mahbuslar masalasida Dmitriy Medvedev o‘zi shaxsan ro‘yxatdagi har bir mahbusning ishini qayta ko‘rib chiqishga va‘da berdi. Qo‘shimcha qilish zarurki, bu mahbuslar ro‘yxatga biznesmenlar Mixail Xodorkovskiy va Platon Lebedevlar nomlari ham kiritilgan.

Shuningdek, Dmitriy Medvedev muxolifatchilarning 3 martadan ortiq prezidentlikka nomzod qo‘yilmasligi taklifi ustida yana bir bor o‘ylab ko‘rishini aytdi.

Hozirda Rossiya Davlat Dumasida parlament va gubernatorlar saylovlari hamda partiyalarni qaydga olishni osonlashtirish bo‘yicha qonunga o‘zgartishlar tayyorlanmoqda. Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, Rossiyada siyosiy partiyalarni qaydga olish uchun 500 ta a‘zo bo‘lishi shart. Amaldagi qonunda biror partiya qonuniylashtirilishi uchun 50 mingdan ziyod tarafdorga ega bo‘lishi kerak.
XS
SM
MD
LG