Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:40

Taniqli ulamo Obid qori Nazarovga suiqasd uyushtirildi


Noma‘lum shaxs Obid qorini o‘z uyi ostonasida otib ketgani xabar qilindi.
Noma‘lum shaxs Obid qorini o‘z uyi ostonasida otib ketgani xabar qilindi.

Xabarlarga ko‘ra, Shvetsiyaning Stromsund shahridagi uyi oldida otib ketilgan Obid qori Nazarov og‘ir ahvolda shifoxonada qolmoqda.

22 fevral kuni Shvetsiyaning Stromsund shahrida, mahalliy vaqt bilan soat 13:40 larda taniqli ulamo Obid qori Nazarovga o‘z uyi pod‘ezdida suiqasd uyushtirildi.

Mahalliy shved matbuotida ko‘ra, avvaliga otishma ovozini yosh bolalar eshitib yugurib kelishgan. Politsiya voqea joyidan o‘q otar qo‘rol topilganini aytmoqda.

Obid qori Nazarov yashagan ko‘p qavatli uyning atrofi darhol politsiya tomonidan o‘rab olingan, jinoyatchi izlari iskovich itlar yordamida qidirilgan.

Ozodlikka ismi sir qolishi sharti bilan so‘zlagan manbaga ko‘ra, noma‘lum shaxs Obid qoriga 3 yoki 5 bora o‘q uzgan va voqea joyidan g‘oyib bo‘lgan.

Natijada, imom og‘ir ahvolda Ostersund shifoxonasiga yetkazilgan va murakkab jarrohlik amaliyotidan o‘tkazilgan.

Shifoxonaning Tez tibbiy yordam bo‘limi xodimlari mustaqil manba xabarini qisman tasdiqladi.

Ya‘ni rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Obidxon Nazarov ismli bemor 22 fevral kuni tushdan keyin shifoxonaga keltirilgan va ayni damda ham shifoxonada qolmoqda.

Lekin shifoxona xodimlari bemorning ahvoliga oid birorta ma‘lumot berilmasligini aytdi.

Obid qori yashagan ko‘p qavatli uy.
Obid qori yashagan ko‘p qavatli uy.
Ayni paytda mahalliy matbuotda Obidxon qorining Umeodagi shifoxonaga olib ketilgani va uning hayot uchun xavfli ahvolda qolayotgani aytilmoqda.

Biroq o‘z manbamiz bergan xabarga ko‘ra, amaliyot yaxshi o‘tgan.

- Operatsiya hozirgina tugadi, yaxshi chiqdilar. Insholloh, sog‘ayib ketarlar, duo qilyapmiz, - deydi bu manba.

Ayni kezda Obid qori Nazarovning oila-a‘zolari va yaqinlari bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmayapti.

Mahalliy matbuotga ko‘ra, Obidxon qori Nazarov istiqomat qilayotgan hudud shved politsiyasi va maxsus xizmatlari xodimlarining qattiq nazorati ostida qolayotganini aytmoqda.

Bu manbaning so‘zlariga ko‘ra, hodisaning bevosita guvohlari yo‘q.

- Ammo, qori akani otgan odam o‘zbekmas, deyishyapti. Chunki, qori aka yolg‘iz yurmaydilar va u kishining oldida biror begona paydo bo‘lsa, darrov seziladi. Shunga qaraganda, jinoyatni boshqa millatdagi odam qilgandir, deyishyapti, - deydi Ozodlikning Shvetsiyadagi manbasi.

Bu voqea yuzasidan Ozodlik radiosi darhol Stromsund politsiyasi va mahalliy kommuna rahbariyati bilan bog‘lanishga harakat qildi.

Shahar kommunasi rasmiysi bu haqda hech qanday ma‘lumot bera olmasligini aytdi. Politsiya esa murojaatga hali javob bergani yo‘q. Mazkur ish yuzasidan bugun mahalliy vaqt bilan soat 13:00 politsiya matbuot anjumanini o‘tkazadi. Shvetsiya politsiyasi jinoatchini qidirib topishga yordam so‘rab jamoatchilikka murojaat qildi. Mazkur ish bo‘yicha har qanday ma‘lumotga ega bo‘lgan odamlar +46 (0)72-53085 01 telefoniga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin.

O‘zbekistonda qidiruvda


O‘zbekiston Maxsus xizmatlari o‘z davrida diniy-ma‘rifiy mavzudagi ma‘ruzalari va Qur‘on qiroati bilan O‘zbekistonga tanilgan Obid qori Nazarovni "Vahhobiylik" diniy oqimining mamlakatdagi yetakchisi sifatida ayblagan.

Ayni kezda Shvetsiyada qolayotgan ulamo bu ayblovlarni to‘liq inkor qilib keladi.

Obid qori Nazarov taniqli ulamo bo‘lish bilan birga O‘zbekiston rejimining ashaddiy tanqidchilaridan biridir.

Shu bois, u O‘zbekistonni tark etganidan so‘ng ham uning shaxsiga nisbatan ayblov ruhidagi teleko‘rsatuvlar rasmiy televideniye tomonidan bot-bot taqdim etib kelinmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekistondagi va xorijdagi inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar kuzatuvlariga ko‘ra, hanuzga qadar mamlakatda diniy motivlar asosida o‘tayotgan mahkamalarda uning nomi ashaddiy jinoyatchi sifatida tilga olinmoqda va ko‘plab dindor sudlanuvchilarga bu ulamoga ergashganlik aybi qo‘yilmoqda.

1997 yildan buyon O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati ta‘qibi va tazyiqlari ostida qolayotgan ulamoning 6 farzandi bor va uning to‘ng‘ich farzandi Husniddin Nazarov 2004 yil 16 may kuni o‘g‘irlab ketilgan.

Obid qori Nazarovning o‘zi bu jinoyat ortida O‘zbekiston MXXsi turganini taxmin qiladi.

Bu muhojiratda yashayotgan o‘zbekistonlik siyosiy va diniy arboblarga uyushtirilayotgan birinchi suiqasd emas. 2011 yilning 24 sentyabrida Rossiyadagi uyi oldida otib ketilgan taniqli dindor Fuad Rustamxo‘jayevga uyushtirilgan suiqasddir.

Fuad Rustamxo‘jayev siuqasd natijasida olamdan o‘tgan edi.

Qochqinlik


Obidxon qori Nazarov O‘zbekiston maxsus xizmatlari ta‘qibi ostida 1998 yilning bahorida o‘z uyini tark etgan.

2000 yilda qo‘shni Qozog‘istonga o‘tib, u yerda 2006 yil bahoriga qadar yashirin hayot kechirgan edi. 2006 yilning martida BMTning qochqinlar ishi bo‘yicha oliy komissarligi tomonidan qochqin, deb tan olingan va Shvetsiyadan siyosiy boshpana olgan edi.

Hozir 54 yoshga kirgan Obidxon qori Sobitxon o‘g‘li asli namanganlik.

1980-1984 yillarda Obidxon qori Toshkent Islom oliy ma‘hadida ta‘lim olgan.

1985-1990-yillari Toshkentdagi “Tillashayx” jome‘ masjidida imom noibi, 1990-1996-yillarda esa “To‘xtaboy” jome‘ masjidida imom-xatib sifatida faoliyat yuritgan.

Shuningdek, 1992-1998 yillar davomida Obidxon qori “Ozodlik” radiosining diniy dasturini olib borgan va tinglovchilarni Qur‘oni karim tafsiri bilan tanishtirgan edi.

Ozodlik Obid qori Nazarovga uyushtirilgan suiqasd tafsilotlarini o‘rganishda davom etmoqda va tez orada qo‘shimcha tafsilotlardan sizni yana xabardor qilishga harakat qiladi.
XS
SM
MD
LG