Линклар

Toshkent shahar hokimiyati poytaxt ahlini qiziqtirgan savollarga javob berish uchun har oy “qabul kuni” o‘tkazilishini bildirdi.

“Toshkent” teleradiokanali, “Toshkent oqshomi” va “Vecherniy Tashkent” gazetalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan ushbu loyiha doirasida har oyda bir kun shahar hokimi yoki uning o‘rinbosarlari, tuman hokimlari, boshqarma va tashkilot rahbarlari aholini qiziqtirgan savollarga javob berishadi.

Toshkent hokimiyati rasmiylaridan biri ushbu loyiha fuqarolar bilan davlat idoralari o‘rtasida muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida amalga oshirilayotgannini aytdi.

- “Qabul kuni” deb ramziy ma‘noda aytayapmiz-da. Fuqarolar bilan hokimiyat o‘rtasida qandaydir munosabat bo‘lsin, bitta-yarim odamlarni savollariga javob bersin hokimiyat yoki idora-tashkilot rahbarlari. Ular ham joylardagi muammolarni o‘rgansin, degan mazmunda tashkil qilingan narsa bu,- dedi Toshkent shahar hokimiyati rasmiylaridan biri.

Hokimiyatda dastlabki qabul kuni 29 fevralga belgilangan. Shu kuni Toshkent shahar xalq ta‘limi boshqarmasi boshlig‘i Tohir Matyoqubov qabul kunini o‘tkazib, ta‘lim sohasi, umumta‘lim maktablari, maktabgacha ta‘lim muassasalaridagi ta‘lim sifati, pedagog kadrlar tayyorlash va ularning faoliyati samaradorligini oshirish masalalari, soha xodimlari va fuqarolarning shu mavzuga daxldor bo‘lgan har qanday savollariga javob beradi.

- Shu kuni Xalq ta‘limi bosh boshqarmasini boshlig‘i savollarga javob beradi. Hozir boshlanishi xalq ta‘limi boshqarmasi bilan boshlanyapti. Keyingi muloqot qurilishi mavzusida bo‘lishi mumkin. Bizda reja bor, shu reja asosida navbatma-navbat berib boramiz,- dedi Toshkent shahar hikimiyati rasmiysi.

Toshkentlik huquq himoyachi Yelena Urlayeva fikricha, davlat idoralari fuqarolar bilan bu kabi muloqotni yo‘lga qo‘ygani yaxshi.

- Agar bu chinakam muloqot bo‘lsa albatta. Men, masalan ta‘lim sohasi rasmiylariga nimaga o‘quv mavsumi payti o‘quvchilar dala ishlariga majburlanishi, maktablardagi poraxo‘rlik illatlari, maktab ta‘miri uchun nimaga o‘quvchilar pul yig‘ishi kerak, kabi savollarni bergan bo‘lar edim. Shu savollarni elektron pochta orqali ularga jo‘natyapman, agar muloqot chindan ham muloqot bo‘lsa javob berishsin qani,- deydi huquq himoyachi.

Fuqarolar info@toshkent.uz elektron manziliga yoki Toshkent shahar hokimligi Axborot xizmatining 239-05-48, 233-13-21 telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarni qoldirish mumkinligi aytilgan.

- O‘zingizni qiziqtirayotgan yoki qiynayotgan masala va savolni yozib qoldirishingiz, shu kuni 20:20 dan 21:00 gacha “Toshkent” teleradiokanali studiyasiga o‘rnatiladigan bevosita telefon raqamlari orqali ham murojaat qilishingiz mumkin,- dedi hokimlik rasmiysi.
XS
SM
MD
LG