Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:07

O‘zbekistonda tilla buyumlaridan aktsiz solig‘i undirilmoqda


O‘zbekistonda tillaga xaridorlar uning har grammini 10 AQSh dollariga qimmatroq narxda sotib olmoqda.
O‘zbekistonda tillaga xaridorlar uning har grammini 10 AQSh dollariga qimmatroq narxda sotib olmoqda.

O‘zbekistondagi savdo do‘konlarida sotilayotgan tilla buyumlarga solingan aktsiz solig‘i qiymati har grammga 10 AQSh dollaridan belgilangan.

O‘zbekiston rasmiy matbuotida berilgan xabarlarga ko‘ra, mamlakatdagi chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi zargarlik buyumlari do‘konlarida sotilayotgan tilla buyumlarga aktsiz solig‘i solindi.

2012 yilning 12 fevralida Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangani xabar qilingan qarorga muvofiq aktsiz solig‘i tilla buyumlarini sotuvchi zargarlik do‘konlari, xususiy do‘konlar yoki katta do‘konlardagi zargarlik bo‘limlariga egalik qiluvchi yuridik shaxslardan undirilmoqda.

Soliq esa tilla buyumga yopishtirilgan yorliqda ko‘rsatilgan har bir grammga 10 AQSh dollari miqdorida belgilangan.

Toshkentdagi qator savdo do‘konlari egalari va sotuvchilari bu soliq allaqachon tillaning xardor uchun belgilangan narxida aks etganini aytmoqda.

- Hozir tillaning bir grammi uchun narx 180 mingdan boshlanib, 250-260 mingga qadar. Eng arzoni bu o‘zimizda chiqadigan "585", "583" probali tillada. Shuning grammi 180 ming so‘m bizda,- deydi Toshkent shahridagi zargarlik do‘koni sotuvchilaridan biri.

Toshkent markazidagi yana bir yirik savdo do‘koni egasi esa tillaga aktsiz solig‘i solinishi sabablari ularga qorong‘u ekanini aytdi.

- 10 dollardan soliq solinganidan albatta xabarimiz bor. Lekin nimaga solindi, bilmaymiz. Bu endi tilla narxi 10 dollarga oshdi, deganida. Keyin bu summani xaridordan olamizda baribir,- deydi zargarlik buyumlari sotuvchi xususiy do‘konlardan birining egasi.

Unga ko‘ra, tillaning o‘zbek so‘midagi narxi o‘rtacha 20 ming so‘mga yaqin miqdorda qimmatlagani xaridorlar tomonidan umumiyatla og‘ir olingan, ammo savdo o‘sha-o‘sha.

Ya‘ni, hali-hanuz O‘zbekistonning o‘zida ishlab chiqariladigan tilla buyumlarining savdosi chaqqon.

- Chunki arzon. Keyin buyumlarning ko‘rinishi ham yomonmasda. Bilmasam, biznikilarni qoniqtiradi, olishadi shuni. Ayniqsa, to‘yga ko‘p olishadi. Bizda yana rossiyskiy, italyanskiy tilla bor. Turtsiyadan bor. Hammasi ham yaxshi sotiladi,- deydi tilla buyumlari sotiladigan do‘konlardan birining sotuvchisi.

2012 yilning yanvar oyidan boshlab O‘zbekistonda tilladan tashqari yana spirtli ichimliklar¸ tamaki mahsulotlari va o‘simlik yog‘iga ham aktsiz solig‘i solingan edi.

O‘zbekiston Soliq qo‘mitasidan olingan rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 2012 yilning 1 yanvaridan boshlab spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlariga solinadigan aktsiz solig‘i 15 foizdan 21 foizgacha oshirilgan.

Rasmiylarga ko‘ra¸ bu turdagi mahsulotlarga aktsiz solig‘ining oshirilishi 2012 yil davlat byudjetini tuzishda inobatga olingan.

Iqtisodchilar bilvosita soliqlar tizimiga tegishli bo‘lgan aktsiz solig‘ining 2012 yildan boshlab bir necha tovar mahsulotlariga nisbatan joriy etilishini hukumatning O‘zbekiston byujetiga tushumni oshirish istagi bilan izohlaydilar.

Xuddi shuningdek, rasmiy manbalarda ham O‘zbekistondagi aktsiz soliqlari oshirilishidan davlat g‘aznasiga 2012 yilda 3¸116 trillion so‘m daromad tushishi kutilayotgani va buning 2011 yilgiga nisbatan 15 foizga ko‘p ekani aytilmoqda.

2011 yil davomida ham O‘zbekiston hukumati xorijdan keltiriladigan qator oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, un, sut, go‘sht mahsulotlari va tropik mevalar uchun 100 barobardan 200 barobarga qadar aktsiz solig‘i solgan edi.
XS
SM
MD
LG