Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:47

Insulin zavodi qurilishi to‘xtatildi


O‘zbekistonda qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarga beriladigan insulin dori-vositasini ishlab chiqaradigan zavod qurilishi noma‘lum muddatga qoldirildi.

Shveytsariyaning dori-darmon ishlab chiqaruvchi Ival Pharma shirkati Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida insulin dori-vositasi ishlab chiqaradigan zavod qurilishini loyihalashtirishni o‘tgan yilning aprel oyida boshlagan edi.

“O‘zfarmsanoat” davlat kontsernining matubot xizmati rahbari Jamoliddin Najmiddinovning Ozodlikka aytishicha, zavod qurilishining boshlanmayotganiga Ival Pharma kompaniyasining yetarli sarmoya topolmayotgani sabab bo‘lishi mumkin:

- Bu zavod qurilishi to‘xtatilgan emas, aslida hozircha boshlangani yo‘q. Kelishdi, uchrashdi, birq ancha qog‘ozlarga qo‘k qo‘yildi, lekin hech bir ish qilingani yo‘q. Kompaniyaning bu yerdagi vakolatxonasi ochildi, quriladigan joyga tamal toshi ham qo‘yildi va shu bilan ish to‘xtadi. Menimcha, investorning puli yo‘q. U bu sarmoyani turli xalqaro fondlardan yig‘ib olib kelishi kerak edi. Hozir esa Yevropada krizis avjiga chiqyapti. Hech kim unga pul bermaydi. Qurilishning boshlanmaganiga ana shu sabab bo‘layotgan bo‘lishi mumkin,- deydi Jamoliddin Najmiddinov.

“O‘zfarmsanoat” davlat kontsernining Sarmoya, mahalliylashtirish va zamonaviylashtirish monitoringi bo‘limi mutaxassisi Muxtorjon Jo‘rayev esa zavod qurilishi to‘xtatilganini rad etdi:

- Bu narsa to‘xtatilgani yo‘q, bu narsa loyiha sifatida turibdi hozir. O‘tgan hafta davomida ham muzokaralar olib borildi. Mart oyida kompaniya vakillarining bu yerga kelishi mo‘ljallangan. Hamma narsa belgilangan reja bo‘yicha ketyapti,- deydi Muxtorjon Jo‘rayev.

Bo‘stonliqda barpo etiladigan zavod asosan insulin dori-vositasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Bu zavod besh yil davomida qurib bitkazilishi lozim edi. Zavod bir yilda 25 million kartrij insulin ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Biznes-rejaga ko‘ra, bu zavod nafaqat qandli diabet bilan og‘rigan o‘zbekistonlik bemorlarning insulinga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondiradi, balki kelajakda bu dorining 50 foizini eksport qilish imkoni ham paydo bo‘ladi.

Hozir esa O‘zbekistonga insulin faqat xorijdan import qilinadi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma‘lumotiga ko‘ra, ayni paytda mamlakatda 118 ming kishi qandli diabet tashxisi bilan ro‘yxatga olingan va ular hukumat tomonidan tekin dori bilan ta‘minlanadi.

Biroq so‘nggi oylarda ba‘zi viloyatlarda qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarga insulin yetkazib berilmayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lmoqda.

Jumladan onasi 15 yildan beri qandli diabetning og‘ir turidan aziyat chekib kelaëtgan jizzaxlik Bahodir Ozodlik bilan suhbatda uch oydan buyon insulin uzilib qolganidan shikoyat qilgan edi.

Biroq, Qashqadaryoning Chiroqchi tumanida shifokor bo‘lib ishlayotgan Davlat akaning aytishicha, qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar dispanser ro‘yxatida turadi va tekin dori-darmon bilan ta‘minlanishda uzilish bo‘lgani yo‘q:

- Bizda ta‘minot yaxshi. Hali biror marta bizda uzilish bo‘ldi, degan shikoyatni eshitganim yo‘q. Bir-ikki kunga kechikishi mumkin, lekin bu kasallarning ko‘pligi bilan bog‘liq,- deydi shifokor Davlat aka.
XS
SM
MD
LG