Линклар

2011 yilda O‘zbekistonda 2010 yilga nisbatan 25 foiz ko‘p konyak, 5,6 foiz ko‘proq miqdorda aroq va vino ishlab chiqarildi.

O‘tgan yili O‘zbekistonda 11,3 million dekalitr (1 dekalitr - 10 litrga to‘g‘ri keladi-tahr.) aroq va vino ishlab chiqarildi, bu 2010 yilga nisbatan 5,6 foizga ko‘pdir.

“Podrobno.uz” sayti ma‘lumotiga ko‘ra, konyak ishlab chiqarish 2010 yilga nisbatan 25 foizga ko‘payib, 2011 yilda jami 95,8 ming dekalitr konyak ishlab chiqarilgan.

“O‘zvinosanoat” xolding kompaniyasining o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, mamlakatda spirtli ichimliklar ishlab chiqarish sur‘ati katta.

- Ishlab chiqarish ko‘paygan. Har yili, har kvartalda ko‘payadi bizda ishlab chiqarish. Eksport ham bo‘layapti, ichki bozorga ham sotilayapti,- dedi “O‘zvinosanoat” xodimi.

So‘nggi yetti yil ichida O‘zbekistonda spirtli ichimliklar ishlab chiqarish ikki barobarga ko‘paygan.

Joriy yilda esa uzumni qayta ishlashni yana 1,4 ming tonnaga ko‘paytirish rejalashtirilayapti.

Ayrim manbalarga ko‘ra, keyingi yillarda O‘zbekiston aholisi orasida namozxonlar ko‘payib, ichuvchilar soni kamaygan.

Shuningdek, mamlakatda to‘ylarni spirtli ichimliksiz o‘tkazish holatlari ham kuzatilmoqda.

Biroq “O‘zvinosanoat” xolding kompaniyasi ishlab chiqarish bo‘limining o‘zini tanishtirmagan xodimasiga ko‘ra, o‘zbek to‘ylari spirtli ichimliklar eng ko‘p iste‘mol qilinadigan joylar sifatida qolmoqda va shu bois ham ishlab chiqarish o‘sishda davom etayapti.

- Shusiz to‘y maraka o‘tmasa, shusiz tug‘ilgan kun o‘tmasa, uje spros bo‘layapti naseleniyedan. O‘shanga nisbatan ishlab chiqarish ham ko‘payayapti. Keyin hamma namozxonmasku. Masalan, namozxon bo‘lgani bilan borku o‘shalarning orasida juma namoziga qatnashadi, boshqasiga qatnashadiyu, lekin hech kimga zararim tegmayapti deb o‘zlariga yarasha ichishadi,- deydi “O‘zvinosanoat” xodimasi.

Bugungi kunda mamlakatda aroq- vino mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha 45 ta korxona ishlayapti, ulardan 28 tasi xususiy ekani aytiladi.

“O‘zvinosanoat” - O‘zbekistonda spirtli ichimliklar ishlab chiqaruvchi asosiy shirkat hisoblanadi.

Mazkur shirkatning rasmiy saytida aytilishicha, hozirgi paytda vinochilik sohasi korxonalari tomonidan 22 tadan ortiq shampan va gazlangan vino turlari, 27 xildagi konyak, 425 turdagi likyor-aroq mahsulotlari, 200 ta nomdagi spirt qo‘shilgan, spirt qo‘shilmagan, markali va desert vinolar ishlab chiqarilmoqda.

Bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan spirtli ichimliklarning qancha miqdori ichki bozorda sotilayotgani va qanchasi eksport qilinayotgani haqida aniq ma‘lumotlar yo‘q.

- Alkogol ishlab chiqarish eksportining sal nozikroq joyi bor. Unaqa ma‘lumotni bizlar telefonda ayta olmaymiz,- dedi “O‘zvinosanoat” xolding kompaniyasining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

“O‘zvinosanoat” saytidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, O‘zbekiston spirtli ichimliklari eskportining 60 foizi Rossiya, 30 foizi esa Qozog‘istonga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, o‘zbek arog‘iyu vinosining xaridorlari Qirg‘iziston, Turkiya, Ukraina, Koreya va Turkmaniston hisoblanadi.

O‘zbekiston import qiladigan spirtli ichimliklar miqdorini ham aniqlash imkoni bo‘lmadi.

Biroq do‘st-yorlari orasida “Kayfiy” laqabini olgan jizzaxlik suxbatdoshimizga ko‘ra, “haqiqiy ichuvchilar” uchun import bo‘lishi shart emas.

- Hozir aroqning ham turi ko‘payib ketgan. Lekin biz tanlab o‘tirmaymiz. Duch kelganini “dumalatamiz”. Endi hammasining ichidagi bir narsa. Lekin bizga aroq bo‘lsa bo‘ldi. Konyakka o‘tib ketmaganmiz hali,- deydi jizzaxlik “Kayfiy”.

2012 yilning 1 yanvaridan boshlab spirtli ichimliklarga solinadigan aktsiz solig‘i 21 foizga oshirildi.

O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi rasmiylarining bildirishicha, mamlakatda ishlab chiqariladigan etil spirtiga solinadigan aktsiz solig‘i 15 foizga, vinoga 5 foizga, kon‘yak, aroq va boshqa alkogol mahsulotlariga 15 foizga, pivoga esa 20 foizga oshirilgan.

O‘zbekiston Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining 16 dekabrdagi qo‘shma qaroriga ko‘ra, 1 yanvardan boshlab spirtli ichimliklar narxi ham 8-16 foizga qimmatladi.

Qarorga ko‘ra, har bir litr vinoning zavoddan sotilish minimal narxi avvalgi 2000 so‘m o‘rniga 2200 so‘mga ko‘tarildi. Konyak, aroq va shunga o‘xshash o‘tkir ichimliklar bir litrining narxi 5000 so‘m qilib belgilandi.
XS
SM
MD
LG