Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:04

Obidxon qori Nazarov ahvoli og‘irlashdi


Shvetsiyaning Umio shahridagi kasalxonadan olingan xabarga ko‘ra, suiqasd natijasida jarohatlangan o‘zbekistonlik diniy ulamo ahvoli kechasi yomonlashgan.

Obidxon qori Nazarov 22 fevral kuni unga qarshi uyushtirilgan suiqasdda boshidan jarohatlangan edi. 23 fevral, payshanba kuni 54 yoshli Obidxon qori Ostershund shahridagi kasalxonadan vertolyotda Umio shahriga olib ketilgan edi.

Chorshanba kuni og‘ir ahvolda kasalxonaga olib kelingandan keyin o‘zbekistonlik Obidxon Nazarov jarrohlik operatsiyasidan o‘tkazildi.

Juma kuni Umio shaharidani tibbiyot universiteti qoshidagi shifoxona vakillari Ozodlik radiosiga boshidan jarohatlangan Obidxon qori Nazarovning ahvoli og‘irlashganini bildirdi.

Payshanba kuni Ostershund politsiyasi matbuot vakili Mikal Obramson Ozodlik bilan suhbatda jinoyat joyidan qurol topilganini bildirdi.

- Kecha 50 yoshlar atrofidagi bir odam o‘q otar qurolidan otilib, jarohatlandi. Politsiya bu hodisa haqida 13:40 da xabar topdi. Darhol tergov ishlari boshlandi. Jinoyat joyidan o‘q otar qurol topildi, dedi politsiya vakili Obramson.

Topilgan qurol qaysi rusumda ekani yoki boshqa manbalarda aytilayotgandek ovozini o‘chirish moslamasi bo‘lganmi, yo‘qmi bu ma‘lumotni ham oshkor qila olmasligini qo‘shimcha qildi politsiya rasmiysi.

Shuningdek, Ostershund politsiyasi chorshanba kuni o‘tkazgan matbuot anjumanida shaxsi noma‘lum qolyotgan hujumchi Obidxon Nazarovning boshiga kamida bir marta o‘q uzganini ma‘lum qildi.

Osturshend shahar politsiyasi vakiliga ko‘ra, hozirda tergov ishlari doirasida guvohlik ko‘rsatmalarini olish maqsadida jinoyat joyiga yaqin uylar birma-bir aylanib chiqilmoqda.

- Tergov siri bo‘lgani bois jinoyatga oid taxminlarni ham oshkor qila olmaymiz, dedi Ostershund politsiya rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda.

Obidxon qori Nazarov O‘zbekiston maxsus xizmatlari ta‘qibi ostida 1998 yilning bahorida o‘z uyini tark etgan.

2000 yilda qo‘shni Qozog‘istonga o‘tib, u yerda 2006 yil bahoriga qadar yashirin hayot kechirgan edi. 2006 yilning martida BMTning qochqinlar ishi bo‘yicha oliy komissarligi tomonidan qochqin, deb tan olingan va Shvetsiyadan siyosiy boshpana olgan edi.
XS
SM
MD
LG