Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:26

Dovudxon Obidxon o‘g‘li: Ayrim xabarlarning asosi yo‘q


Imom Obid qori Nazarov.
Imom Obid qori Nazarov.

Suiqasdga uchragan Obidxon qori Nazarovning hozircha matbuotga so‘zlamayotgan o‘g‘li imomning ahvoli og‘ir, ammo barqaror qolayotganini yozdi.

26 fevral kuni "Islomovozi.com" saytida Shvetsiyada suiqasdga uchragan taniqli o‘zbek ulamosi Obid qori Nazarovning so‘nggi kunlardagi ahvoli haqida yana bir rasmiy bayonot chop etildi.

Obid qorining o‘g‘li Dovudxon Obidxon o‘g‘li nomidan tarqatilgan ushbu bayonot mazmuniga ko‘ra, 22 fevral kuni Shvetsiyaning Ostershund shahridagi uyi podezdida noma‘lum shaxs tomonidan otib ketilgan ulamoning ahvoli hanuz og‘ir, ammo barqarorligicha qolmoqda.

"Otamiz Obidxon Sobitxon o‘g‘illari o‘zlariga qarshi uyushtirilgan suiqasd natijasida olgan jiddiy jarohatlari tufayli hozirda shifoxonada davolanyaptilar. Shifokorlar ularning ahvollarini og‘ir bo‘lsa-da, barqaror deya baholashyapti" deb yozadi, jumladan, Dovudxon.

"Islomovozi.com" sayti Obid qori Nazarovga tegishlidir va ushbu sayt voqea sodir bo‘lganidan buyon ulamoning muxlislarini umumiy ahvoldan qisman xabardor qilib kelmoqda.

To‘liq tafsilotlar esa ommadan sir saqlanmoqda.

Buni izohlagan Dovudxon o‘z bayonotida: "Sodir etilgan jinoyat ustida olib borilayotgan tergov-tekshiruv jarayoniga salbiy ta‘sir o‘tkazishi mumkinligi sababli mazkur voqea tafsilotlarini hozircha ommaga bildira olmaymiz", deb yozgan.

Shuningdek, Dovudxon o‘z otasi Obid qoriga qarshi suiqasd haqida qator axborot vositalarida berilgan ayrim xabarlarni "asossiz", deb baholar ekan, aynan qaysi xabarlar haqida gap borayotganini ham bildirmagan.

22 fevral kuni kunduzgi soat 12 yarimlar atrofida peshin namoziga otlanayotgan kezda o‘z podezdida suiqasdga uchragan Obid qori Nazarovga nisbatan jinoyatga oid ma‘lumotlar esa mutlaqo sir saqlanmoqda.

Ulamoga yaqin manbalardan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, u kishi podezdda yolg‘iz bo‘lgan vaqtida unga hujum qilingan va voqeaga guvohlar yo‘q.

Ammo, odatan, bunday jinoyatlar sodir etilgan kezda jamoatchilikka beriladigan ayrim muhim ma‘lumotlar, jumladan, ulamoga nechta o‘q uzilgani va ulamo qanday jarohatlar olgani haqidagi dastlabki ma‘lumotlar ham jamoatchilikdan sir saqlanmoqda.

Politsiya oshkor qilgan yagona rasmiy xabar — ulamoning boshdan jarohat olgani va voqea joyidan qurol topilgani haqidagi ikki og‘iz jumladir.

Ammo, norasmiy manbalardan olingan boshqa xabarlarga ko‘ra, Obid qoriga kamida ikkita o‘q uzilgan. Ulardan biri imomning boshiga, yana bir esa ko‘krak qismiga tekkan.

Ehtimol, Dovudxon Obidxon o‘g‘li shu mazmundagi xabarlarni "asossiz", deyotgandir. Biroq, buni uning o‘zidan aniqlashtirishning hanuz imkoni yo‘q.

Dovudxon va Obid qori Nazarovning boshqa yaqinlari voqea sodir bo‘lgan 22 fevraldan buyon jamoatchilik bilan har qanday muloqotdan cheklanmoqda.

- Politsiya tergovga halaqit qilmaslik uchun ommaga ma‘lumot bermaslikni ulardan so‘ragan. Biz ham faqat o‘zimizning ayrim birodarlardan cheklangan ma‘lumotni olib turibmiz. Shunga qaraganda, u kishi komada yotibdi, o‘zlariga kelmaganlar, - deydi Shvetsiyadagi yana bir taniqli imom Muhammadsolih Obutov.

Shvetsiyadan olingan xabarga ko‘ra, mamlakat xavfsizlik xizmati Obid qori Nazarovga qilingan suiqasd yuzasidan tergov boshlagan.

Östersunds-Posten gazetasi muxbiri Filip Gustavsonga ko‘ra, shved maxsus xizmatining mazkur suiqasd bilan qiziqayotgani o‘zbek imomiga qilingan suiqasdni oddiy jinoyat sirasidan emasligini ko‘rsatadi.

Hanuzgacha dastlabki tergovga oid biror versiyani ochiqlamagan shved politsiyasi ushbu jinoyatni fosh qilish uchun AQSh maxsus xizmatlari va Interpol bilan hamkorlik qilayotgani aytilmoqda.

- Men Ostershundning gazetasi rasmiy vebsaytida o‘qib qoldim. Politsiya tergov ma‘lumotlarini FBR va Interpolga ham berayotgani haqida gazetaga ma‘lum qilgan. Bu gazetaning shanba kungi sonida berildi, - deydi Muhammdsolih Obutov.

2006 yilda Shvetsiyadan siyosiy boshpana olgan 54 yoshli taniqli o‘zbek ulamosi, Toshkentdagi "To‘xtaboyvachcha" masjidi imomi Obid qori Nazarovga qarshi suiqasd 22 fevral kuni Shvetsiyaning Ostershund shahridagi Stromsund shaharchasida, uning o‘z uyi pod‘ezdida uyushtirilgan edi.

Mustaqil manbalarga ko‘ra, bu manzil hanuz shved politsiyasi va maxsus xizmatlari tomonidan nazorat qilinmoqda.
XS
SM
MD
LG