Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:36

Santorum: Obama emas, Karzay kechirim so‘rashi kerak


Respublikachilardan prezidentlikka nomzod Rik Santorum.
Respublikachilardan prezidentlikka nomzod Rik Santorum.

AQShda prezidentlikka da‘vogarlik qilayotgan to‘rt respublikachi nomzoddan uch nafari prezident Barak Obama Afg‘onistonda Qur‘on yoqilishi uchun kechirim so‘ramasligi kerak edi, deya bayonot berdi.

Prezidentlikka nomzodlar Mitt Romni va Nyut Gingrich Obamaning kechirim so‘rashi xato bo‘lganini aytishgan.

Respublikachi nomzodlardan yana biri Rik Santorum esa prezident Barak Obama emas, aslida Afg‘oniston rahbari Hamid Karzay va afg‘on xalqi amerikalik harbiylar o‘ldirilgani uchun kechirim so‘rashi kerak edi, deb ta‘kidlagan.

Afg‘onistonda Amerika bazasida o‘tgan hafta Qur‘oni Karimning yoqilishi mamlakat bo‘ylab noroziliklarga sabab bo‘ldi.

Olti kun mobaynidagi zo‘ravonliklarga aylanib ketgan norozilik namoyishlari 30 dan ortiq inson umriga zomin bo‘ldi, ular orasida ikki AQSh askari ham bor.

O‘tgan hafta Qur‘on yoqilgani tufayli AQSh Prezidenti Barak Obama kechirim so‘ragandi.

Rik Santorum yakshanba kuni CNN muxbiri bilan suhbatda Qur‘onning yoqilishi ortidan Afg‘onistonda boshlanib ketgan g‘alayonlar, jumladan, Kobulda AQSh ikki harbiysining o‘ldirilishi aslida mudhish jinoyatdir, deya ta‘kidladi.

- Askarlarimiz buni ataylabdan qilmagan, bilmasdan xato qilib qo‘yishgan. Lekin u yerda askarlarimiz o‘ldirilayotgani xato ish emas, bu jinoyatdir, - dedi Santorum.

Qur‘on yoqilgani tufayli AQSh prezidenti Barak Obama Afg‘oniston prezidenti Hamid Karzay nomiga yuborgan maktubida Qur‘onga bilmasdan hurmatsiz munosabatda bo‘linganini ta‘kidlagan edi.

Qur‘on yoqilishiga qarshi Afg‘oniston bo‘ylab noroziliklar davom etar ekan, prezident Karzay xalqini tinchlantirishga urinmoqda.

- O‘z noroziligimizni ifoda etib, dinimiz, e‘tiqodimiz qadr-qimmatini himoya qilayapmiz. Namoyishlarda shuncha odam nobud bo‘ldi, yetar endi, tarqalaylik, tinchlikni saqlaylik, dushmanimizning bundan foydalanishiga yo‘l ochmaylik, mamlakatimiz osoyishtaligini xavf ostiga qo‘ymaylik, - dedi Karzay yakshanba kuni xalqiga murojaatida.
XS
SM
MD
LG