Линклар

Rossiya TVsi: Putinga qarshi fitna fosh etildi


Fitna, Birinchi kanalning aytishicha, Ukraina va Rossiya maxsus xizmatlari hamkorligida fosh qilingan.

Fitna, Birinchi kanalning aytishicha, Ukraina va Rossiya maxsus xizmatlari hamkorligida fosh qilingan.

Rossiya televideniyesining Birinchi kanali bosh vazir va prezidentlikka asosiy da‘vogar Vladimir Putinga qarshi suiqasd fitnasi fosh qilinganini xabar qildi. Rossiya prezident sayloviga bir hafta qolganidan paydo bo‘lgan bu xabarni izohlayotgan kuzatuvchilar, 2008 yilgi prezidentlik saylovi oldidan ham Putinga qarshi suiqasdning oldi olingani xabar qilinganini eslashmoqda.

Rossiya bosh vaziriga suiqasdga tayyorgarlikda gumon qilinayotganlar, Birinchi kanalning xabar qilishicha, yanvar oyining boshida Ukraina va Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan Odessa shahrida qo‘lga olingan. Aytilishicha, ular Ukrainaga Birlashgan Arab Amirliklaridan “Doku Umarov vakillaridan olingan ko‘rsatmalarga ko‘ra” kelishgan.

Gumon qilinayotganlar 4 yanvar kuni Odessadagi kvartiralardan birida portlash ro‘y berganidan keyin qo‘lga olingan. Dastlab, yong‘inni o‘chirish xizmatlari portlashga gaz sizishi sabab bo‘ldi, deb o‘ylgan. Biroq keyinchalik kvartiradan portlovchi moslamalar qismlari topilgan. Shuningdek, oradan ikki oyga yaqin vaqt o‘tgach, Birinchi kanal xabar qilishicha, tergovchilar Putin korteji rasmlari va videosi yozilgan noutbukni ham topishgan.

Portlashdan keyin chiqqan yong‘in oqibatida kvartirada yashab kelgan erkaklardan biri halok bo‘lgan. Voqeada omon qolgan gumonlanuvchilardan biri – Ilya Pyanzin, tergovchilarga fitnada ishtirok qilgan yana bir shaxs – Adam Osmayev haqida gapirib bergan. Keyinchalik Osmayevning Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan qo‘lga olingani aytilmoqda.

Birinchi kanal gumonlanuvchi Pyanzinning pirovard maqsad “Putinni yo‘q qilish” bo‘lgani haqidagi ko‘rsatmalarini namoyish qildi.

- Ular bizga avval Odessaga borib, bomba tayyorlashni o‘rganasizlar deyishdi. Keyin esa, Moskvada iqtisodiy inshootlarda diversiyalarni amalga oshirib, keyinchalik Putinga suiqasd uyushtirasizlar, deydi Birinchi kanal lavhasida Pyanzin.

Osmayev ham fitnaning asosiy maqsadi bosh vazir Putinga suiqasd bo‘lganini gapirib beradi Birinchi kanal lavhasida.

- Yakuniy maqsad Moskvaga kelib, bosh vazir Putinga suiqasd uyuushtirishga urinish bo‘lgan, deydi u.

Faqatgini Rossiyaning Birinchi kanalida berilgan xabarda Osmayev suiqasdda “harbiy minadan” foydalanish rejalaganini gapirib bergan. Bunda, uning so‘zlariga ko‘ra, portlash paytida halok bo‘lgan Ruslan Madayev hudkush rolini o‘ynashi kerak bo‘lgan.

Odessada chiqadigan “Porto-Frans” nashri muxbiri Aleksandr Galyas Ozodlik bilan suhbatda 4 yanvar kuni portlash ro‘y berganidan beri Ukraina huquq-tartibot idoralari kamida uch marta versiyalarni o‘zgartirganini gapirib berdi.

- Dastlab, ukrainalik oligarxga qarshi suiqasd tayyorlanayotgan paytda portlash sodir bo‘ldi, degan xabar berildi. Qaysi oligarx ekani noma‘lumligicha qoldi. Bizda esa unaqalar uncha ko‘p emas. Bundan tashqari, Putin korteji fotosi va vidiyeosi topilgani aytilayotgan o‘sha noutbukda Odessaning Muzkomediya teatri, Sportlar saroyi, “Afina” savdo markazi kabi gavjum joylari tushirilgan suratlar ham bo‘lgan. Ya‘ni ayni “o‘rtoqlar” Odessaning odamlar ommaviy to‘planadigan joylarida ham portlashlar sodir etishga tayyorgarlik ko‘rayotganiga shama bor edi. Verseyalarning bunday tez-tez o‘zgarib turishi savollarga sabab bo‘lmoqda.

Bundan tashqari bu yerda ba‘zi g‘alati jihatlar bor. Birinchidan, chechen terakt rejalashtirish uchun nega Odessaga keladi? Bizda keiyngi yillarda chechenlar ortidan jiddiy nazorat yo‘lga qo‘yilgan. Boz ustiga portlash Tiraspolskaya ko‘chasidagi uyda sodir bo‘ldi. Bu esa shahar markazidir, shahar militsiya boshqarmasidan uch kvartal nariroqda. Adam Osmayevni Bazarnaya ko‘chasida qo‘lga olishdi. Bu ko‘chalarning hammasi Odessaning eski, yopiq mahallalaridir va odamlar bir-birini juda yaxshi biladi, ya‘ni qo‘shnilar nima qilayotganidan juda yaxshi xabardor. Bu ko‘chada qo‘shnilar nazaridan holi qolishning iloji yo‘q. U yerda biror uyda chechenlar yashayotganini hech kim bilmay qolishining hecham iloji yo‘q. Ya‘ni nega bu Odessada, shahar markazida, Odessaning eski uylarida ro‘y berdi, degan savol tug‘iladi. Bu ma‘lumotlarning hammasi g‘alati xulosaga sabab bo‘lmoqda: bu piar yoki shunga o‘xshagan harakat bo‘lmadimikin, deydi “Porto-Frans” nashri muxbiri Aleksandr Galyas.

Ukrainalik jurnalist bu haqdagi reportaj faqatgina Birinchi kanalda berilgani ham Putinga qarshi suiqasd fitnasiga oid iddaolarni katta shubha ostiga olishga asos bo‘lishini ham qo‘shimcha qiladi.

Rossiyalik siyosatchi va kuzatuvchilar ham fitnaning fosh etiganiga oid xabarlarga ishonchsizlik bilan qaramqoda. Ular huddi shunga o‘xshash xabar 2008 yilda, aynan prezidentlik saylovi oldidan paydo bo‘lganiga e‘tibor qaratmoqda.

Aleksandr Golts Rossiyada chiqadigan “Yejednevnij jurnal” nashri sharhlovchisi:

- Bugun hech narsani ehtimoldan soqit qilib bo‘lmaydi. Lekin fitna fosh etilgani haqidagi xabar Putinning saylov oldi kampaniyasi uchun muhim bir pallada paydo bo‘lgani kundek ravshan. Bu haqda xabar qilinishidan ancha avval ko‘plab tahlilchilar Putinning kampaniyasi uning Rossiya uchun qanchalik muhimligi va Rossiya dushmanlari uni qanchalik yomon ko‘rishini namoyish qiladigan o‘ziga xos bir turtkiga ehtiyojmand ekani haqida gapirayotgan edi, deydi Aleksandr Golьts.
XS
SM
MD
LG