Линклар

logo-print

Rossiya prezidentligiga da‘vogarlardan biri, milliarder Mixail Proxorov Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan viza rejimi joriy qilishni taklif etmoqda.

Rossiya Federatsiyasi prezidentligiga nomzod Mixail Proxorov o‘zining saylovoldi kampaniyasida noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash shiori ostida saylovchilar ovozini yig‘ishga harakat qilmoqda.

Shanba kuni saylovchilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida Mixail Proxorov migratsiyaga qarshi emasligi, lekin Rossiya o‘z janubiy chegaralarini mustahkamlashi zarurligini ta‘kidladi.

- Biz tashqi siyosatda aniq yo‘nalishga ega bo‘lishimiz kerak. Bu siyosat fuqarolarimizni dunyoning istagan nuqtasida himoya qilishga qaratilgan bo‘lishi shart. Men Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan chegara yopilib¸ viza rejimini joriy etish tarafdoriman, dedi bunday chiqishlari rossiyaliklar tomonidan olqishlanayotgan Mixail Proxorov.

Proxorov fikricha, Rossiya janubiy chegaralari ochiqligi mamlakatga narkotiklar va noqonuniy migrantlarning biror qiyinchiliksiz kirib kelishiga sabab bo‘lmoqda.

“Biz Yevropa Ittifoqi bilan yagona bozor va vizasiz hududda yashashni istayapmiz, lekin ular janubiy chegaralarimiz yopilmaguncha viza cheklovlarini bekor qilmaydi”, deya tushuntirdi o‘z pozitsiyasini prezidentlikka nomzod Mixail Proxorov.

Proxorovning bunday bayonotlari va ommaning bu chiqishlarni quvvatlashi hokimiyat partiyasi hisoblangan “Edinaya Rossiya” yetakchilari e‘tiboridan chetda qolmagan ko‘rinadi.

4 martga belgilangan prezident saylovi oldidan "Edinaya Rossiya" deputatlari parlament muhokamasiga taqdim etgan “Xorij fuqarolarining Rossiya Federatsiyasidagi huquqiy holati to‘g‘risidagi” yangi qonun loyihasiga ko‘ra, migrantlarning ayrim toifalari Rossiyada ishlash ruxsatnomasini olishlari uchun rus tilidan imtihon topshirishlari zarur.

Bosh vazir va prezidentlikka asosiy da‘vogar Vladimir Putin ham migratsiya sohasidagi avj olgan poraxo‘rlik va ta‘margirlikdan charchagan rossiyaliklarning bu kabi taklif-mulohazalarini inobatga olmaslikning iloji yo‘qligini e‘tirof etdi.

FMS rahbari Konstantin Romodanovskiy bilan bo‘lgan uchrashuvda Putin o‘z o‘rnida qo‘yidagi takliflarni kiritdi.

- Men yaqinda tanishlarim bilan suhbatda ayrim yirik shaharlarda odamlar bayram kunlari ko‘chaga chiqishga qo‘rqib qolganini eshitdim. Axir bu jiddiy narsa! Shuning uchun, migratsiya qonunchiligini qo‘pol buzganlarga 5-10 yilga, kerak bo‘lsa undan ham ortiqroq vaqtga Rossiya chegarasini yopishni taklif qilaman. Shuningdek, mamlakat ichidagi noqonuniy migratsiyaning paydo bo‘lishiga, odamlarni huquqsiz qul sifatida ishlatilishiga sababchi bo‘layotgan jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan sanktsiyalar keskinlashishi kerak, dedi Vladimir Putin.

Vladimir Putin va Rossiya yirik mansabdorlarining bunday bayonotlari Federal migratsiya xizmati va mamlakatda muhojirlikni nazorat qiluvchi boshqa idoralar faoliyati keskinlashuviga turtki bo‘lgani haqida xabarlar tarqamoqda.

Krasnodardagi “Umid” o‘zbekistonlik vatandoshlar jamiyati raisi Tojiddin Nurmatov¸ ayniqsa¸ saylov oldidan har qanday hatto mayda qonunbuzarliklar uchun Rossiyadan deportatsiya qilinayotgan mehnat muhojirlari soni oshib boraëtganini aytadi.

- Aytilyaptiki, ayniqsa saylov oldidan kuchaytiriladi nazorat. Mana kuni kecha 70 odam deportatsiya qilinganini eshitdingizmi? Chunki ular bundan buyon mahkam tutishar ekan. Boshqa tomondan FMS bilan “chyorniy brigadirlar” o‘zaro bog‘liq: ular olib kelishadi, xo‘jayinlar oladi, keyin zavod egalari ham dolyaga kiradi, deydi Krasnodar o‘zbeklar jamiyati rahbari Tojiddin Nurmatov.

27 fevral kuni Krasnodar aeroportidan o‘z yurtiga qaytarib yuborilayotgan bir guruh mehnat muhojirlari Ozodlikka arzimas qonunbuzarlik uchun Rossiyadan haydab chiqarilaëtgani gapirdi.

- Bizni bunday vaziyatga tushib qolganimga registratsiyam prosrochenniy bo‘lib qolgan. Bunday vaziyatga har bir odam tushib qolishi mumkin: pul kutib qolasiz, kerakli vaqtda pul bo‘lmay qolishi mumkin. Shu oddiy shtraf uchun deport qilib yuboryapti bizni. Bizning boshqa narusheniyamiz yo‘q! Hatto shtrafini to‘laganmiz. Men o‘tgan yili chiqib ketayotganimda ma‘muriy shtraf to‘laganman. Elchixonaga preduprejdeniye yo‘q, lekin bizni deport qilib qo‘yibdi.To‘rt kishi edik, uch kishi qoldik. Bu yigitlarniki ham xuddi shunday Moskvada bo‘lgan, bittasi Tverdan ekan.

Nima qilaman, ketaman Afg‘onistonga, o‘sha yerga yaqinroqmiz, dedi. Amerikaliklar ishga olmasa toliblarga xizmat qilishga tayyorman, iloj yo‘q, dedi. “Oilamni boqishim kerak”, dedi. Bir tomondan, haqiqatan qayoqqa boradi ular ham?! Bola-chaqasini, ota-onasini boqishi kerak. Qarz bo‘lib kelganlar ko‘p. Mana bittasi o‘tiribdi, "Molimni sotib yana qarz bo‘lib kelgan edim", deydi. Bechora ovqat ham yegani yo‘q, o‘tiribdi, - deydi saylovoldi Rossiyadan haydalaëtgan tojikistonlik muhojir Baxtiyor Ro‘zimatov.

Rossiya Federal migratsiya xizmati keltirayotgan raqamlarga ko‘ra, mamlakatga yiliga 14 million xorij fuqarosi kirib keladi, ulardan 77 foizi – MDH davlatlari fuqarolaridir.

Ayni paytda, Rossiyada yashab mehnat qilayotgan muhojirlarning 9,5 millionidan 3,5 millionining noqonuniy ekani aytiladi.
XS
SM
MD
LG