Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 08:41

84-Oskar oq-qora "Artist"ga berildi


Kinoteatrlar rangli tasvirdagi blokbasterlar ortidan million-million pul ishlayotgan bir kezda oq-qora rangda, ovozsiz kino ishlashga jur‘at qilgan rejissyor Mishel Xazanavichus.
Kinoteatrlar rangli tasvirdagi blokbasterlar ortidan million-million pul ishlayotgan bir kezda oq-qora rangda, ovozsiz kino ishlashga jur‘at qilgan rejissyor Mishel Xazanavichus.

26 fevral kuni Los-Ajeles shahrida bo‘lib o‘tgan Amerika konoakademiyasining 84-Oskar mukofoti taqdimot marosimida yilning eng yaxshi filmi, deb "Artist" filmining tanlangani katta shov-shuvlarga sabab bo‘lmoqda.

Bu film bugungi blokbasterlarning ishqibozi bo‘lgan aksariyat tomoshabinlar tomonidan eskirgan deb qaralgan uslubda — oq-qora ranglarda ovozsiz tarzda suratga olingan.

Bunday uslubda film olishga jur‘at qilib¸ yilning eng yaxshi rejissyori, deb topilgan frantsuz kinorejissyori Mishel Xazanavichus taqdimot marosimida g‘alabadan o‘ta mamnunligini juda samimiy bir tarzda izhor qildi.

- Men dunyodagi eng baxtiyor rejissyorman. Buning uchun katta rahmat¸ akademiyaga, hammangizga katta rahmat. Men aktyorlar – Jan Dyujardin, Berenisga ham katta rahmatlar aytaman, dedi Xazanavichus.

Eng yaxshi aktyor uchun Oskar mukofoti ham shu filmda bosh rolni o‘ynagan Jan Dyujardenga ketdi.

​Bu film uchun ijodkorlar jami beshta Oskarni qo‘lga kiritdi.

Frantsiya prezidenti Nikolya Sarkozi ham filmdan zavqlanganini aytib, frantsuz radiolaridan biriga bergan intervyusida mukofotni olqishladi.

- Bu frantsuz kinosi uchun juda katta yutuqdir. Chunki, "Artist" filmi nafaqat ovozsiz, balki oq-qora tasvirdagi kino. Bu film o‘z muvaffaqiyati bilan yoshlarni shu vaqtga qadar oq-qora tasvirlarda olingan eng betakror filmlarni ko‘rishga chorlaydi, dedi Frantsiya prezidenti.

Yilning eng yaxshi aktyori va aktrisasi, deb topilgan Jan Dyujarden va Meril Strip.
Yilning eng yaxshi aktyori va aktrisasi, deb topilgan Jan Dyujarden va Meril Strip.
Eng yaxshi aktirsa uchun bu yilgi Oskar aksar kinomunaqqidlar jo‘rovozda taxmin qilgani kabi "Temir xonim" filmida Britaniyaning sobiq bosh vaziri Margaret Tetcherni o‘ynagan Meril Stripga berildi.

Ayni shu roli uchun shu vaqtgacha berilgan deyarli barcha nufuzli mukofotlar, jumladan, Golden Globe mukofotini ham olib ulgurgan Meril Strip Oskar haykalchasiga uyg‘un tarzda tillarang libosda sahnaga ko‘tarildi va bu yilgi taqdimot marosimida aytilgan eng esda qolarlik so‘zlarni aytdi.

- Ular mening nomimni tilga olganda, men amerikaliklar bu xabarni qanday qarshi olishini tasavvur qildim: “Obbo, bo‘ldida endi. Nega endi yana shu ayolga?” deb o‘ylashgan bo‘lsa kerak ularning yarmi. Ammo, nachora, deya hammani kuldirdi Meril Strip.

Bu mukofot 63 yoshni qarshilayotgan amerikalik taniqli aktrisaning uchinchi Oskari bo‘ldi. Bu ayolning nomi ushbu mukofotga jami bo‘lib 17 bora, Golden Globe mukofotiga esa 26 bora ko‘rsatilgan.

“Temir xonim” filmi o‘z ijodkorlariga eng yaxshi makiyaj bo‘yicha ham bitta Oskarni olib keldi.



Xorij tilidagi eng yaxshi film, deb eronlik kinoijodkorlar ishlagan "Nodir va Siminning ajralishi" filmi topildi. Bu film ham shu kunga qadar Oskarga tavsiya qilingan ikkinchi, uni qo‘lga kiritgan birinchi Eron filmi bo‘ldi.

"Nodir va Siminning ajralishi" filmida o‘ynagan Laylo Hotamiy va Paymon Moadiy film rejissyori Asg‘ar Farhodiy bilan.
"Nodir va Siminning ajralishi" filmida o‘ynagan Laylo Hotamiy va Paymon Moadiy film rejissyori Asg‘ar Farhodiy bilan.
Bundan tashqari, Pokiston tarixida ham ilk bor pokistonlik ijodkor Obad Chinoyning “Yuzni saqlash” nomli hujjatli filmi eng yaxshi hujjatli film nominatsiyasi bo‘yicha Oskarga sazovor topildi.

Bu film mamlakatda yuziga kislota sepilgan shaxslarning hikoyalarini o‘zida jam qilgan.

Ikkinchi plandagi rol uchun bu yilgi Oskar "Xizmatchi" filmida o‘ynagan Oktaviya Spenserga hamda "Boshlang‘ichlar" filmidagi roli uchun 82 yoshli Kristofer Plammerga berildi.

Eng yaxshi animatsion film uchun mukofot tinib-tinchimagan jonivor — buqalamun haqidagi "Rango" multfilmiga ketdi.
XS
SM
MD
LG