Линклар

logo-print

Britaniya Mudofaa vaziri Filipp Hammond Afg‘onistondagi qo‘shinlarni olib chiqishda tranzit muhokamasi uchun Toshkentga keldi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmatidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, 28 fevral kuni tongda Toshkentga kelgan Buyuk Britaniya Mudofaa vaziri Filipp Hammond mamlakat rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazmoqda.

Matbuot xizmati asosiy uchrashuvlar vazirlikda bo‘lgani, Britaniya mulozimining O‘zbekiston Mudofaa vaziri Qobul Berdiyev uchrashgani va bu uchrashuv jarayonida 2012 yil uchun o‘zaro harbiy-texnikaviy hamkorlikka qaratilgan bir yillik reja imzolanganini bildirdi.

Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, ushbu hujjatda O‘zbekistoning "Afg‘onistondagi barqarorlikni saqlashdagi muhim roli" yana bir karra ta‘kidlangan va shuningdek, u yerdan "koalitsiya qo‘shinlarini olib chiqishga oid rejalar" amaliyotida O‘zbekistonning ishtiroki ko‘zda tutilgan.

Xorij matbuoti xabariga ko‘ra ham, Hammondning O‘zbekistonga va undan avval Qozog‘istonga qilgan safari Buyuk Britaniyaning Afg‘onistondagi qo‘shinlarini Markaziy Osiyo davlatlari orqali olib chiqish masalasi muhokamasiga qaratilgan.

Jumladan, Britaniyada chop etiladigan The Telegraph nashrining yozishicha, Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqish jarayonini boshlayotgan Britaniya mulozimi Qozog‘iston hukumati bilan ham yangi shartnoma imzolagan.

Bu shartnoma asosida Britaniya Afg‘onistondagi qariyb 6 milliard 350 million dollarlik harbiy yuk, shu jumladan, tanklar va zirhli harbiy texnikani olib chiqish imkoniga erishishga umid qilmoqda.

O‘tgan yilning noyabr oyida Amerika harbiylari hujumi chog‘ida Afg‘oniston va Pokiston chegarasida 24 pokistonlik harbiy o‘ldirilganidan keyin NATO yuklari uchun Karachidan Afg‘onistonga qadar berilgan tranzit yo‘li yopilgan.

AQSh va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar ham sovuqlashib ketgan ayni kunda Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishni boshlayotgan Buyuk Britaniya asosiy diqqatini Markaziy Osiyoga qaratgani aytilmoqda.

Buyuk Britaniya o‘z yuklarini Afg‘onistondan O‘zbekistonning Hayraton ko‘prigi oqali Markaziy Osiyoga olib kirish va shu yerdan 6 yarim ming kilometrlik masofani bosib o‘tib, to‘g‘ri NATOga a‘zo bo‘lgan Boltiq bo‘yi davlatlarigacha olib chiqishga umid qilmoqda. Hozirda Afg‘onistondagi NATO qo‘shinlariga yetkazilayotgan yuklarning 80 foiziga yaqini aynan Boltiq bo‘yidan boshlanib, Rossiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikiston orqali o‘tadigan Shimoliy Ta‘minot Tarmog‘i hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Ekspertlar hisob-kitobicha, Afg‘onistondagi harbiy yuklarni olib chiqishning nisbatan arzon yo‘li aynan Markaziy Osiyo orqali o‘tadi.

Ammo Astanada turib matbuotga so‘zlagan vazir Filipp Hammond Foxhound, Coyote kabi qimmat va ilg‘or harbiy texnikadan iborat yuklarni Afg‘onistondan Markaziy Osiyo orqali olib chiqishning yana bir zarurati xavfsizlik ekani haqida gapirdi.

Hammondga ko‘ra, NATO yuklari Pokistonda ko‘p bora Toliblar hujumiga uchragani juda xavotirlidir.

The Telegraph nashri xabariga ko‘ra, Buyuk Britaniya yuklarini Afg‘onistondan olib chiqish shu yilning yozidan boshlanadi va bu jarayonni ikki yilda yakunlash rejalashtirilgan.

Bu jarayon uchun Britaniya g‘aznasidan qariyb 150 million AQSh dollari sarflanishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Wall Street Journal nashrining AQSh Davlat departamentidagi manbalariga tayanib, AQSh rahbariyati ham ayni damda Toshkent bilan Afg‘onistondagi o‘z qo‘shinlarini olib chiqish bobida izchil muzokaralar olib borayotgani va xususan, Toshkent rasmiylaridan O‘zbekiston hududidagi tranzit yo‘llardan foydalanishga rozilik olib ulugurgani haqida yozmoqda.

Aynan Shimoliy Ta‘minot Tarmog‘ining amal qilishi evaziga AQSh O‘zbekiston bilan 2004 yilda inson huquqlari ahvoli og‘irlashgani bois to‘xtatgan harbiy-texnikaviy hamokrlik aloqalarini o‘tgan yili tiklagani aytiladi.

Wall Street Journal nashrining yana yozishicha, AQSh departamentidagi manbalar nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqaning boshqa davlatlari ham bu masalada AQSh bilan hamkorlik qilishga moyillik ko‘rsatgan.

Ba‘zi hisob-kitoblarga ko‘ra, Shimoliy Ta‘minot Tarmog‘i uchun Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyo davlatlariga yiliga jami 500 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ to‘lamoqda. Endilikda Afg‘onistondan yuklarni olib chiqish bundan arzonga tushmasligi aniq.

Bundan tashqari, AQSh ma‘muriyati Afg‘onistonda foydalanilgan harbiy yuklarning ortiqcha qismini O‘zbekiston va mintaqaning boshqa davlatlariga qoldirish haqida ham taklif kiritgan.

Ayrim norasmiy manbalar berayotgan xabarga ko‘ra, buncha daromad va "harbiy meros"ga ko‘z tikkan Markaziy Osiyo rahbarlari orasida yana O‘zbekiston biroz tixirlik qilmoqda.

O‘tgan haftada 5 kunga Toshkentga kelgan va ayni masalalarda muzokaralar o‘tkazgan Latviya Mudofaa vaziri Artis Pabriks safari munosabati bilan berilgan xabarlarda Frantsiya rahbariyati O‘zbekiston o‘z hududidan o‘tadigan tranzit yo‘li uchun nisbatan qimmatroq haq so‘rayotganiga ishorat qilgani aytildi.

AQShning Afg‘onistondan olib chiqilishi rejalashtirilayotgan harbiy yuki hajmi 49 ming dona zirhli harbiy texnika va 100 ming donadan ortiq konteynerdan iborat ekani aytilmoqda. Bu yuk qimmati qariyb 49 milliard AQSh dollari ekani aytilmoqda.

Hozircha, xorij matbuotida ko‘proq AQSh va YeI diplomatlariga tayanib berilayotgan bu mazmundagi xabarlarga na rasmiy Toshkent va na NATO yoki AQSh rahbariyati tomonidan rasmiy munosabat bildirildi.

Xususan, hafta avvalida Qozog‘iston, 28 fevral kuni esa Toshkentga safar qilgan Buyuk Britaniya Mudofaa vaziri Filipp Hammond safari xususiyda ham Toshkentdan biror rasmiy ma‘lumot olishning hozircha imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziriligi tomonidan berilgan rasmiy xabarda bu uchrashuvlarda ikki tomonlama aloqalarga oid masalalar muhokama qilinishi haqidagi ikki og‘iz gap aytildi, xolos.
XS
SM
MD
LG