Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:53

“Oskar”ni qozongan ilk musulmon filmi


Rronlik kinochi AQSh kinoakademiyasining oliy mukofotiga sazovor bo‘lgani kino olami uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi, deydi kinomunaqqid Andrey Plaxov.
Rronlik kinochi AQSh kinoakademiyasining oliy mukofotiga sazovor bo‘lgani kino olami uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi, deydi kinomunaqqid Andrey Plaxov.

“Nodirning Simindan judoligi” ("Judoii Nodir az Simin") filmi Amerika kinoakademiyasining bosh sovrini “Oskar”ni qozongan ilk musulmon filmi bo‘ldi.

Eronlik kinochi Asqar Farhodiy (Asghar Farhadi) suratga olgan va ilk titrda Bismillohir Rahmonir Rahim deb boshlanadigan film AQSh kinoakademiyasining eng yaxshi chet el filmi nominatsiyasida “Oskar”ga loyiq ko‘rildi.

Mukofotni olish chog‘ida Asqar Farhodiy o‘z hayajonini forsiyda ikki jumla bilan ifoda etdi:

- Men bu mukofotni meni yetishtirgan va dunyo madaniyati qadriyatlarini xurmat qiladigan xalqimga bag‘ishlayman, der ekan Farhodiy o‘z chiqishini tomosha qilayotgan dunyodagi barcha eronliklarga mujda yo‘lladi.

Asqar Farhodiy "Oskar" mukofotini topshirish marosimida.
Asqar Farhodiy "Oskar" mukofotini topshirish marosimida.
Eronlik er-xotinning ajralishi hikoyasini tasvirlagan bu film Oskar mukofotiga nomzod bo‘lgan beshta xorijiy filmdan biri bo‘ldi.

Kanada, Belgiya, Polsha va Isroil kinochilari suratga olgan filmlar ham eng yahshi chet el filmi nominatsiyasida nomzod bo‘ldi.

Mukofotning Isroil kinochisiga emas balki Eron kinochisiga berilgani kino va siyosat olamida turli mish-mishlarni urchitdi.

Siyosiy qaror?


Moskvalik kinomunaqqid Sharif Shukurovga ko‘ra, AQSh kinokademiyasining kimga sovrin berishi borasidagi qarori doimo siyosiy ob-havo ta‘sirida hal bo‘lib keladi.

Taniqli kinomunaqqid Andrey Plaxov bu filmning "Oskarga" mutlaq loyqiligini alohida ta‘kidladi.

- AQSh kinoakademiyasining bu qarori kutilmagan bo‘ldi. Lekin insof bilan aytsak, bu film bu mukofotga loyiq. Men bu nominatsiyadagi barcha filmlarni diqqat bilan tomosha qilib shunday hulosaga keldim, deydi kinomunaqqid Andrey Plaxov



“Nodirning Simindan judoligi” filmi haqidagi qator maqolalar muallifi, jurnalist Qudrat Shohidiyga ko‘ra, film haqiqatda ham bunday yuksak sovringa loyiq.

- Bu faqat mening fikrim emas. Mavzusi siyosiy bo‘lmagan bu film, badiiy saviya nuqtai nazaridan shunday yuksak mukofotga loyiq. Keyingi bir yil ichida bu film 60 dan ziyod mukofot oldi. Agar e‘tibor bergan bo‘lsangiz mashxur kinochi Vudi Alan ham bu kino haqida juda ijobiy fikr bildirdi.

Shohidiyga ko‘ra, bu film 2010 yil Eronda suratga olingan va Erondagi eng obro‘li "Fajr" kinofestivalining bosh sovrini “Billur Semurg‘” mukofotini olgan.

- Bu film Erondagi kinoteatrlarda hech qanday cheklovlarsiz namoyish qilinyapti. Uni yaratgan kinochi Asqar Farhodiy Tehronda rafiqasi va qizi bilan istiqomat qiladi, deydi Shohidiy.

“Nodirning Simindan judoligi” kinofilmi Eron madaniyati va islomiy qadriyatlar vazirligi tarafidan taqiqlangan degan gaplar bor bunga nima deysiz deb savol berdik suhbatdoshga:

- Erondagi tartibga ko‘ra, kino olishdan oldin litsenziya olinadi. 2010 yilda bu kino uchun litsenziya berilgan. Sal o‘tmay stsenariydagi ba‘zi dialoglar mulozimlar e‘tiroziga sabab bo‘lib, litsenziya qaytarib olingan. Kino muallifi mulozimlarga o‘z ko‘z qarashlari to‘g‘riligini isbot qilganidan keyin litsenziya qaytib berilgan. Bu bir ish jarayoni, bu jarayonga urg‘u berib bu kino Eronda ta‘qiq ostida deyish noto‘g‘ri.

Shohidiy siyosat va tanqiddan ko‘ra insoniy munosabatlarga ko‘proq o‘rin berilgan film “Oskar” olgan ilk musulmon filmi sifatida tarixga kirdi, deydi.e

"Billur Semurg‘", "Oltin ayiq", "Oltin globus" va "Oskar"


“Nodirning Simindan judoligi” filmi o‘tgan yili Berlin kinofestivalining bosh sovrini “Oltin ayiq”ni qozongan edi, keyinroq esa “Oltin globus”ga loyiq topildi.

“Nodirning Simindan judoligi” filmi bir yil ichida 60 dan ziyod mukofot oldi.
“Nodirning Simindan judoligi” filmi bir yil ichida 60 dan ziyod mukofot oldi.
Bu festivallar dasturida filmni tomosha qilgan o‘zbek kinochisi Ali Hamroyev nazarida Asqar Farhodiy katta ma‘nodagi kinosehrgardir.

- Men odatda kinoga tanqidiy yondoshaman, ammo bu film har tarafdan meni maftun qildi. Bu kino AQSh-Eron munosabatlari bois, kon‘yunktura andishasida mukofot oldi degan gaplarga qo‘shilmayman.

Kino tomoshabin yurak torlarini chertuvchi hassos tuyg‘ularga asoslangan. Kino esa birinchi galda emotsional hodisa. Men kinochi Asqar Farhodiyni yahshi asar yaratgani bilan va AQSh kinoakademiyasini esa tarafsiz qaror qabul qilgani bilan tabriklayman.

Jon chekmaguncha jonona qayda yoki “Oskar”siz o‘zbek kinosi


Bir sharq kinochisining “Oskar” olganini televizorda ko‘rib xursand bo‘ldim deydi O‘zbekiston xalq artisti Gulchexra Jamilova.

- Mana bo‘larkanku. Sharq kinochilari ham shunaqa sovrin olishi mumkin ekan deb sevindim. Ikkinchi tarafdan o‘zbek kinochilarining saviyasiz filmlari To‘ytepadan nariga o‘tmayotganidan hafa bo‘ldim, deydi xalq artisti.

“Nodirning Simindan judoligi” filmi 16 yil bir yostiqqa qo‘ygan er-xotin ajralishi bilan bog‘liq hissiyotlar hikoyasidir.

Melodrama janridagi bir filmning bu qadar muvaffaqiyat qozonishi bejiz emas deydi Gulchehra Jamilova:

- Men suratga tushgan “O‘tgan kunlar” filmi ham melodrama edi. Otabek va Kumush mojarosi. Ammo qarang qanaqa mashxur bo‘ldi. Saviyasiz katta gaplar va siyosiy propagandadan ko‘ra insoning samimiy munosabatlari tomoshabinga qiziq. Afsus bu haqiqatni o‘zbek kinochilari tushunib yetishmayapti. Erkinlik yo‘q, tsenzura deyishadi, pul yo‘q deyishadi. Nima Eronda bunaqa muammolar yo‘q ekanmi. Muammoni yengib o‘tgan ijodkorgina mukofotga loyiq, jon chekmaguncha jonona qayda, deydi O‘zbekiston xalq artisti Gulchexra Jamilova.
XS
SM
MD
LG