Линклар

Bu maqsadda o‘rnatilayotgan yangi avtomat elektr hisoblagichlar qarzga kira boshlagan xonadonni avtomatik tarzda tokdan uzib qo‘yishi aytilmoqda.

Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlarida hozir muomalada bo‘lgan elektr hisoblagichlarni yuqori aniqlikda ishlovchi yangi modelga almashtirish boshlandi.

Respublika “Elektr tarmoqlari” korxonasining bu uch viloyatdagi mutasaddilaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, yangi hisoblagichlar elektr toki uchun oldindan undirilgan haq tugashi bilan tokni uzib qo‘yadi.

Mamlakat rahbariyati shu yo‘l bilan elektr tokidan qarzdorlikni tamomila tugatishni niyat qilmoqda.

- Bu xuddi sotka telefonga o‘xshagan gap. Pulingiz tugashi bilan telefon o‘chadi, to‘g‘rimi? Bu schyotchik ham pulingiz tugashi bilan tokni uzadi. To‘lagan pulingizga yarasha svet yoqasiz. Buning hammasi Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori bilan bo‘lyapti,- dedi Elektr tarmoqlari korxonasining hududiy bo‘limlaridan birida ishlovchi o‘zini tanishtirmagan xodim.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 2014 yilga qadar har uch viloyatdagi xonadonlarni yangi avtomat elektr hisoblagichga o‘tkazishni yakunlash rejalashtirilgan va eng muhimi, hisoblagichlar davlat hisobidan o‘rnatilmoqda.

- Schyotchikka pul olinmaydi, davlat hisobidan qo‘yiladi. Agar hozir uyingizdagisi kuyib qolgan bo‘lsa, unda yoningizdan to‘laysiz,- deydi korxona mutasaddisi.

Demak, xonadondagi hozirgi hisoblagich nosoz bo‘lsa, xonadonlar o‘z hisobidan yangisini o‘rnatishi lozim va yangi avtomat hisoblagichning narxi 150 ming so‘m atrofida ekani aytilmoqda.

Mutasaddi tashkilotlar xodimlari yangi elektr o‘lchagichlarning "karomatlari" haqida hozircha batafsil ma‘lumot bera olgani yo‘q.

Bu yangi matoh O‘zbekiston va xorijiy kompaniyalardan biri hamkorlikda ishlab chiqarilayotgani va uning bor siru sinoatini uni o‘rnatayotgan ustalargina bilishi ham aytildi.

- Buni doskonalno bilmoqchi bo‘lsangiz, o‘zining spetslari bilan gaplashishingiz kerakda. Uni o‘zini ko‘rsangiz ham baribir tushunishingiz qiyin. Buning ustiga uning har xili bor hozir,- dedi Elektr tarmoqlari korxonasining o‘zini tanishtirmagan yana bir xodimi.

Ammo, korxona va tashkilotlar, shu jumladan, kichkina do‘kon, ustaxona va hokazo binolariga ega bo‘lgan xususiy tadbirkorlar ham yangi hisoblagichlarni o‘rnatishi, biroq o‘z hisobidan o‘rnatishi lozim.

Yaqinda tuman Elektr tarmoqlari korxonasi qistovi bilan o‘z ishxonasiga avtomat elektr hichsoblagich o‘rnatgan jizzaxlik Mamurjon Azimov uni 260 ming so‘mga xarid qilganini aytdi.

- Majbur qilishdida, men borib 260 ming so‘mga olib kelib o‘rnatdim yaqinda. Shu "Elektroset" idorasining yonida kichkina magazin ochib qo‘yishibdi. O‘sha yerda har xilidan sotilayapti, - deydi Mamirjon Azimov.

Ammo, Mamirjon Azimovning uyiga yangi hisoblagich hali yetib kelgani yo‘q. U tuman mutasaddilari bilan qurgan suhbatlariga asoslanib, o‘zi istiqomat qiladigan Jizzax tumaniga jami 400 dona yangi hisoblagich ajratilgani va uni o‘rnatish jarayoni ham juda sekin ketayotganini aytdi.

- Haqiqatda 400 ta ajratildi, deyapti va qo‘yishni eng katta qarzdorlikka o‘tirib qolgan mahalladan boshladik, deyapti. Eng muhimi, yangi schyotchikni o‘rnatishdan oldin oldingi qarzni to‘latishayapti. Ya‘ni, qarzdorlikni nolga tushirib, keyin yangisini qo‘yib berishyapti, - deydi yangi hisoblagichlarni o‘rnatish hali yana ancha cho‘zilishini taxmin qilgan Mamirjon Azimov.

“O‘zbekenergo” kompaniyasiga ko‘ra, avtomat hisoblash tizimi energiya yo‘qotishlarini minimal darajaga tushirishga yordam beradi. Taxminiy hisob-kitoblar bo‘yicha yangi hisoblagichlar yordamida yiliga 2,75 milliard kilovatt elektrni tejash ko‘zlangan.

Shuningdek, mutasaddilar yangi hisoblagichlarga o‘tish bilan elektr o‘g‘irlanishini kamaytirish ilinjida.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, mazkur loyihani amalga oshirish uchun Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonga 25 yillik muddatga bergan 150 million dollar miqdoridagi zayomdan foydalanilmoqda.
XS
SM
MD
LG