Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:27

Ozodlikda "O‘zbek imomlari": Alixonto‘ra Sog‘uniy


Alixonto'ra Sog'uniy.
Alixonto'ra Sog'uniy.

Bu kishi siyosat, jamoat, din arbobi, ilk o‘zbek marshali va shuningdek, saraton, bepushtlikni davolagan qo‘li yengil tabib sifatida tanilgan.

Aniqki, biz Alixonto‘ra Sog‘uniy hazratlari haqidagi manbarlarda qayd etilgan barcha sifatlarni sanamadik.

Aynan diniy faoliyatiga kelinsa, bu kishi imom, tafsirchi va shuningdek, sovet O‘zbekistonida ilk bor payg‘ambar Muhammad alayhissalom tarixini yozgan adibdir.

Bu kishining nomini olganimiz “O‘zbek imomlari” turkumidir va shu bois ham biz ko‘proq u kishining din sohasidagi faoliyatiga e‘tibor qaratdik.

Alixonto‘ra Shokirxo‘ja o‘g‘li – tavallud To‘qmoqda, vafot Toshkentda


Xalq orasida Alixonto‘ra Sog‘uniy nomi bilan tanilgan allomaning asl ismi - Alixonto‘ra Shokirxo‘ja o‘g‘lidir. Sog‘uniy u kishining taxallusi. U kishi 1885 yilning mart oyida hozirgi Qirg‘izistonning To‘qmoq shahridagi o‘zbek xonadonida tug‘ilgan.

Aksar manbalarda u kishining avtobiografiyasi qisqagina tarzda shunday tilga olinadi:

“Uning otasi Shokirxon To‘ra asli andijonlik bo‘lib, uning nasl-nasabi oliynasab diniy arboblarga borib taqalar edi. Otasi Shokirxon to‘ra bolaligidan zehnli va iqtidorli bo‘lgan Alixonto‘rani akasi Olimxon bilan birga diniy ta‘lim-tarbiyasini takomillashtirish maqsadida Makkaga o‘qishga olib boradi. O‘sha joyda yosh Alixonto‘ra ilohiyot ilmlari - tafsir, hadis, fiqh hamda mantiqni, arab va fors tillarini chuqur o‘rganadi”.

Manbalarda keltirilishicha, Sog‘uniy 1905-1915 yillar oralig‘ida Makka va keyinchalik Jidda shahrida tahsil olgan hamda nafaqat islom ilmi, balki Sharq tabobatini ham chuqur o‘rgangan.

Keyin esa O‘zbekistonga qaytib, ilm olishni Buxoroda davom ettirgan. Uning Buxoro madrasasida islom ilmidan dars bergani, mahalliy masjidda imom-xatiblik qilgani va shu davr oralig‘ida asta-sekin siyosat bilan ham qiziqa boshlagani aytiladi.

Uning o‘sha davrlarda O‘rta Osiyoga egalik qilgan Chor hukumatining mahalliy aholi ustidan ortib borayotgan zulmiga munosabati keskin qarshi bo‘lgan.

O‘zbekiston Milliy entsiklopediyasidan iqtibos keltirgan bir necha o‘zbek tilidagi ijtimoiy saytlarda bu davr shunday ta‘riflangan.

“Chor ma‘muriyatining yerli aholini mardikorlikka olish siyosatiga qarshi chiqqanligi uchun (A. Sog‘uniy — Tah.) podsho mahfiy politsiyasi ta‘qibida bo‘ldi. 1916 yil qo‘zg‘oloni (mardikorlikka qarshi - Tah.) shafqatsizlarcha bostirilgach, siyosiy muhojir o‘laroq Qashqar (Xitoy)ga ketdi, keyin Sharqiy Turkiston (G‘ulja shahri)ga bordi”.

Ammo yana ayrim manbalarda uning Xitoyga ketishidan oldin o‘zbek milliy-ozodlik bosmachilik harakatiga hayrihoh bo‘lgani uchun sobiq sovet hukumati tazyiqiga ham uchragani, to‘rt martta qamalgani va Sibir lageriga jo‘natilishi oldidan etap qilinayotgan paytida qochib, Uyg‘uristonga o‘tib ketgani aytiladi.

Tabiiyki, “Turkiston qayg‘usi” u kishini Xitoyda ham tark etmagan.

Yana rasmiy manbadan iqtibos:

“Omma orasida hurriyat g‘oyalarini targ‘ib qilganligi sababli 1937 yili Xitoy ma‘murlari tomonidan hibsga olinib, umrbod qamoq jazosiga hukm etildi. 1941 yili adliyaviy taftish natijasida ozod qilindi. 1944 yil 12 noyabrda Sharqiy Turkiston jumhuriyati e‘lon qilinib, Alixonto‘ra Muvaqqat inqilobiy hukumat raisligiga saylandi. Milliy qo‘shin tashabbuskori bo‘ldi va unga qo‘mondon etib tayinlandi. 1946 yil iyunda sho‘ro ayg‘oqchilari tomonidan maxfiy ravishda tazyiq bilan G‘uljadan olib chiqib ketilgan Alixonto‘ra umrining oxirigacha Toshkentda yashadi”.

Alixonto‘ra Sog‘uniy 1976 yilning 18 fevralida Toshkentda vafot etadi va Toshkentdagi Shayx Zayniddin bobo qabristoniga dafn etiladi.

B. Shokir: “Tarixi Muhammadiy”ni o‘qishni prezident tavsiya qilgan


Bugungi o‘zbekistonlik musulmonlarning keng qatlami Sog‘uniyni ko‘proq ikkita kitobi — “Tarixi Muhammadiy” hamda "Turkiston qayg‘usi" kitobi orqali yaxshi taniydilar.

Islom payg‘ambari Muhammad alayhissalomning hayot yo‘li aks etgan "Tarixi Muhammadiy" sobiq sovet zamonida yozilgan va kitobxonlarga payg‘ambar hayoti haqida juda keng ma‘lumot bergan ilk manbadir.

Bu kitob Sog‘uniyning nabirasi 60 yoshli advokat Bahmaniyor Shokir harakati bilan nashriyotga qadar yetib kelgan.

Bu kishi Alixonto‘ra Sog‘uniyning sevimli nabirasi bo‘lganini faxr bilan eslaydi.

- Yuristman o‘zim. yoshligimda bobom menga vasiyat qilgandilar: “Sen ishga pishiqsan bolam. Shu narsani kirill harfida chiqarib, xalqqa yetkazgin”, deb. 1988 yildan boshlab, hozir shu kunga qadar "Tarixi Muhammadiy" 5 marta nashrdan chiqdi. 5-10 mingdan chiqadi. U darajada ko‘p emasu, oz. Lekin baholi qudrat bo‘layapti.

Ozodlik: Bu kishi haqida bir-ikki manbalarda o‘qidik. Ayniqsa, "Tarixi Muhammadiy" un qoplarining ichida, yerto‘lada lahmlarning ichida saqlangan ekan. Sizga qanday yetib kelgan u? Sizning qo‘lingizga kelganda qanday ahvolda edi qo‘lyozma?

- Qo‘lyozmalar endi juda ham uniqqan, sarg‘aygan, ko‘p yerlarida harflar o‘chgan bo‘lgan. Endi buni ustoz Abdulaziz Mansurning yordami tufayli nashr qilib xalqqa yetkazdik.

Ozodlik: Ikki-uch yil bo‘lib qoldi bir xabar ham kelgan edi, adashmasam, "Tarixi Muhammadiy" O‘zbekistonda savdodan olinibdi degan.

- Yo‘q, unaqa gap yo‘q. Qaytanga yurtboshimiz o‘zlari “Mana shu kitobni o‘qinglar. Mana dinimiz to‘g‘risidagi haqiqiy ilm, haqiqiy savod mana shu kitobdan chiqadi”, deb aytganlar.

Ozodlik: Qachon va qayerda aytgan? Prezident Karimov aytganmi?

- Yuqori doiralarda ham shu gaplarni aytganlar. Ustozimiz Abdulaziz Mansur prezident davlat maslahatchisi bo‘lib ishlab turgan paytlarida shu gapni bizga yetkazgan edilar. Bu gapni aytganlariga 14-15 yil bo‘ldi.Bobomiz ham vafotlaridan oldin, umrlarining oxirgi yillarida O‘zbekistonning mustaqilligini bashorat qilgan inson bo‘ladilar.

Ozodlik: Siz o‘zingiz eshitganmisiz? Nima deb bashorat qilgan?

- “Bolalarim, mening umrim nihoyasiga yetib qoldi. Men ko‘rmayman, lekin sizlar ko‘rasiz: 15-20 yil o‘tadi, O‘zbekiston mustaqil davlat bo‘ladi. Zolim sovet davlati parchalanib, kunfayakun bo‘ladi. Yo‘q bo‘lib ketadi”, deganlar. Shunda biz bir-birimizga hayratomuz qaraganmiz. Xuddi 15-20 yil emas 18-19 yil o‘tganda ana shu voqea ro‘y berdi. O‘zbekiston mustaqil bo‘ldi.

Ozodlik: Mana shu mustaqillik Alixonto‘ra Sog‘uniy kutgan mustaqillik bo‘ldimi, sizningcha?

- Inshoolloh. Shunday deb umid qilamiz, - deya bu savolga javobni qisqa qildi Bahmanyor Shokir.

Sog‘uniyning sovet hukumati taqiqlagan yana bir hunari — sharqona tabobat


“Tarixi Muhammadiy” kitobiga bitilgan kirish so‘zida u kishining nabirasi Bahmanyor Shokir Sog‘uniyning katta tabib bo‘lgani haqida ham yozadi.

Xususan, u kishining sobiq sovet davrida tabu qo‘yilgan yana bir soha – seksopatologiya yo‘nalishida tadqiqot olib borganini aytib o‘tadi.

Biz Bahmaniyor akadan Sog‘uniy tabobatchiligi haqida ham so‘radik.

- Tabib sifatida ham endi mukammal tabib bo‘lishgan. U kishi seksopotologiyaning ham mutaxassisi edilar deganimizga sabab, men yuridicheskiyda o‘qiganimda bizning bir domlamiz bo‘lardilar. 20 yil farzand ko‘rmagan. Shu kishi ayollari bilan kelib davolandilar. Oz vaqtning ichida farzandli bo‘lib ketdilar. Hozirgi kunda qo‘sha-qo‘sha farzandlari, nabiralari bor u kishining.

Ozodlik: Alixonto‘ra Sog‘uniy davoladilarmi?

- Albatta. Yana boshqa ko‘p misollar bor. Lekin, bu misol men uchun juda ahamiyatli. Ana shu domlamiz umrbod minnatdor bo‘lib o‘tib ketdilar. Ikkinchisi, yurak xastaliklari dedingiz, sovet davrida mashhur bo‘lgan sportchi do‘stim bo‘lardi. Sportdan sovet ittifoqi chempioni bo‘lgan. Shu bola o‘zidan o‘zi ozib, so‘lib yuragi og‘rib, halokat yoqasiga kelib qolganda hamma doktorlarga, vrachlarga borib uchrab oxir-oqibatda bobomga kelgan. Bobom u bolani ishonsangiz, ikki haftada oyoqqa turg‘azib yubordilar. Bir oyning ichida soppa-sog‘ bo‘lib yana mashqlarini davom ettirib ketgan.

Ozodlik: “Tarixi Muhammadiy”ga kirish so‘zida “rakka ham davo topgan”, degan ekansiz.

- Ha, yashang. Bu yana bir misol. Biz bolaligimizda 10-11 yashar qizchani otasi olib keldi. U qizchaning bo‘ynida boshiday keladigan katta shish bor edi. Ana shu shishni butun ittifoq bo‘yicha 5-10 klinikaga olib borgan. Hamma yerda “tomoq raki, buqoq birgalikda” deb tashxis qo‘yishgan. Ana shu kasallikning ham hech bir davosini topa olishmagan. Ana shuni bizning ko‘zimizning oldida “ana shu qizchani onasi bilan boloxonada qoldiring” dedilarda, bir oyga qolmasdan haligi qizning tomog‘idagi shish yo‘q bo‘lib ketdi. O‘zining kallasidan katta keladigan shish bor edi. Ana shunga ham davo topganlar bobomiz.

Ozodlik: Bu juda katta meros ekanda sizning so‘zlaringizga qaraganda. Kimdir davom ettirayaptimi?

Afsuski shu gap mana shu yerdan chiqmasin deb sovet zamonida tazyiqlar ham bo‘lgan. Shogirdlari bo‘lgan. Ammo u narsani bobomday davom ettira olishmagan. Bobom yozgan “Shifo ul-ilal” kitobida bor hammasi. Ammo, menimcha Sog‘uniy bilan ketdi shu qobiliyat. Agar parvardigor yuqtirmasa, yuqishi qiyin ekanda. U kishida shunday fenomen bor edi.

Yarim soatda iymonga kelgan “kgbshnik” iqrori


Alixonto‘ra Sog‘uniyning nabirasi shu kunlarda Sog‘uniy haqida o‘z xotiralarini nashrga hozirlamoqda.

Sevimli nabira bobo bilan ko‘p vaqtini birga o‘tkazgan va Sog‘uniyni tanigan-bilganlar orasida rivoyatga aylanayotgan ayrim voqealarga guvoh bo‘lgan.

Bahmanyor Shokirning ayitishicha, Sog‘uniy duosi mustajob insonlardan biri edi.

Shuni ta‘kidlar ekan, suhbatdoshimiz bobosining duosi bilan iymonga kelganini tan olgan sobiq KGB xodimi bilan bog‘liq voqeani Ozodlik mushtariylariga so‘zlab berdi.

- Bobomning uyiga kiraverishda uzun yo‘lak bo‘lardi. Sovet zamoni. KGB degan baloning hukmronligi davri. Eshikni qattiq-qattiq tepib ikkita odam kirib keldi. “Kim” desam, “Bobong uydami? Och eshikni. Bobong qani?” dedi. Bobomga aytsam “Ha, ma‘qul o‘g‘lim. Mayli kirsin” dedilar. Shu bilan 30-35 yoshlardagi ikkita bobomning oldiiga kirib ketdi. 15-20 daqiqa o‘tmasdan qaytib chiqdi. Qo‘li ko‘ksida. Bobomga yuzi bilan, bizga orqasi bilan. “Taqsir bizni ham duo qilib turing”, deb.

Ozodlik: Kim bo‘lgan ekan o‘zi ular?

- KGBning xodimlari. Qandaydir navbatdagi tekshirish bilan kelganda. Keyin yugurib bobomning oldiga kirib “Bobojon, vahshiylarcha kirib kelgan ikkalasi oldingizdan mulla mingan eshakday, suvga tushgan mushukday chiqib ketishdi. Nima gap ” desam, “Bolam duo qilib qo‘ydimda” dedilar. Ikki og‘iz kamtarona, hokisorona javob berdilar. Oradan 40 yillar o‘tib, bobom dafn etilgan Shayx Zayniddin qabristonida bir bo‘yi uzun, gavdali, kelishgan, 75 yoshlardagi odam bilan ko‘rishdim.

“Siz Baxmanyorsiz-a?” dedilar va yig‘lab ko‘rishdilar. Bu odam haligi zamonda kelgan KGBning bittasi ekan. “Tarixi Muhammadiy mening eng sevikli kiitobim. yostig‘imning tagida turadi. Bizni o‘shanda 15 daqiqada imonga keltirib qo‘ygan edilar. Men polkovnik unvonida iste‘foga chiqdim. Sherigim 5-6 yil bo‘ldi o‘tib ketdi”, dedilar. Shu bilan ko‘p vaqt xabarlashib turdik.

Juda ajoyib odam ekanlar. “Men iblis mafkuraga xizmat qilgan edim. Lekin o‘shanda imonga keltirib qo‘yganlaridan keyin umuman shu tuzumga nafrat bilan yashadim. Xizmat qilganda ham qalbimda imonim bila yashadim”, dedilar. U kishining vafotlariga 2 yil bo‘ldi. Bu narsani entikmasdan, hayajonlanmasdan eslay olmayman. Bunday voqealar ko‘p gapiraman desa. Bittasini aytdimda sizga, -deya bobosi Alixonto‘ra Sog‘uniyni xotirladi Bahmanyor Shokir.

O‘zbek imomlari haqida Ozodlikka bildiring


Biz bugungi eshittirishimizda O‘zbekiston musulmonlarining katta avlodi juda yaxshi taniydigan, xotirlaydigan Alixonto‘ra Sog‘uniyning diniy faoliyati hamda tabibati haqidagi ayrim ma‘lumotlar va nabirasi xotiralarini sizga taqdim etdik.

Ammo, bu kishining juda muhim va ulkan bo‘lgan siyosiy-harbiy faoliyati ham tarixda qolgan.

Bu kishi mustaqil Turkiston g‘oyasini ilgari surgan, buning uchun kurashgan va bu asosda “Turkiston qayg‘usi” asarini yozgan.

Tarixiy ma‘lumotlarda u kishining 1944 yilda inqilob ortidan qayta tuzilgan Sharqiy Turkiston respublikasining ilk prezidenti va o‘zbek millatidan chiqqan ilk marshal ekani aytiladi.

Ayni damda Sog‘uniyning mana shu yo‘nalishdagi asarlari va g‘oyalari ustida ish olib borayotgan yaqinlari bor va biz kelgusi dasturimizda ulardan biri bilan suhbatlashini rejalayapmiz.

"O‘zbek imomlari" turkumidan boshlaganimiz yangi loyiha biroz mushkulligi, ayrim ma‘lumotlar nodirligini inobatga olgan holda sizning yordamingizga umid qilamiz.

Ushbu turkumdagi qahramonimiz Alixonto‘ra Sog‘uniy haqida bilganlaringiz bo‘lsa, marhamat, bizga bildiring.

Ozodlikka maktub yozing: ozodlikmail@gmail.com, ozodlikweb@rferl.org

Ozodlikka qo‘ng‘iroq qiling: +420 602 612 713, +420 777 148 199
XS
SM
MD
LG