Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:12

“Sho‘rtanneftegaz” mulozimi o‘z joniga qasd qildi


“Sho‘rtanneftegaz” unitar sho‘‘ba korxonasining direktori o‘rinbosari Soat Abashov Qarshi shahar sudining ikkinchi qavatidan o‘zini tashlab yuborib, nobud bo‘ldi.

Joriy yilning 22 fevral kuni “Sho‘rtanneftegaz” unitar sho‘ba korxonasining Rejim bo‘yicha boshliq o‘rinbosari Soat Abashov Qarshi shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudi binosining ikkinchi qavatidan o‘zini tashlab yuborgan.

Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan manbaga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati MXX tergov izolyatorida 12 kun davomida hibsda ushlab turilgan Soat Abashov o‘sha kuni Qarshi shahar sudiga olib kelingan.

Manbaning aytishicha, sudya Abashovni qamoqqa olish bo‘yicha sanktsiya berish qarorini e‘lon qilgach, Abashov militsiya xodimlarini chalg‘itib, sudning ikkinchi qavatidan o‘zini tashlab, joniga qasd qilgan.

"Abashov og‘ir ahvolda Viloyat shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga keltirilgan va yordam ko‘rsatilgan. Lekin foydasi bo‘lmay shu kuni shifoxonada vafot etdi” deydi o‘z ismini oshkor qilishni istamagan manba.

Qashqadaryo viloyat shoshilinch tez tibbiyot yordam markazi xodimlari Ozodlikning bu haqdagi so‘roviga, uzoq tekshiruvlardan keyin, 22 fevral kuni Soat Abashov ismli bemor shifoxonaga tushmaganini ma‘lum qilishdi.

“Sho‘rtanneftegaz” unitar sho‘ba korxonasining o‘zini tanishtirmagan xodimasi Rejim bo‘yicha rahbar o‘rinbosari Abashovning vafot etganini tasdiqladi.

- Abashov Soat rahmatli bo‘lgan. Yaqinda o‘lgan. Boshqa hech narsa gapira olmayman,- deya telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ydi “Sho‘rtanneftegaz” xodimasi.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, Soat Abashov joriy yilning 10 fevral kuni korxonada o‘tkazilgan maxsus reyd natijasida hibsga olingan.

Ma‘lum sabablarga ko‘ra ismi-sharifini oshkor qilmayotganimiz manbaga ko‘ra, 10 fevral kuni Qashqadaryo viloyat Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan “Sho‘rtanneftegaz” korxonasida maxsus reyd o‘tkazilib, yigirmadan ziyod shaxs hibsga olingan.

“Shu kuni yuzlariga niqob taqqan, qurollangan maxsus xizmat zobitlari (aytishlaricha, bu MXXning 7-bo‘limi o‘tkazgan "Burgut" nomli operatsiyasi bo‘lgan) tomonidan yigirmadan ziyod shaxs pora olish, pora berish, mansab vakolatini suiiste‘mol qilishda ayblanib, qo‘lga olindi va Qashqadaryo viloyati Milliy xavfsizlik xizmati tergov izolyatoriga tashlandi” deb ma‘lum qildi Ozodlik manbasi maktub orqali.

22 fevral kuni Qashqadaryo viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha sudi “Sho‘rtanneftegaz”ning hibsga olingan xodimlarini qamoqqa olish bo‘yicha sanktsiya berish masalasini ko‘rib chiqqan.

Shu kuni sud 11 kishini qamoqqa olish bo‘yicha sanktsiya bergan, boshqa hibsga olinganlar esa qo‘yib yuborilgan.

Qashqadaryo viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha sudining o‘zini tanishtirmagan sudyasi “Sho‘rtanneftegaz” xodimlariga sanktsiya berilganini tasdiqladi. Biroq sudya boshqa tafsilotlarga to‘xtalmadi.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, sud sanktsiyasi berilganlardan besh nafari “Sho‘rtanneftegaz” korxonasining mansabdor shaxslaridir.

Manbaning aytishicha, “Sho‘rtanneftegaz” korxonasi rahbari Ilxom Norchayev ham 10 fevral kuni hibsga olingan, biroq so‘roqqa tutilgach, 3 soatdan keyin qo‘yib yuborilgan.

“Sho‘rtanneftegaz” unitar sho‘‘ba korxonasi ma‘sullari hibsga olishlar bilan bog‘liq vaziyatni izohlashni xohlamadi.

"O‘zbekneftegaz" milliy xolding kompaniyasining sho‘‘ba korxonasi bo‘lgan "Sho‘rtanneftegaz" mamlakatdagi eng yirik gaz qazib chiqarish korxonalaridan biridir.

"Sho‘rtanneftegaz"ning yillik gaz ishlab chiqarish hajmi qariyb 15 miliard kub metrni tashkil qiladi. Bu mamlakat bo‘yicha yillik gaz ishlab chiqarishning to‘rtdan biriga to‘g‘ri keladi.

Hozirda "Sho‘rtanneftegaz" 7 ta neft va 4 ta gaz kondensati konlaridan foydalanmoqda.

Shuningdek, korxona 175 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Uzinform axborot portali ma‘lumotiga ko‘ra, “Sho‘rtanneftegaz”ning ishlab quvvatini oshirish uchun 48 million AQSh dollari miqdoridagi yangi loyihani amalga oshirish mo‘ljallanmoqda.
XS
SM
MD
LG