Линклар

Yulduz Usmonova 114-raqamli litsenziya asosida "Dilafro‘z" restoranida kontsert beradi degan afishalar Samarqand ko‘chalarida paydo bo‘ldi.

Samarqanddagi “Dilafro‘z” restoranida shu yilning 6 mart kuni O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova kontsert beradi.

Bu haqda Ozodlik radiosiga kontsert tashkilotchisi Sherzod Hakimov ma‘lum qildi.

Kontsertga atab chop qilingan afishada Yulduz Usmonovaning qo‘shiq ijro etishga izn beruvchi litsenziya raqami ham keltirilgan.

Bu xolatdan Yulduz Usmonovaning kontsert faoliyatiga shu kunlarda cheklov yo‘q degan xulosa chiqadi.

Keyingi ikki yil mobaynida O‘zbekistonda Yulduz Usmonova ijodiga taqiq qo‘yildi degan gap-so‘zlar urchigani kuzatildi.

Xonandaga yaqin manbalar Yulduz Usmonovaning O‘zbekistonda hech bir muammosiz kontsert faoliyati olib borayotgani, to‘y, charlar, tug‘ilgan kun kabi marosimlarda kunora buyurtma qo‘shiqlar ijro qilayotganini bildirishdi.

Kontsertmi yoki sunnat to‘yi?


“Dilafro‘z” restoranida bo‘ladigan kontsertni, xayriya tadbiri o‘laroq tashkil qildik deydi, Ozodlik bilan suhbatda restoran rahbarlaridan biri.

- Bu shunchaki kontset emas balki xayriya tadbiridir. Besh-olti kambag‘allarning bolalarini hatna qildiramiz. Sunnat to‘yi desa ham bo‘ladi, deydi o‘zini restoran ish yurituvchisi deb tanishtirgan suhbatdosh.

O‘zbek shou-dunyosi ikir-chikirlaridan yaxshi xabardor bo‘lgan xonanda Aziza Niyozmatova, bu tadbir 800 kishiga mo‘ljallangan zalda o‘tishini va tijoriy foydani ko‘zlagan kontsert ekanini aytadi.

- Xayriya ekanidan xabarim yo‘q, ammo menga yaqin kishilar bu kontsertga chipta sotib olishdi. Bitta chipta narhi 130 ming so‘m.

Yulduz Usmonovaga ta‘qiq bo‘lmagan


Yulduz Usmonova taqiqlanibdi, qo‘shiqlari efirdan olib tashlanibdi, degan gaplar 20 yildan beri bot-bot o‘rtaga chiqadi.

Ana shunday iddaolardan eng so‘nggisini Gulnora Karimova ismi bilan bog‘lashadi.

Ozodlik muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan shou-dunyosi vakili Yulduz Usmonovadan eshitgan gapiga asoslanib, “Gulnora Karimova Yulduz kontsertlarini taqiqlagan”, deb aytgan edi.

Ozodlik muxbiri bu masala xususida Yulduz Usmonovaga yaqin bo‘lgan kontsert ma‘muridan so‘radi.

- Bu noto‘g‘ri gap. Yulduz Ibragimovnaga Gulnora Islomovaning ehtiromi nihoyatda baland. Masalan, bultur dekabr oyida Yulduz Ibragimovnaning tavvallud kunida Gulnora Karimova tabrik telegrammasi yo‘lladi. Bu telegramma Farruh Zokirov, G‘ulomjon yoqubov kabi san‘at arboblari qatnashgan katta tadbirda rasman o‘qildi, deydi suhbatdosh.

Yulduz Usmonova keyingi paytda kontsert qo‘ymayapti, Samarqanddagi kontsert keyingi yillari ichida ilk izn berilgan kontsert deyilyapti, bunga nima deysiz? deb savol berdik suhbatdoshga.

- Kontsert faoliyati bir zum ham to‘xtamagan. Litsenziya ham olib qo‘yilmagan. Masalan, yaqinda Navoiyda kontsert berdi, deydi suhbatdosh.

Yulduz Usmonova 1998 yili O‘zTV rahbarlari bilan tortishgach, bir muddat sahnadan chetlashtirilgan edi.

O‘sha yilning o‘zida Usmonova O‘zbekiston adabiyoti va san‘ati gazetasida “Ot to‘rt oyog‘i bo‘la turib qoqiladi, meni ikki oyog‘im bor, kechiringlar", deb uzr tilaganidan keyin yana sahnaga qaytarilgan edi.

Fonogrammaga qarab og‘izni ochib yumish


O‘tgan yilning iyun oyida Toshkentdagi balet maktablaridan birida Yulduz Usmonovaning qizlar bilan raqs qilayotgani aks etgan video internetdagi YouTube portaliga yuklandi.

Bu vidomaterialda Yulduz Usmonova qo‘shiqchilar ko‘payganidan yozg‘irib, "kim fonogramma aytsa harom" deb bayonot beradi.

Ayni paytda Yulduz Usmonovaning 6 martga belgilangan kontserti afishasida “Fonogrammadan foydalaniladi” deb yozib qo‘yilgan.

Usmonovaning Tojikiston va Qozog‘istondagi kontsertlarini tomosha qilganlar fonogramma ishlatilganini aytishadi.

Bu tomoshabinlar "mullaning aytganini qilu, qilganini qilma", degan maqolni Usmonovaga nisbatan ishlatishdi.

Ipak yigiruvchi, raqqosa, qo‘shiqchi, deputat, hoji ona


1963 yil Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan Yulduz Usmonova maktabni bitirib, Marg‘ilon ipak yigirish kombinatida ishchi bo‘lib ishladi.

Keyin pedagogika bilim yurtida musiqadan tahsil oldi, to‘ylarda raqs tushdi.

Toshkent davlat konservatoriyasini hatm qildi.

Usmonova 1989 yildan boshlab yakkaxon ashulachi sifatida tanildi.

2000 yili O‘zbekiston parlamenti deputati etib saylandi. 2006 yilda Haj ibodatini ado qilib hoji ona bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG