Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:23

Namangandagi masjidlarga videokameralar o‘rnatildi


Fevral oyi davomida Namangan shahridagi 30 ga yaqin masjidning barchasida yoppasiga videokameralar o‘rnatilgan. Ozodlikning Namangandagi manbasi yuborgan bu xabarni shahardagi aksar masjid xodimlari tasdiqladi.

Fevral oyining keyingi ikki haftasida Namangan shahridagi barcha masjidlarga bir emas¸ bir nechtadan videokameralar o‘rnatildi va bu namozxonlar orasida shubha va qo‘rquv uyg‘otmoqda¸ deya xabar qildi Namangan shahridagi yosh namozxonlardan biri.

- Namanganda machitlarga kamera o‘rnatishdi. Fevralning boshidan boshlandi bu. Namanganda nechta machit bo‘lsa, hammasiga o‘rnatdi. Namoz o‘qiydigan joydayam, eshikdan kiradigan joylarga ham qo‘yib tashlangan. Ichkariga kichkina kameralar qo‘yib tashlangan. Namanganda 27 ta machit bo‘lsa, hamma yoq polniy kamera.

Men shaxsan o‘zim to‘rtta machitga borgan bo‘lsam, to‘rttasida ham kamera bor. O‘zimizga yaqinroq bir birodarimiz borlar. O‘sha kishidan so‘rab ko‘rsam, “To‘rtta emas, Namanganda nechta machit bo‘lsa, hammasiga qo‘yib bo‘lindi¸ tushunayapsizmi”¸ deb ishonch bilan guvoh sifatida aytdi menga¸ deydi Ozodlikning xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘z shaxsi oshkor qilinmasligini so‘ragan Namangandagi manbasi.

Namozlarini asosan jamoat bilan birga masjidlarda o‘qishni qanda qilmay kelgan bu dindor yigit¸ aksar masjid imomlari otning qashqasidek ko‘rinib turgan videokameralar haqida jamoatga izoh berayotgani¸ ammo berilayotgan izohlar namozxonlar shubhasini tarqata olmayotganini aytadi:

- Imomlar “Xavotir olmanglar. Buning hech nimasi yo‘q. O‘g‘irlik ko‘payib ketgani uchun, machitda u-bu narsa o‘g‘irlangani uchun qo‘yildi” deb yuzaki gap gapirishdi¸ xolos. Masjidda o‘g‘irlik umuman bo‘lgan emas. O‘zi O‘zbekistonda dindorlar nazorat ostida. Kamiga machitlarga kamera qo‘yib¸ machitdagi dindorlarga qarshi ishda bu¸ deydi namanganlik manba.

Namangan shahar hokimligi rasmiysiga ko‘ra¸ ayni kunlarda shaharda rasman ro‘yxatga olingna 30 ta masjid ishlab turibdi.

29 fevral kuni Ozodlik muxbiri ana shu masjidlarning bir nechtasiga sim qoqdi. Suhbat indallosidanoq masjid xodimlari keyingi ikki hafta davomida ibodatxonalarga videokameralar o‘rnatilgani haqidagi xabarlarni tasdiqladilar. (Masjid xodimlari xavfsizligini nazarda tutgan holda¸ Ozodlik o‘ziga ma‘lum bo‘lsa-da¸ bu masjidlar nomini oshkor qilmaydi – tahr.)

- Ha¸ o‘rnatib bo‘ldik. Hamma har xil o‘rnatayapti. Bitta sana mo‘ljallab qo‘yilgani yo‘q. Jamoat, insonlarning xavfsizligi, buyumlarning xavfsizligi, asosan insonlarning xavfsizligini o‘ylab qilinayapti bu ish. Hozirgacha masjidimizda o‘g‘irlik bo‘lgani yo‘q. Ammo¸ "O‘zingni ehtiyot qil, qo‘shningni o‘g‘ri tutma", deganku. Bizning masjidda videokameralar ichkariga¸ hovliga o‘rnatildi. Jamoatda hech qanday bezovtalik yo‘q. Siz o‘zingiz kelib turib ko‘rsangiz, hammasiga ishonch hosil qilasiz¸ dedi Namangandagi eng yirik jome‘ masjidi xodimi.

Shahardagi yana bir masjidning telefon go‘shagini ko‘targan xodimi:

- Ha¸ qo‘ydik. To‘rt-besh kun bo‘lib qoldi¸ deya qisqa javob bergan bo‘lsa¸ boshqa masjid xodimi:

- Ha, qo‘yib bo‘lindi. Ancha bo‘ldi. 10-15 kun bo‘ldi. Imomlar boshliqda endi. Hozir bizning masjidda besh-oltita kamera bor. Jamoatga hech qanday ta‘siri yo‘q buning. O‘shanday kelib ketib turilibdi. Nimaga qo‘rqadi? Odamlar ancha tushunib qolgan narsa. Buning foydasi borki¸ ziyoni yo‘q. Jamoa so‘rasa, domla tushuntiradi. Jumada imom aytib o‘tdilar bu haqda¸ dedi Namangan shahridagi yana bir masjid xodimi.

O‘zbekiston Musulmonlar idorasidan 29 fevral kuni Namangan shahridagi masjidlarga videokameralar o‘rnatilgani sabablari yuzasidan tushuntirish beradigan rasmiy topilmadi.

Qirg‘iziston janubidagi Qorasuv jome‘ masjidining imom xatibi Rashod qori Kamolov Farg‘ona vodiysida o‘z dindorligi bilan tanilgan Namangan shahridagi masjidlarga yoppasiga videokamera o‘rnatilganini O‘zbekiston hukumati musulmonlarga nisbatan tazyiqni yangi bosqichga olib chiqqani alomati sifatida sharhlaydi.

- Bizning mintaqalarda machitlarga umuman kameralar qo‘yib nazorat qilishlik umuman behojat, lekin¸ albatta¸ davlat xodimlari tarafidan buning qo‘llanishligi va imomlarning xalqqa tushuntirish ishlarini aytishligi qandaydir musulmonlarga boshlangan ikkinchi bir hujum, ya‘ni yoshlarga, dindorlarga bo‘lgan ikkinchi hujum¸ deb qabul qilsa bo‘ladi. Men shunday qabul qildim. Oddiy musulmon qatorida javob beradigan bo‘lsam, oddiy musulmon machitga kirib kameraning oldida turganda o‘zini xatarda sezadi. Oddiy musulmondan so‘rasangiz, har biri xatarda sezadi o‘zini bundan keyin. Birovni jinoyatchi qilishlik uchun “machitda bo‘lgan ekansan ish paytida, maktab paytida, paxta terimida” degan narsa uchun, yana bitta jinoyat uchun hujjat bo‘lib qoldi. Undan boshqa narsa emas¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda taniqli imom Rashid qori Kamolov.

Davlat va din bir-biridan ayri bo‘lgan O‘zbekiston kabi davlatlarda musulmon jamoasini bunday yalpi nazorat ostiga olish¸ inson haqlarining qo‘pol tarzda buzilishidir¸ deb davom etadi qorasuvlik imom.

- Saudiy Arabistonidagi ayrim yirik masjidlarda ana shunday kameralar bor. Bu islomiy ibodatni butun olamga ko‘rsatish uchun qo‘yilgan kameralar. Xuddi shu kameralarning oldida ulamolar aytadiki, shu joyda o‘tirganda namozning halovati yo‘qoladi¸ chunki inson o‘zini riyokorlikka olib borishlikka¸ ya‘ni butun olamga o‘zini ko‘rsatishlikka intilishlik degan narsa bo‘lib qoladi. Reklama jihatidan shunday fatvo bergan bo‘lsa ahli ilmlar, hozirgi kunda¸ xossatan¸ O‘zbekistonda mana shunday dindorlar, yetakchilar, namozxonlarga bo‘layotgan hujumning ostida, albatta¸ musulmon odam uni ko‘rganda namozda Olloh bilan bog‘lanadigan halovati yo‘qoladi. Bu musulmon odamning huquqini poymol qilishlik hisoblanadi¸ deydi Qorasuvdagi masjidlardan birining imom-xatibi Rashod qori Kamolov.

O‘zbekistonda sovet davrida ham islomiy an‘analarni kuchli ushlab qolgan Namangan shahri ko‘plab taniqli islomiy ulamolar va qorilar vatani sanaladi. Xususan¸ O‘zbekiston hukumati o‘zi uchun ashaddiy dushman deb bilgan O‘zbekiston islomiy harakati yetakchilari Juma Namangoniy¸ Tohir Yo‘ldosh va rasmiy Toshkent tomonidan "Vahhobiylik" diniy oqimi yetakchisi deb iddao qilinadigan Obidxon qori Nazarovlar namanganlikdir.

O‘zbekiston islomiy harakatining har ikkala yetakchisi Afg‘oniston va Pokistondagi harbiy amaliyotlar chog‘ida o‘ldirilgan bo‘lsa¸ 2006 yilda Shvetsiyadan boshpana topgan Obidxon qori Nazrovga qarshi 22 fevral kuni sirli suiqasd uyushtirildi. Ayni kunlarda O‘zbekiston rejimining jiddiy muxoliflaridan biri sanalgan taniqli imom Shvetsiya kasalxonasida og‘ir ahvolda qolmoqda.
XS
SM
MD
LG