Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:02

Dushanbe Rossiya bazalari uchun ijara haqqi so‘ramoqda


Ayni kezda yana 49 yillik muddatga shartnoma imzolashga urinayotgan Moskva bilan Dushanbe o‘rtasida bu masala bahs bo‘lib turibdi.

29 fevral kuni Moskvada bu haqda bayonot bergan Tojikistonning Rossiyadagi elchisi Abdulmajid Do‘stiyevning aytishicha, Tojikiston tomoni mamlakatdagi Rossiya harbiy bazalari uchun 300 million AQSh dollari miqdorida ijara haqqi so‘ramoqda.

Elchiga ko‘ra, ayni kezda tomonlar yana 49 yillik muddatga shartnoma imzolash ustida muzokara qilmoqda va muammoli masalalardan biri aynan ijara haqqi bilan bog‘liqdir.

Rossiya harbiy bazalari Tojikistonning Dushanbe, Ko‘lob va Qurg‘on tepa shaharlarida joylashgan.

- Nafaqat Tojikiston elchisi balki, oddiy fuqaro o‘laroq aytishim kerakki, bugungi dunyoda biror bir davlat hattoki bir qarich yerini boshqalarga shundoqqina berib qo‘ymaydi. Bizning davlatimiz ham shunday yo‘l tutishi kerak va bu to‘lov 300 million AQSh dollari yoki harbiy-texnikaviy yordam ko‘rinishida ham bo‘lishi mumkin. Bugun biror kimsa o‘z yerini boshqalarga tekinga berganlarga rahmat ham aytmaydi,- dedi Tojikiston elchisi.

Ammo, elchi Do‘stiyev o‘z so‘zlari orasida Rossiya tomonining 300 million dollarlik summadan faqat 10 foizini berishga rozi bo‘lishi ham o‘z davlatini qoniqtirishi mumkinligini qistirib o‘tdi.

Ayni paytda Tojikistonda ikkita harbiy bazaga ega Rossiya tomoni hech qanday ijara haqqini to‘lamaydi.

Bulardan biri bo‘lgan Rossiyaning 201-Diviziyasi Tojikistonda Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyin tuzilgan va Tojikistonga joylashtirilgan. Bu baza sobiq Sovet ittifoqi qulaganidan so‘ng ham saqlanib qoldi.

U 1 ming 344 kilometr uzunlikdani tojik-afg‘on chegarasini qo‘riqlayotgan Rossiya harbiylarini ta‘minlovchi baza bo‘lgan va shuningdek, 1992-1997 yillarda Tojikistonda bo‘lgan fuqarolar urushi davrida muhim harbiy ta‘minot bazalaridan biri bo‘lgan.

Do‘stiyevga ko‘ra, hozir u zamonlar ortda qolib, yangi zamonlar kelgan va siyosat ham o‘zgachadir.

- Bugungi Tojikistonning 1990 yillarda boshqa davlatlar tomonidan taqdiri hal qilingan Tojikistondan farqi kattadir,- dedi Tojikiston elchisi Dushanbe istagini himoya qila turib.

Tojikiston harbiylari mamlakatning Afg‘oniston bilan chegarasi nazoratini 2005 yilda o‘z qo‘liga olgan. Biroq, Rossiyaning 7 mingga yaqin harbiysi hanuz Tojikistonda xizmat qilmoqda.

Bu Rossiyaning mamlakat tashqarisiga joylashtirilgan eng katta harbiy qismidir.

Tojikiston bunga qadar ham rus harbiy bazalari uchun ijara to‘lovini unidirish istagini bir necha bor bildirgan edi.

Ammo, hozirda bu masalani qo‘shni Qirg‘iziston ham ko‘tarayotgani Tojikiston elchisi bayonoti ahamiyatini oshirmoqda.

23-25 fevral kunlari Rossiyaga safar qilgan Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambayev ham Rossiyaning Qirg‘izistondagi harbiy bazasi uchun haq to‘lamayotgani masalasini tilga olgan edi.

Jumladan, "Exo Moskvы" radiosiga bergan intervyusida prezident Rossiya to‘rt yildan beri foydalanayotgan Kant harbiy bazasi uchun ijara haqqi to‘lamayotganini aytdi.

Shunday ekan, "bizga bunaqa bazaning keragi bormi o‘zi?" deya savol tashladi Atambayev.

Keyin esa Atambayev Rossiya Prezidenti Dmitriy Medvedev Rossiya Mudofaa vazirligiga Kant harbiy bazasi uchun 10 kun ichida taxminan 15 million AQSh dollari miqdorida haq to‘lash haqida topishiriq berganini ham qo‘shimcha qildi.

Biror summaga aniqlik kiritmagan Kreml rahbariyati esa Qirg‘izistondagi harbiy baza uchun haq to‘lashga tayyorligini bildirib, bayonot berdi.

Ammo, ushbu bayonotda Qirg‘izistonning Rossiyadan olgan 493 million dollarlik qarzini undirish masalasi bunga nisbatan ancha murakkabligi ham aytib o‘tildi.

Rossiya Kant harbiy bazasini 2003 yilda ochgan va undan Kollektiv hamkorlik shartnomasi tashkilotining Tezkor kuchlarini ta‘minlashda foydalanadi.

Almazbek Atambayev ayni damda Manasga o‘rnashtirilgan AQSh havo bazasi bo‘yicha muddati yakunlanib borayotgan kelishuvni 2014 yildan boshlab uzaytirmaslik niyatini ham bot-bot tilga olgan.

U mamlakatdagi barcha AQSh va NATOga qarashli qo‘shinlarining chiqib ketishini istashini ham aytgan.

AQSh harbiylari bu bazadan 2001 yildan buyon foydalanib kelmoqda va 2001 yildan buyon NATO qo‘shinlari Tojikistonga ham kiritilgan. Asosiy qismini Frantsiya harbiylari tashkil qiluvchi 200 harbiylik qism Dushanbe tashqarisidagi harbiy bazalardan birida Afg‘onistonga ta‘minot yuklarini yetkazish amaliyotlari uchun saqlanmoqda.
XS
SM
MD
LG