Линклар

logo-print

Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi Obid qori Nazarovga qarshi suiqasdda Toshkent hukumatini ayblab chiqdi.

Frantsiyada joylashgan tashkilot Yevropa Ittifoqi hamda Qo‘shma Shtatlar hukumatlarini Shvetsiyada taniqli o‘zbek imomiga qarshi uyushtirilgan suiqasdni obdon tergov qilishga chaqirdi.

Assotsiatsiyaning da‘vosicha, 22 fevral kuni Shvetsiyaning Stormshund shahrida Obid qori Nazarovga qarshi suiqasd O‘zbekiston maxsus xizmatlari tomonidan uyushtirilgan.

Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi rahbari Nadejda Otayeva ushbu jinoyat buyurtmachilari Toshkentda ekani haqida gapirishga to‘la asos borligini aytadi.

- Bu jinoyat Karimov rejimi tarafidan uyushtirilgan va buni siyosiy qotillikka urinish, xalqaro terror amali deb qarash kerak, - deydi Otayeva.

O‘z so‘zining tasdig‘i sifatida huquq himoyachisi Obid qori Nazarovga suiqasd urinishidan oldin o‘zbek matbuotida unga qarshi keng miqyosli ig‘vo kampaniyasi uyushtirilganini esga oladi.

- Obid qori Nazarovga suiqasd so‘nggi yillar davomida o‘zbek rejimi muxoliflariga qarshi uyushtirilgan bir qator buyurtma qotilliklarning uzviy davomidir, - deydi Otayeva.

Bundan avval Frantsiyadagi “O‘t yuraklar” klubi hamda “Siyosiy tadqiqotlar markazi” Obid qori Nazarovga qarshi suiqasd yuzasidan xalqaro tergov o‘tkazish chaqiriqlari bilan chiqqandi.

Germaniya parlamentidagi Yashillar partiyasi vakili Viola Fon Kramon ham Shvetsiya hukumatini o‘zbekistonlik imomga nisbatan suiqasd urinishi yuzasidan jiddiy tergov o‘tkazishga chaqirgandi.

- Obid qori Nazarovga nisbatan suiqasdning barcha tafsilotlari hozircha bizga ayon emas, lekin sentyabr oyida Rossiyada Fuad Rustamxo‘jayevning o‘ldirilishi ortidan ro‘y bergan bu hodisani shved hukumati sinchkovlik bilan tergov qilishi va uning ortidagi ehtimoliy siyosiy motivlarni o‘rganishi kerak. Agar bu ishga o‘zbek maxsus hizmatlarining aloqadorligi aniqlansa, Yevropa Ittifoqi bunga munosib siyosiy javob qilishi lozim bo‘ladi,- deb ta‘kidlagandi Viola Fon Kramon.

Obid qori Nazarov 22 fevral kuni soat 12 lar atrofida namozdan uyiga qaytayotganda uni o‘z pod‘ezdi oldida kutib turgan noma‘lum kishi yaqin masofadan turib o‘qqa tutgan.

Nazarovning hozirda ahvoli og‘ir ekani aytiladi.

Taniqli imom 2006 yildan beri Shvetsiyada yashab keladi.

Prezident Islom Karimovning ashaddiy dushmanlaridan va o‘zbek ma‘muriyatining eng taniqli tanqidchilaridan biri bo‘lgan imomga rasmiy Stokholm siyosiy boshpana bergan.

O‘zbekiston hukumati Obidxon qori Nazarovni "Vahhobiylik" diniy-siyosiy oqimining O‘rta Osiyodagi rahnamolaridan biri sifatida ko‘radi.

U Toshkentda o‘tgan 10 yil ichida amalga oshirilgan qator qotilliklar va hujumlar ortidan turganlikda ayblangan.

54 yoshli Obid qori Nazarov bu ayblovlarni to‘liq inkor qilib keladi.
XS
SM
MD
LG