Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:29

O‘shda bahorni miting bilan kutib olishdi


1 mart kuni O‘shda qirg‘iz muxolifati tomonidan uyushtirilgan va kamida 7 ming odam ishtirok etgani aytilayotgan miting bo‘lib o‘tdi.

O‘sh markaziy maydonida o‘tgan mitingni millatchilardan iborat ekani aytiladigan “Ata Jurt”, “Butun Qirg‘iziston” va “Uluu Birimdik” partiyalari birgalikda tashkil etishdi.

Ayrim ma‘lumotlarga ko‘ra, mitingda 7 ming odam ishtirok etgan. Biroq miting tashkilotchilari tadbirda 25 ming odam, axborot vositalari esa 15 ming odam qatnashganini bildirmoqda.

Qirg‘iziston muxolifatidagi “Ata Jurt” partiyasi 1 martdan boshlab amaldagi hukumatga norozilik tariqasida mitinglar o‘tkaza boshlashini e‘lon qilgan edi. “Ata Jurt” partiyasi liderlaridan biri Qamchibek Tashiyev O‘shda o‘tgan miting chog‘ida bu rejani yana bir bor ta‘kidladi.

“Bunday mitingni biz Qirg‘izistonning shimoliy hududlarida ham o‘tkazamiz”, dedi u.

4 mart kuni O‘sh shahar kengashi deputatligiga saylov bo‘lib o‘tadi. Shahar kengashi saylovida 8 ta partiya, jumladan, ayni paytda hokimiyat tepasida bo‘lgan O‘murbek Tekebayev rahbarligidagi “Ata Meken”, prezident Atambayev mansub bo‘lgan Sotsial-demokratlar va Bosh vazir O‘murbek Babanov asos solgan “Respublika” partiyalari ishtirok etmoqda.

Ayrim kuzatuvchilar fikricha, mazkur saylovda O‘sh shahar meri Melis Mirzaqmatovga taaluqli ekani aytiladigan “Uluttar birimdigi” (“Millatlar birligi”) partiyasi yetarli darajada ovoz ololmay qolishi mumkin. “Ata Jurt”, “Butun Qirg‘iziston” va “Uluu Birimdik” partiyalari esa shahar kengashi saylovida Melis Mirzaqmatovning partiyasiga qo‘llov ko‘rsatish maqsadida 1 mart kuni bo‘lib o‘tgan mitingni uyushtirishgan.

Gap shundaki, shahar kengashiga saylovda qaysi partiya ko‘p ovoz olsa, o‘sha partiya vakili O‘sh meri lavozimiga saylanadi. Shahar merini saylash 2012 yilning oktyabr oyiga mo‘ljallangan.

Miting davomida Qirg‘iziston parlamenti deputatlari Jildiz Joldosheva, Qamchibek Tashiyev, Axmatbek Keldibekov, Kommunistlar partiyasi rahbari Ishoq Masaliyev saylovda “Uluttar birimdigi” partiyasi va Melis Mirzaqmatovni qo‘llash chaqirig‘i bilan nutq so‘zlashdi.

Siyosatshunos Marat Kazakbayev fikricha, O‘shda bo‘lib o‘tgan mitingning yana bir siyosiy ahamiyati bor: bu bilan muxolifatdagi “Ata Jurt” partiyasi mamlakat janubida katta ta‘sirga ega ekanini va o‘z kuchini hukumatga ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lgan.

O‘shda bo‘lib o‘tgan mitingda olti banddan iborat murojaat qabul qilindi. Unda amaldagi hukumatning iste‘foga chiqishi, professionallardan iborat yangi hukumatni shakllantirish, joriy yilning 7 apreligacha O‘sh qirg‘ini aybdorlarini topib jazolash, 1993 yilgi konstitutsiyani amalga kiritish kabi talablar bildirilgan.

Miting tashkilotchilaridan biri, “Butun Qirg‘iziston” partiyasi raisi Adaxan Madumarovning aytishicha, bu talablarni bajarish uchun hukumatga 15 martgacha muhlat berilgan. Talablar bajarilmasa muxolifat odamlarni yana mitingga da‘vat etmoqchi.
XS
SM
MD
LG