Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:06

Antelava: Deportatsiya uchun 50 dollar pora so‘rashdi


Bi-Bi-Si muxbiri Natalya Antelava.
Bi-Bi-Si muxbiri Natalya Antelava.

29 fevral kuni Bi-Bi-Si Jahon xizmati muxbiri Natalya Antelava O‘zbekistondan deportatsiya qilindi.

BI-Bi-Si jahon xizmati muxbiri Natalya Antelavaning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, Toshkentga shaxsiy safar bilan borgan, biroq uni O‘zbekistonga kiritishmagan.

- 29 fevral kuni ertalab Toshkentga uchib bordim. Aeroportda chegara xizmati xodimi pasportimni olib, kompyuterga men haqimdagi ma‘lumotlarni kiritgach, hamkasbi bilan maslahatlashib, pasportimni ichkariga olib kirib ketishdi. Shu bilan men pasportimni boshqa ko‘rmadim, deydi jurnalist.

Gruziya fuqarosi bo‘lgan Antelava Toshkent aeroportida 20 soat davomida ushlab turilgach, Gruziyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xodimlari aeroportga kelib, uning hibsga olinish sabablari bilan qiziqqan.

- Elchixona xodimlari meni ushlab turishgani sabablarini tushuntirishni so‘rashdi. Biroq aeroport xodimlari hech qanday tushintirish berishmadi. Ular meni deportatsiya qilishini aytib, bu borada hech qanday muzokara bo‘lishi mumkin emasligini aytishdi, deydi jurnalist

Antelavaning aytishicha, uning qo‘liga deportatsiya qilingani haqidagi hujjatni berib, nima uchun O‘zbekistonga kiritilmagani sabablarini mutlaqo izohlashmagan.

- Ular menga faqat deportatsiya qilishlarini aytishdi. Ertaga ertalab samolyot bo‘ladi, sizni deportatsiya qilamiz deyishdi. Lekin men bilan MXX yoki chegara xizmati vakillaridan birortasi bilan gaplashmadi. Faqat aeropot xodimlarigina men bilan suhbatlashdi. Ulardan biri menga "qora ro‘yxat" borligini va shu qora ro‘yxatda ekanligimni aytdi, deydi jurnalist.

Antelavaga ko‘ra, aeroport xodimlari undan qaytish bileti uchun 50 AQSh dollari miqdorida pora talab qilishgan.

- Bu juda kulguli vaziyat edi. Aeroport xodimlaridan biri kelib, "Sizni deportatsiya qilib, qaytarayotgan samolyotda bo‘sh o‘rin qolmagan. Shuning uchun sizni deportatsiya qila olmasliklari mumkin" dedi. U menga "Biznes klass" da 200 dollarga joy borligini aytdi. "Siz unga bilet olsangiz "Biznes klass"da deportatsiya qilishlari mumkin" dedi. "Agar biletni olmasamchi" deya so‘radim. U yaqinda bir pokistonlik bir oy davomida deportatsiya qilinmasdan qolib ketganini misol qilib keltirdi. Lekin qizig‘i u menga 50 dollar evaziga samolyotda bo‘sh joy topib berishi mumkinligini aytdi. Men "Nima bu masxarabozlik, endi deportatsiya qilishlari uchun pora ham berishim kerakmi" dedim va "Biznes klass"ga 200 dollar to‘lab, bilet oldim, deydi kulib jurnalist.

Natalya Antelava Bi-Bi-Si Jahon xizmatining Markaziy Osiyo bo‘yicha muxbiri sifatida faoliyat yuritadi.

U 2005 yil may oyidagi Andijon voqealarini Toshkentdan turib yoritgan jurnalistlardan biri.

Antaleva o‘zining O‘zbekistonga kiritilmaganini kasbiy faoliyati bilan bog‘laydi.

- Bu mening kasbiy faolitim bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Boshqa sababni ko‘rmayapman. Men 2005, 2007, 2008 yilda O‘zbekistonga kelib bir qancha maqolalar tayyorlaganman. Lekin hech qachon qonunni buzmaganman. Har doim qonun doirasida faoliyat ko‘rsatganman, deydi jurnalist.
XS
SM
MD
LG