Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:27

Toshkent bozorlaridan hijobnamo ro‘mollar yo‘qoldi


1 mart kuni Ozodlikka yetib kelgan ma‘lumotga ko‘ra¸ ayni kunlarda poytaxt bozorlarida islomiy liboslar¸ xususan hijob o‘rnini bosadigan katta ro‘mol va yopinchiqlar ham ochiq savdodan g‘oyib bo‘lgan.

Poytaxtning Chorsu¸Qo‘yliq¸Otchopar va O‘rikzor buyum bozorlarida hijob o‘rnini bosuvchi katta ro‘mollar¸ hijob andazasidagi maxsus kiyimlar sotish ham man‘ qilindi¸ deb xabar berdi Ozodlikka Toshkentdagi o‘z manbalari.

- Hozir bozorlarda ruxsat berishmayapti. Bozorda bir tanishim savdo qiladi. Shu o‘sha hijob kiyimlarni sotayotgan bo‘lgani uchun kelib do‘konini bosib barcha hijob ko‘ylaklarni, ro‘mollarni olib chiqib ketgani haqida menga xabar qildi. Bu magazin Chorsuda. Shunga juda ham qarshi chiqishayapti. Do‘konlarda ochiq sotilmaydi¸ deydi o‘zi ham hijobda yuradigan toshkentlik hoji ona.

Bu xabarni Ozodlikning Chorsu bozorida savdo qiladigan boshqa bir manba ham tasdiqladi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan ismi sir tutilayotgan bu savdogarga ko‘ra¸ Toshkent bozorlari¸ xususan milliy liboslar savdosi uchun markaziy bozor hisoblangan Chorsudan erkak va ayollarning islomiy liboslari savdodan yo‘qolganiga ko‘p bo‘lgan.

Ammo bugunga kelib¸ muslimalar bo‘yni va ko‘kragini to‘sib turadigan hijobning bir qismi bo‘lgan maxsus ro‘mollarga ham taqiq qo‘yilgan. "Bu mahsulotlar bilan savdo qilish o‘ta xavfli bo‘lib qoldi"¸ deydi o‘zi ham ikki yilcha avval asosan islomiy liboslar savdosi bilan shug‘ullangan savdogar.

- Srazu keladiyu soliq. Birinchisi shtraf qiladi, shtraf qilib ogohlantiradi. Keyingisida do‘konni musodara qiladi. Bir-ikkitasi to‘lagandan keyin shtrafini yonidagilar ko‘rib boshqa urinish ham qilayotgani yo‘q. Boshqa narsa sotishayapti. Xaridorlar ko‘p so‘rashadi, “Nega yo‘q” deb ham qo‘yishadi. Endi “qayerdan bilamiz, bilmaymiz” deymiz. U odamni yaxshi tanimasak. Hamma o‘zidan xavotirda¸ deydi Chorsu bozoridagi savdogar yigit.

Toshkentning Shayhontovur tumanida joylashgan Chorsu buyum bozori ma‘muriyatining telefon go‘shagini ko‘targan rasmiysi butun O‘zbekistonda milliy liboslar savdosi uchun markaziy joy deb tanilgan bu bozorda xotin-qizlarning islomiy liboslari ochiq savdosiga ruxsat yo‘qligini e‘tirof etdi.

- Ayol hijob kiyimlarimi? Ochiqchasiga sotilayotgani yo‘q. Uzun-uzun kiyimlarimiz bor lekin. Hijob sotish mumkin emasku. Ruxsat bermayapti hozir. Yo‘q bizlarda¸ dedi Chorsu bozori ma‘muriyati vakili.

O‘zini tanishtirmagan bu suhbatdosh¸ bu kiyimlarning nega ochiq savdodan yo‘qolib qolgani haqidagi savolni eshitib¸ go‘shakni ilib qo‘ydi.

Ozodlik muxbiri islomiy liboslar¸ xususan xotin-qizlar hijobi¸ bugunga kelib bu hijobning bir qismi bo‘lgan maxsus katta ro‘mollarning ochiq savdodan olib tashlanishi haqida O‘zbekiston prezidenti yoxud Vazirlar Mahkamasi¸ yoinki biror tegishli idoraning qandaydir nizom yoki qarori bormi¸ degan savol bilan Shayhontohur tuman Soliq inspektsiyasi¸ bu idoraning Chorsu bozoridagi vakili¸ qolaversa Toshkent shahar Soliq boshqarmasiga murojaat qildi.

Muxbir bog‘langan o‘nga yaqin soliq idorasi rasmiylari islomiy liboslar savdosiga ruxsat yo‘qligini e‘tirof etgan holda¸ bu taqiqning qanday hujjatga asoslanishini izohlab berishni istamadilar.

Shuningdek soliq rasmiylari bunday buyumlar savdosi bilan shug‘ullanish O‘zbekiston qonunchiligining qaysi hujjatlari asosida qanday jazolanishi haqidagi savollarga ham javob bermadilar.

Ozodlikning Toshkentdagi manbalariga ko‘ra¸ Chorsu bozoriga tutash Ko‘kaldosh madrasasi ichkarisida maxsus do‘kondagina ayrim islomiy liboslar savdosiga ruxsat berilgan. Ammo ko‘pchilik xaridor bundan bexabar bo‘lgani bois¸ bu buyumlarni asosan Chorsu bozoridan izlamoqda. Ayrim savdogarlar¸ tanish-bilishlar orqali kelayotgan ishonchli odamlar bilan bu buyumlar savdosini baribir davom ettirishmoqda¸ deydi toshkentlik hoji ayol.

- Hozirgi kunda ham savdo qiladi, lekin yashirincha. Eshigini yopib qo‘yib, atrofda o‘zlarining mijozlari kelishadi. O‘zlarining mijozlarini ko‘rib, tanib, magazinchi qizlar tashqariga chiqishib, kerakli, siz so‘ragan kiyim-kechaklar bor yoki yo‘qligini aytishadi. Ko‘rmoqchiman¸ desangiz, olib kirib ketishadi yoki bo‘lmasa orqaravotdan olib chiqib berishadi. Shunaqa holatda savdo qilishayapti¸ deydi o‘zi va oilasidagi ayollar hijobda qolayotgani bois islomiy liboslarga ehtiyoji bor bu ayol.

O‘zbekiston Respublika Ma‘muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 184-moddasi 1-qismiga asosan jamoat joylarida ibodat liboslarida yurish eng kam ish haqi miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha jarima yoki 15 sutkalik qamoq bilan jazolanadi.
XS
SM
MD
LG