Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:55

Turk seriallari yana ekranlarga qaytadi


Tomoshabinlar noroziligi bois O‘zbekiston telekanallarida turk seriallari namoyishi yana davom etadigan bo‘ldi.

Bu haqda Ozodlik radiosiga O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida ishlovchi ismi sir tutilishi so‘ragan mulozimlardan biri komil ishonch bilan aytdi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ 22 fevralda telekanallar efiridan olib qo‘yilgan “Kelin”, “Muhabbat simfoniyasi”, “Ajralsak-da birgamiz” nomli turk seriallari kelasi dushanba, 5 martdan boshlab qayta efir setkasiga qo‘yiladi.

Ozodlik muxbiri O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi rejalash bo‘limiga ham qo‘ng‘iroq qildi.

Rejalash bo‘limidagi mulozim keyingi haftadan boshlab turk seriallarining efir setkasiga qaytishini ehtimoldan soqit qilmadi.

O‘zbekiston telekanalida ishlovchi muxbir (u ham ismi oshkor qilinmasligini so‘radi) o‘z tashabbusi bilan seriallar nima sababdan qayta namoyishga qo‘yilayotgani borasida surishtiruv o‘tkazdi.

Bu muxbirga ko‘ra¸ turk seriallarining efirdan olib tashlanishi teletomoshabinlarda kuchli norozilik kayfiyati uyg‘otgan.

Boz ustiga, turk seriallarining olib tashlanishi xalqaro radiolar va Rossiya matbuotida yoritilgani prezident devonidagi mulozimlarga yoqmagan.

Seriallar efirga qaytarilishi so‘ralgan minglab qo‘ng‘iroqlar va shikoyat maktublari telekanal rahbariyatidan hatlab o‘tib, Vazirlar mahkamasigacha borgan.

Yuqori martabali mulozimlarning turk seriallariga o‘rganib qolgan xotinlari ham o‘z erlariga jiddiy e‘tirozlar bildirgani bu masalaga qaytish uchun omillardan biri sifatida ko‘riladi.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi xodimlarining o‘zlari ham Ozodlik bilan suhbatda turk seriallarini berilib tomosha qilishlarini ma‘lum qilishdi.

Ularga ko‘ra, turk seriallarining to‘xtashi tomoshabinlarning ilgari hech ko‘rilmagan norozilik to‘lqiniga sabab bo‘lgan. Ayrimlar esa seriallar to‘xtatilganidan keyin, qanchalik g‘alati tuyulmasin, TVni boykot qilishgacha borgan. Masalan, xorazmlik 69 yoshli Shukurjon opa seriallar olib tashlanganiga norozilik sifatida umuman televizorni o‘chirib qo‘yganini aytadi.

Pirovardida bu masala muhokama qilinib, Toshkentdagi Turk madaniyati markazi hamda teleradiokompaniya ma‘muriyati o‘rtasida kelishuvga erishilgan.

O‘zbekistonlik jurnalist Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, seriallarning olib tashlanishiga Turk madaniyati markazining filmlar uchun pul talab qilgani sabab bo‘lgani aytilgan. TV ma‘muriyati esa bunga texnik nosozlik sabab bo‘lgan, deya izoh bergan edi.

Toshkentdagi Turk madaniyat markazi vakili Ozodlik bilan suhbatda masalaning pul bilan emas, balki siyosat bilan bog‘liq ekanini ta‘kidladi.

- Bu siyosat. Turk biznesmanlarini haydab chiqarishyapti-ku¸ siz esa kino deysiz, - dedi suhbatdoshimiz.

Turk madaniyati markazi xodimi kinoning sehrli kuch-qudrati haqidagi tasavvurdan yiroqday tuyuldi.

Seriallarning inson ruhiga ta‘siri haqidagi kitob muallifi Andrey Shariyga ko‘ra, davomli filmlar tomoshabinni o‘ziga xos narkomanga aylantiradi:

- Xumori tutgan narkoman o‘zi o‘rgangan dozani olmaguncha har narsaga qodir bo‘lgani kabi serial narkomanlari ham zamon¸ makon va cheklovlarni unutib qo‘yib, o‘z maqsadlari sari intilishadi, - deydi Andrey Shariy.

Uning nazarida ijtimoiy haqsizlik, zulm va repressiyaga chidab kelayotgan o‘zbeklarning serialdan mosuvo bo‘lganidan norozi bo‘lishi ruhshunoslik nuqtai nazaridan tushunarli hodisadir.
XS
SM
MD
LG