Линклар

logo-print

Rossiyadagi saylovlar: avlodlar to‘qnashuvi


Saylovchilarning eski avlodi ham, yangi avlodi ham 4 mart kuni o‘tajak saylovda g‘alaba qozonish ehtimoli katta bo‘lgan Vladimir Putin bundan buyon boshqaruv siyosatini o‘zgartirishiga umid bog‘lamoqdalar.

Saylovchilarning eski avlodi ham, yangi avlodi ham 4 mart kuni o‘tajak saylovda g‘alaba qozonish ehtimoli katta bo‘lgan Vladimir Putin bundan buyon boshqaruv siyosatini o‘zgartirishiga umid bog‘lamoqdalar.

Yangi prezidentni saylashga tayyorlanayotgan Rossiyada avlodlar to‘qnashuvi ko‘zga tashlanmoqda. Bunda bir tomonda Kremlga qaytishga shaylanayotgan Putinning sahnadan ketishini istayotgan yoshlar bo‘lsa, “barrikadaning” naryog‘ida Putinsiz Rossiyaning boshboshdoqlik girdobida qolishidan qo‘rqayotgan katta yoshdagilar qolmoqda.

“Otalar va bolalar” o‘rtasidagi konflikt tabiatini o‘rganish maqsadida Ozodlik muxbiri 56 yoshli dirijyor Aleksandr Avanesov va u boshchilik qiladigan xorning o‘spirin ishtirokchilari bilan suhbatda bo‘ldi.

Vladimir Putinga ovoz berish niyatini bildirgan 56 yoshli Aleksandr Avanesov yosh avlod Putin iqtidorga kelishidan avval 1990 yillarda hukm surgan boshboshdoqlik va yo‘qchilikni boshdan kechirmagani uchun vaziyatni tushunmayapti, degan fikrda.

18 yoshli Tatyana Kim esa, Putinning avtoritar boshqaruv tizimiga befarq qarab tura olmasligi va 4 mart kungi saylovda unga raqiblik qilayotgan nomzodlar Kremlning qo‘g‘irchoqlari, degan ishonchda saylov varaqasini qasddan buzish niyatidan ekanini aytadi.

Moskvadagi frantsuz xori dirijyori Avanesov va ayni xorda qo‘shiq kuylaydigan Kim o‘rtasidagi avlodlar to‘qnashuvi prezident saylovi oldidan rossiyaliklar orasida vujudga kelgan asosiy ziddiyatlardan biriga chizgidir.

Avanesov tengdoshlarining ko‘pchiligi Putin hokimiyatga kelishidan avval Rossiyada kuzatilgan alg‘ov-dalg‘ov kunlarning qaytishidan qo‘rqib, bosh vazirni prezidentlikka qaytarishga xayrixohlik ko‘rsatmoqda.

Kimning tengdoshlari esa Putin hokimiyatga kelgach kuzatilgan barqarorlikni ob‘ektiv voqe‘lik sifatida qabul qilib, bugungi avtoritar tizimdan demokratik tizimga o‘tish tarafdorlaridir.

Yosh avlodni tushunmaslikda ayblayotgan Avanesov, albatta Putinning qaytishidan ko‘ra, Dmitriy Medvedevning ikkinchi muddatga qolishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi, der ekan, o‘z fikrlarini bunday izohlaydi:

- Albatta ular Putinning otalarcha gapirish ohangidan charchagan, shuning uchun qandaydir yangilikni istamoqda. Biz o‘z vaqtida siyosatni o‘ylamasdan, har safar partiya s‘ezdi bo‘lganda yuragimizni changallab o‘tirmaydigan zamonlar kelishini orzu qilganmiz. Biz yetarli pul ishlab, oilamizni o‘zimiz boqa oladigan, odamga o‘xshab kiyinadigan, to‘yib ovqat yeydigan, xorijga bemalol chiqa oladigan zamonlar kelishini istagan edik. Hozir shunday zamon keldi, - deydi 56 yoshli musiqachi.

Avanesovning shogirdlari esa o‘z hayotlari ota-onalari boshdan kechirgan qiyinchiliklarga solishtirganda yaxshiroq ekanini e‘tirof etishadi, lekin Rossiyada bugun kuzatilayotgan avtoritar tizim buni oqlay olmasligini aytishadi. Ozodlik muxbiri bilan Moskvadagi kafeda uchrashgan Tatyana Kim va uning o‘rtoqlari amaldagi rejim tufayli Rossiyada turmush tanazzulga yuz tutayotganidan tashvish bildirdi.

Tatьyananing dugonalaridan biri 17 yoshli Kamila Grachyova: "Hokimiyatning muxolifat namoyishlari ortida tashqi kuchlar turganiga oid iddaolari kurakda turmaydi", deydi. Bu, uning fikricha, oddiy fuqarolarning fikr erkinligiga to‘sqinlik qilishdan boshqa narsa emas.

- Odamlarning huquqlari borligini unutmaslik kerak-ku. Ular o‘zgarishlarni istasa, nega ko‘chaga chiqib, buni talab qila olmasliklari kerak? - deb savol tashlaydi Kamila.

- Ba‘zilar odamlarning haq-huquqlari borligini esdan chiqarib qo‘yadi, boshqalar esa majburiyatlari borligini bilmay qoladi, - deya jo‘r bo‘ladi Tatyana.

Grachyova, shuningdek, Rossiyada mavjud siyosiy tizimning xuddi “Potyomkin qishlog‘i” ko‘rinishida ekanidan xafsalasi pir bo‘lganini aytadi. Kamilaning fikricha, saylovni saylov, o‘zini hokimiyatga muxolif deb aytayotgan partiyalar esa haqiqiy muxolifat, deb atab bo‘lmaydi.

- Dekabrdagi Davlat dumasi saylovi amalda tanlov imkonini bermadi. Saylovda ishtirok etgan partiyalar o‘zlarini go‘yoki muxolifat deb ko‘rsatdiyu, lekin amalda ular mutlaqo avtoritar rejimning bir qismidir, - deydi 17 yoshli talaba.

Kafeda yosh qizlar bilan suhbatni eshitib qolgan qo‘shni stolda o‘tirgan o‘rta yoshdagi ayollardan biri: “Bo‘ldi qilinglar, bunday shiorlarni 1980 yillardan beri eshitib kelamiz, hammasi bo‘lmagan gap”, deya yosh qizlar gapini bo‘ladi.

Jamiyatshunoslar mulohazasicha, avlodlar o‘rtasidagi ziddiyat bugungi kunda rossiyalik saylovchilar orasida yuzaga kelgan bo‘linishning bir qismi, xolos. Boris Dubin Rossiyadagi Levada mustaqil ijtimoiy so‘rov markazi mutaxassisi.

- Saxarov, Yakimanka ko‘chalari va Bolotnaya maydonidagi muxolifat namoyishlarida o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, ularning ko‘pchiligi yoshlar emas – asosan 40 yoshgacha bo‘lganlar ekanini ko‘rish mumkin. Namoyishchilar orasida 40 dan 55 yoshgacha bo‘lganlar ham ko‘p bo‘ldi. Shuning uchun bunday ziddiyatni turli qatlamlar orasida ko‘rish mumkin: masalan, markaziy shaharlarda yashayotganlar bilan chekka joylarda yashayotganlar, o‘ziga to‘qlar bilan qashshoqlar, yoshlar va yoshi kattalar o‘rtasida ham bo‘linish bor, - deydi sotsiolog Dubin.

Avanesov shu paytgacha Putin tarafdorlari namoyishlarida qatnashmagan bo‘lsa-da, kelgusi chiqishlarda ishtirok etish niyatida ekanini aytadi. Chunki, deydi u, ko‘chalarga chiqayotgan muxolifat harakati Rossiya barqarorligi uchun tahdiddir.

Tatьyana bilan Kamila yakshanba kungi saylovda Putinning g‘alaba qilish ehtimoli yuqori ekanini tan oladi, ayni paytda uning prezident o‘laroq navbatdagi muddati davomida siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishiga umid qilishlarini aytishadi.

Avanesov ana shu nuqtada o‘z shogirdlari fikriga qo‘shilishini aytadi.

- Men ham uning o‘zgarishiga umid qilib turibman. U boshida hokimiyat tepasiga kelganida Checheniston mojarosini hal qilishi kerak bo‘lgan va qaysidir ma‘noda Stalinning Gitlerga qarshi ko‘rsatgan qattiqqo‘lligi, qo‘rsligi qo‘l keldi. Lekin hozir, menimcha, madaniyatliroq va intellektual siyosat va pozitsiyani tutish payti keldi, - deydi Avanesov.
XS
SM
MD
LG