Линклар

logo-print

Andijonda yana bozor yondi


Andijonda shu yil 6 yanvarda yonib ketgan Navro‘z savdo majmui. Suratni Ozodlikning mobil muxbiri yo‘llagan.

Andijonda shu yil 6 yanvarda yonib ketgan Navro‘z savdo majmui. Suratni Ozodlikning mobil muxbiri yo‘llagan.

Bu gal Jahon bozori, deb ataladigan savdo majmuining oyoq kiyimlari sotiladigan qismidagi qirqqa yaqin do‘kon yonib ketgan.

Yong‘in Andijonning xalq orasida "DSK" (Domostroitelьnыy kombinat), rasman "Jahon bozori", deb yuritiladigan kattagina buyum bozorida 29 fevral kuni kechga yaqin boshlangan.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan andijonlik manbalardan yig‘ilgan ma‘lumotlarga ko‘ra, yong‘in bir necha soat davom etgan.

Hozircha yong‘indan biror kishiga jarohat yetgani haqida ma‘lumotlar yo‘q.

Ismi sir qolishi bilan so‘zlagan manbalardan biriga ko‘ra, yong‘in natijasida 8 sotix atrofidagi maydonda joylashgan poyafzal bozori to‘liq yonib ketgan.

- Bu bozor o‘rtasidagi bo‘lim edi. Bir vaqtning o‘zida 100-150 odamga xizmat ko‘rsatadigan, 8 sotix atrofidagi usti yopiq bir maydonda edi. Alohida-alohida Akfa eshik-romlardan qilingan do‘konlar edi. Kechga yaqin o‘chirishgan, deb aytishdi, - deydi Andijonning Jahon bozoriga yaqin qismida istiqomat qiladigan manba.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in sodir bo‘lgan kezda bozorda deyarli hech kim bo‘lmagan.

Bu bozorda savdo, asosan, haftaning payshanba va yakshanba kunlari bo‘ladi va norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, ertangi savdoga tayyorgarlik o‘laroq ayrim do‘kon egalari bozor hududiga borgan bo‘lishi mumkin.

- Shuning uchun Xudoga shukr hech kimga zarar yetmabdi. Lekin hozir bozorga hech kimni qo‘yishmayapti, shunga aniq ma‘lumotni hech kim bilmayapti, - deydi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka so‘zlagan andijonlik manba.

Jahon bozorining yong‘in ketgan oyoq-kiyim sotiladigan qismi so‘nggi 10 yildan buyon ishlayotgan edi. Uning usti ayvon qilib yopilgan va uning ostida yengilgina shaklda qurilgan 40 qa yaqin do‘kon ishlab turgan edi.

Andijonlik manbalar yong‘in sabablari hanuz noma‘lum ekanini aytmoqda.

- Biz bordik bozorga, lekin atrofi o‘rab olingan. Hech kimni qo‘yishmayapti. Shuning uchun sabablariniyam birov aniq bilmaydi. Lekin, o‘zingiz ko‘rib turibsizku, yaqinda Navro‘z yondi. Atay qilishyapti, deb o‘ylayapti hamma. Yana birovning qo‘liga o‘tkazish uchun, - deydi Ozodlikka so‘zlagan andijonlik manba.

Andijonda oyoq-kiyimlar va ularni tayyorlashda ishlatiladigan mahsulotlar savdosi bilan shug‘ullanadigan yana bir suhbatdoshimiz ham ismi sir qolishi sharti bilan bu bozorning ko‘chirilishi haqida anchadan buyon ovozalar yurganini aytdi.

- Ancha bo‘luvdi bu bozor ko‘chadi, deyishayotganiga. Keyin bitta uchar tadbirkor chiqdida, bozorkom bilan kelishib, bozor ichiga do‘konlar qurdirib, ijaraga tarqatdi savdogarlarga. Qancha janjallarni ko‘rmadi bu tufli bozor. Menimcha, atay uyushtirishgan, - deydi ovozi efirga berilmaslik sharti bilan so‘zlagan andijonlik tadbirkor.

Mustaqil uch manbadan olingan bu xabar ortidan Ozodlik muxbiri Andijon shahrining Favqulodda vaziyatlar vazirligining shahar bo‘limi hamda shahar hokimligi bilan ham bog‘landi.

Xususan, vazirlikning shahar bo‘limidagi manba yong‘in sodir bo‘lgani haqidagi xabarni inkor qilmadi va qo‘shimcha tafsilotlar haqida so‘ralganida, Ozodlik radiosiga ma‘lumot berishdan bosh tortdi.

Shahar hokimiyatidan esa biror munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

Shu yilning 6 yanvariga o‘tar kechasi Andijon shahrining Eski shahar mavzesidagi “Navro‘z” savdo majmuasida ham yong‘in chiqqan edi.

Ozodlikning Andijondagi mobil muxbiri yong‘in paytida olingan fotosurat va videotasvirni taqdim etgan edi.




Ozodlik o‘z manbalaridan olgan xabarlarga ko‘ra, o‘shanda ham yong‘in kechasi boshlanib, ertalabgacha davom etgan edi.

To‘rt qavatdan iborat bo‘lgan bu savdo majmuasidagi barcha kiyim-kechak, poyabzal, elektrotexnika va boshqa xalq iste‘moli mollarining hammasi kuyib kul bo‘lgan.

Hozirga qadar bu savdo majmuidagi yong‘in sabablari ham oshkor qilingani yo‘q.

Andijonlik mobil muxbirimizning aytishicha, shaharda har ikki yong‘in borasida turli mish-mishlar urchigan.

Xususan, "Navro‘z" savdo majmuida yong‘in boshlangan paytda tadbirkorlar o‘z do‘konlaridagi buyumlarni olib chiqish uchun ichkariga kirganlarida ularning ayrimlari qimmatbaho buyumlarning talon-taroj qilib bo‘linganiga guvoh bo‘lishgan.

"Jahon bozori"dagi yong‘inning ham bozor bo‘lishidan bir kun avval, yangi do‘konlarga yangi mollar kiritilib, ertangi savdoga taxt qilingan kezda o‘t ketgani hamda bozorning to‘liq yonib ketgani turli shubhalarga sabab bo‘lmoqda.

Har ikki yong‘in oqibatida majmuada faoliyat yuritgan do‘kondorlar bir necha million dollarlik zarar ko‘rgani taxmin qilinmoqda.
XS
SM
MD
LG