Линклар

logo-print

Tojikistonliklar “Buxoroi sharif”ni tiklamoqchi


“Buxoroi sharif” ro‘znomasining dunyo yuzini ko‘rganiga shu yilning 11 martida yuz yil to‘ladi.

“Buxoroi sharif” ro‘znomasining dunyo yuzini ko‘rganiga shu yilning 11 martida yuz yil to‘ladi.

Tojikistonlik yozuvchilar, tarixchilar mazkur ro‘znoma tojik matbuotiga asos solganini ta‘kidlaydi. Shuni nazarga olgan holda, bu sana har yili tojik jamiyatida keng nishonlanib kelinadi.

Bu yilgi bayram arafasida tojikistonlik bir guruh jurnalistlar “Buxori sharif”ni qayta tiklashga qaror qildi.

“Buxoroi sharif” ro‘znomasining yangi varianti Tojikistondagi “Boztob” sotsialogik-tadqiqot markazi va respublika Jurnalistlar uyushmasi tashabbusi bilan 10 mart kuni, ya‘ni matbuoti kunidan bir kun avval nashrdan chiqarilishi nazarda tutilgan.

Jurnalistlar uyushmasi raisi Akbarali Sattorovning Ozodlikka ma‘lum qilishicha, bu tashabbus tojik matbuoti va unga asos solgan “Buxoroi sharif” ro‘znomasining bir asrlik yubileyi munosabati bilan amalga oshirilmoqda.

- Hozircha ro‘znoma faqat bir marta, ya‘ni bayram munosabati bilan mehmonlar va jurnalistlarga sovg‘a tariqasida nashr qilinadi. Keyinchalik imkoniyatlarimiz va bu tashabbusga munosabatlar tahlilidan so‘ng uni kelgusida nashr qilish yoki qilmaslik borasida xulosamizni e‘lon qilamiz, - dedi Sattorov.

“Buxoroi sharif” ro‘znomasi ilk bor 1912 yilning 11 martida Buxoroning Kogon shahri bosmaxonasida chop qilingandi. Mazkur ro‘znomaga Tojikiston respublikasi tashkil topishiga hissa qo‘shganlardan biri Abduqodir Muhiddinovning otasi Mirzomuhiddin ismli shaxs asos solgan.

O‘sha yillarda tojik yozuvchilari maqolalarini jamlagan mazkur nashr to‘la tojik tilida, arab imlosida chop qilingan.

153 marta nashr yuzini ko‘rgan “Buxoroi sharif” ro‘znomasi 1913 yilning 1 yanvarida o‘z faoliyatini to‘xtatdi.

Biroq, tojikistonlik matbuotchilarga ko‘ra, mazkur ro‘znoma “Sho‘‘lai inqilob” va “Ovozi tojik” ro‘znomalarining paydo bo‘lishiga imkoniyat yaratdi.

Bugungi kunda – oradan yuz yil o‘tib, “Buxoroi sharif” ro‘znomasi Tojikiston bosmaxonalarining birida qaytadan nashrdan chiqadigan bo‘lib turibdi. G‘oya tashabbuskorlarining aytishlaricha, yangi shakldagi ro‘znoma ham fors va ham kirill imlosida nashr qilinadi. Uning sahifalaridan o‘tmishdagi va bugungi matbuot xabarlari, hikoyalari va boshqa shu kabi qorishiq maqolalar beriladi.

Xo‘sh, “Buxoroi sharif”ni tiklashdan maqsad haqiqatan ham bir guruh tojik jurnalistlari ta‘kidlayotganidek, tojik matbuoti tarixini xotirlashmi?

Ma‘lumki, mustaqillikka erishgan Tojikiston rasmiylari “Buxoro tojiklar yeri va mulki” ekanini iddao qilib, hatto sovetlarni mintaqa respublikalarini hududiy jihatdan taqsimlashda adolatsizlik qilganlikda ayblab keladi.

Tojikiston o‘rta maktablaridagi tarix darsliklarida ham Buxoro tojiklar davlatining tashkil topishiga asos solganligi hikoya qilinadi.

Mustaqil tahlilchilarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlarining o‘nglanmayotganidagi bir omil uzoq tarixga borib taqaladi.

Tahlilchilar mulohazasicha, bugungi kunda tojik matbuoti kunining yuz yillik yubiley munosabati bilan “Buxoroi sharif” ro‘znomasini tojik jamiyatida qayta tiklashdan maqsad o‘tmishni va bugungi siyosatchilar g‘oyasini yosh avlod zehniga singdirishdir.

- Ulg‘ayayotgan yosh avlod o‘tmishda bo‘lib o‘tgan shu ishlardan va bu nomlarning asl ma‘nosi nimadan iborat ekanini eslatib turish uchun qilingan qaror bu, - deya mulohaza bildirdi mustaqil tahlilchi No‘‘monjon Faxriddinov.

1994 yili Tojikiston parlamenti qabul qilgan hujjat asosida har yili 11 mart kuni bu mamlakatda tojik matbuoti kuni tantanali ravishda nishonlanadi.
XS
SM
MD
LG