Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:54

O‘shda Mirzaqmatov partiyasi oldinda bormoqda


O‘sh meri Melis Mirzaqmatov, o‘z partiyasi saylovda g‘olib bo‘lgan taqdirda, shaharda millatlararo munosabatlarni yaxshilash va jamiyatdagi barqarorlikni saqlashni maqsad qilib olishini aytgan.
O‘sh meri Melis Mirzaqmatov, o‘z partiyasi saylovda g‘olib bo‘lgan taqdirda, shaharda millatlararo munosabatlarni yaxshilash va jamiyatdagi barqarorlikni saqlashni maqsad qilib olishini aytgan.

Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi O‘sh shahar kengashi deputatlari saylovining dastlabki natijalarini e‘lon qildi.

MSK ma‘lumotlariga ko‘ra, yakshanba kuni O‘shda o‘tkazilgan saylovda ro‘yxatga olingan 123 360 nafar saylovchidan 96049 nafari (77,86%) ovoz bergan.

Dastlabki natijalarga muvofiq, amaldagi O‘sh meri Melis Mirzaqmatovga qarashli ekani aytiladigan “Uluttar birimdigi” partiyasi 47 foizdan ko‘proq ovoz olib, saylovda peshqadamlik qilmoqda

Saylovchilarning qariyb 24 foiz ovozini qozongan Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasi (prezident Almazbek Atambayev shu partiyaga mansub) ikkinchi o‘rinda, Bosh vazir O‘murbek Babanov asos solgan “Respublika” partiyasi esa 17 foizdan ko‘proq ovoz bilan uchinchi o‘rinda bormoqda.

O‘shdagi saylovda avval faol bo‘lmagan “Adilettuu Qirg‘izstan” partiyasi 5 foizdan ko‘proq ovoz qozonib, tajribali partiyalar bo‘lmish “Ata Meken” va “Zamandash”ni ortda qoldirdi. Bu partiyalarning biri 2 foizdan ko‘proq, ikkinchisi esa 2 foizga yetmagan ovoz yig‘olgan. Saylovda ishtirok etgan yettinchi partiya – Qirg‘iziston xalq-demokratik partiyasi qozongan ovozlar esa 1 foizga ham yetmagan. Shuningdek, 0,7 foiz saylovchi barcha partiyalarga qarshi ovoz bergan.

Joriy qonunchilikka ko‘ra, O‘sh merini shahar kengashi deputatlari saylaganlari uchun Qirg‘iziston janubiy poytaxtida o‘tgan bu saylovlarga qiziqish katta bo‘ldi.

2010 yil iyunida qonli fojeaga sahna bo‘lgan O‘sh shahrida 4 mart kungi saylov nisbatan tinch o‘tgan bo‘lsa-da, kuzatuvchilarga ko‘ra, saylov jarayonida qator qonunbuzarliklar kuzatilgan. Jumladan, “Taza shayloo” kuzatuvchilar assotsiatsiyasi ma‘lumotlariga ko‘ra, 9 saylov uchastkasida to‘pdan byulleten tashlash kuzatilgan, 10 uchastkada karuselь usuli qo‘llanilgan, 5 saylov uchastkasida kuzatuvchilarga bosim o‘tkazilgan, 10 uchastkada ma‘lum partiya foydasiga tashviqot yuritilgan, 7 saylov uchastkasida takror ovoz berish holati qayd etilgan. Boshqa kuzatuvchilar esa O‘shdagi ayrim saylovchilarning o‘zlarini saylov ro‘yxatidan topa olmagani, uchastkalarga saylovchilarning uyushgan holda tashilishi, ba‘zi joylarda ularga pul taklif qilingani kabi qonunbuzarliklar ham kuzatilganini aytmoqdalar.

O‘shdagi saylovlar bo‘yicha qator shikoyatlar kelib tushganini tasdiqlagan shahar saylov komissiyasi rahbari Saadat Mamataliyev esa kechagi ovoz berish chog‘ida qo‘pol qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmaganini qayd etdi.

- Shikoyat arizalari kelib tushdi, ular orasida mustaqil kuzatuvchilardan kelgani ham bor. Bu arizalarni qarab chiqamiz, - dedi O‘sh shahar saylov komissiyasi rahbari.

Yakshanba kuni O‘shda bo‘lib o‘tgan saylovni yuzlab militsionerlar nazorat qilgan bo‘lsalar-da, mustaqil kuzatuvchilarning aytishlaricha, saylov uchastkalari atrofida sportchi kelbatli yigitlarning aylanib yurishi saylovchilar orasida xavotirni kuchaytirgan.

4 mart kuni O‘sh shahridan tashqari Qirg‘izistonning Qorako‘l va To‘qmoq shaharlarida ham shahar kengashi deputatligiga saylovlar bo‘lib o‘tdi.

Bu saylovlarning yakuni natijalari, qonunchilikka muvofiq, uzog‘i bilan uch hafta ichida chiqarilishi kerak.
XS
SM
MD
LG