Линклар

logo-print

Rossiya Markaziy saylov komissiyasi mamlakat saylov uchastkalaridan kelayotgan saylov bayonnomalarining qariyb 99 foizini qayta ishlab bo‘ldi.

MSKning dastlabki ma‘lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning amaldagi Bosh vaziri Vladimir Putin 4 mart kuni o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida qariyb 64 foiz ovoz olib, katta farq bilan birinchi o‘rinda borayapti.

Rossiya kommunistlari rahbari Gennadiy Zyuganovning 17 foizdan ko‘proq ovoz bilan ikkinchi, milliarder Mixail Proxorovning esa 8 foizga yetmagan ovoz bilan uchinchi o‘rinda borayotgani e‘lon qilindi.

Markaziy saylov komissiyasi ma‘lumotlari ko‘ra, liberal-demokratlar lideri Vladimir Jirinovskiy 6 foizdan ko‘proq , “Spravedlivaya Rossiya” vakili Sergey Mironov esa taqriban 4 foiz ovoz yiqqan.

Saylovning dastlabki natijalari e‘lon qilina boshlagan yakshanba oqshomidayoq Vladimir Putin Manejnaya maydoniga yig‘ilgan tarafdorlari oldiga kelgan. Bu mitingda so‘zga chiqqan va “Biz ochiq va halol kurashda yutib chiqdik” degan Bosh vazir Putinning ko‘zlari, guvohlarga ko‘ra, quvonch yoshlariga to‘lgandi.



Ayni paytda Rossiya poytaxtida berilgan ovozlarni sanash davom etmoqda. Ma‘lumotlarga ko‘ra, Moskva Vladimir Putin 50 foizdan kam ovoz bo‘lgan yagona hudud bo‘lib hisoblanadi. Hozirgacha bu yerda u qariyb 48 foiz ovoz jamg‘argani aytilmoqda.

Poytaxtda o‘tgan saylovlarda tadbirkor Mixail Proxorov “abadiy ikkinchi” Gennadiy Zyuganovni ortda qoldirib, moskvaliklarning taqriban 20 foiz ovozini qozonoldi.

Bu orada saylovda qonunbuzarliklarga eng ko‘p yo‘l qo‘yilgan joy sifatida ham Moskva va Rossiyaning shimoliy poytaxti bo‘lgan Peterburg ko‘rsatilmoqda. Kuzatuvchilar bu shaharlarda karusel, saylov bayonnomalarini qayta yozish kabi qo‘pol qonunbuzarliklar qayd etilganini aytmoqdalar.

Prezidentlik saylovida peshqadamlik qilayotgan Vladimir Putin, dastlabki ma‘lumotlarga ko‘ra, eng ko‘p ovozni Chechenistonda qozongan. U yerda Rossiyaning amaldagi Bosh vaziri uchun saylovchilarning 99,8 foizi ovoz bergan.
XS
SM
MD
LG