Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:58

Tojikistonda Facebook to‘silishi norozilik uyg‘otdi


Facebook ijtimoiy tarmog‘ining qariyb 30 ming tojikistonlik foydalanuvchisi uchun to‘sib qo‘yilishi Tojikiston va xorijdagi feysbukchilarning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi.

3 mart kuni Zvezda.ru, Tjknews.com va Maxala.org saytlari bilan bir qatorda Facebook ijtimoiy tarmog‘iga ham to‘siq qo‘yilganini tojik rasmiylari “ayrim texnik sabablar” bilan izohlagan edi.

Ammo 5 mart kuni Ozodlikka intervьyu bergan hukumatning Aloqa xizmati boshlig‘i Bek Zuhurov Internet qora bozorga aylanib qolganini va shanba kungi qaror “Internetni tartibga solish uchun qabul qilingan”ini ta‘kidladi.

- So‘nggi paytlarda Internet qora bozorga aylanib qoldi. Odamlar orasida g‘avg‘o ko‘tarish maqsadida, pul uchun analiz qilinmagan, asossiz, tekshirilmagan gaplarni yozishayapti. Odamlarning shaxsiyatiga tegadigan gaplarni yozishayapti. Axir bularni tartibga solish kerak. Rostini aytsam, shu kunlarda Aloqa xizmatimiz Internetdagi bu xil ishlardan juda tashvishda, - deya bildirdi Bek Zuhurov.

Facebook ijtimoiy tarmog‘ining rasmiy ma‘lumotlariga ko‘ra, hozirgacha jahon bo‘ylab ro‘yxatdan o‘tgan 800 million foydalanuvchidan qariyb 30 mingi o‘z yashash joyini Tojikiston deya ko‘rsatgan.

Tojikiston hukumati qoshidagi Aloqa xizmatining mamlakatdagi Internet provayderlariga yo‘llagan xati.
Tojikiston hukumati qoshidagi Aloqa xizmatining mamlakatdagi Internet provayderlariga yo‘llagan xati.
So‘nggi yarim yil davomida mamlakat ichkarisidagi va xorijidagi tojikistonliklar respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, hukumatning ichki va tashqi siyosati hamda shu kabi boshqa jamiyat hayoti uchun muhim sanalgan masalalar atrofida aynan Facebook tarmog‘idagi turli guruhlar, jumladan, “Platforma” guruhida fikr almashar edi.

Facebook Tojikistonda yopib qo‘yilishidan ikki kun avval “Platforma”da Zvezda.ru sayti chop qilgan “Tojikiston inqilob arafasida” nomli maqola katta bahslarga sabab bo‘lgandi.

Zvezda.ru o‘z sahifasida Tojikiston prezidenti devonining respublika Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi va shu kabi tegishli idoralarga maxfiy topshirig‘i nusxasini ham yoyinlagandi.

Hozircha haqiqiy yoki qalbakiligi yuzasidan biror rasmiy idora izoh bermagan bu “maxfiy buyruq”da mamlakat ichkarisidagi siyosiy faollar, jumladan, Islom uyg‘onish partiyasining faollari va 1992 yilgi ichki nizolarda aktiv qatnashgan shaxslarni ta‘qib qilishga da‘vat qilingan.

Zvezda.ru saytining so‘nggi xabari feysbukchilar orasida yashin tezligida tarqalib, juda katta bahslarga sabab bo‘lgandi.

Mustaqil tahlilchilar hukumatning Facebook tarmog‘ini yopib qo‘yishdan maqsadi mazkur hujjatning kattaroq auditoriyalarga tarqalishi oldini olishga qaratilgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqdalar.

- Zvezda.ru saytida nashr qilingan o‘sha xabar ortidan iqtidordagi hukumat ana shunday qarorga kelgan bo‘lishi mumkin. Ammo o‘sha hujjat realmi yoki qalbakimi – bu borada bir narsa deyish qiyin. Hukumat o‘zi qanday munosabat bildirishini kutishimiz kerak. Lekin, menimcha, mahkamaga murojaat qilishi lozim. Zero, o‘sha chop qilingan hujjatda Konstitutsiyaga zid holatlar va siyosiy ta‘qibga da‘vat bor. Bu hujjat Tojikiston hukumatining obro‘sini keskin tushirib yuboradi, - deya mulohaza bildirdi “Aziya plyus” nashrining bosh muharriri Marat Mamadshoyev.

Tojikiston Internet tarmoqlar birlashmasi raisasi Parvina Ibodova fikricha, rasmiylarning so‘nggi qarori Tojikistonda Feysbuk tarmog‘iga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirib yuboradi.

- Aloqa xizmati mas‘ullarining bu urinishlaridan hech qanday foyda chiqmaydi. Zero, Internetdan foydalanishni yaxshi bilgan kishi proksi xizmatlardan foydalanib, bu to‘siqlarni bemalol aylanib o‘tishi mumkin. Boshqa tomondan, hukumatning bu qarori aksincha feysbukchilar sonining tobora oshishiga bir turtki bo‘ldi. Ya‘ni Aloqa vazirligi mas‘ullarining noto‘g‘ri qarori bu saytlarni jamiyatga yanada ko‘proq reklama qildi, - dedi Internet tarmoqlar birlashmasi rahbari Ibodova xonim.

Tojikistonda faol va jamiyat orasida tanilgan saytlarni blokirovka qilish ilk bor qaydga olinayotgani yo‘q.

Bundan avval ham, aniqrog‘i, 2006 yilgi prezidentlik saylovlari arafasida, keyin esa 2009 va 2010 yillarda mamlakat sharqida hukumat kuchlari bilan muxolifat sobiq lideri mulla Abdullo va uning kattagina guruhi bilan bo‘lib o‘tgan to‘qnashuvlar chog‘ida ham Farg‘ona.ru, Tsentraziya.ru kabi saytlarga to‘siq qo‘yilgan edi.
XS
SM
MD
LG