Линклар

Leningrad viloyatidagi kafelardan birida 26 yoshli yigit rashk qurboni bo‘ldi. Kafeda o‘rnatilgan videokameralardan biri jinoyat sahnanini yozib oldi. Bu video Internetda paydo bo‘ldi.

Rossiyada yana bir o‘zbekistonlik o‘ldirib ketildi. Bu safar u rashk qurboni bo‘lgan ko‘rinadi.

“Hodisa Leningrad viloyati Vsevolojsk shahrida sodir bo‘ldi”, deydi Ozodlik Radiosiga Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot markazining o‘zini Olьga deb tanishtirgan xodimasi.

- 29 fevral soat 23:40 larda Vsevolojskdagi Magistralnaya ko‘chasi 8-uyda joylashgan kafelardan birida to‘rt joyidan pichoqlangan, 1985 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi aniqlandi. Leningrad viloyati va Peterburgda u qaydda turmagan. Jinoyatni fosh etishda kafeda o‘rnatilgan videokamera yordam berdi, deydi viloyat politsiyasi matbuot markazi xodimasi.

Hodisa yuzasidan Ozodlik to‘plagan ma‘lumotlarga ko‘ra, Vsevolojskda nobud bo‘lgan yigitning ismi Javlonbek N. va u 26 yoshda ekanligi aytilmoqda.

YouTube portalida kafedan olingan videotasvir e‘lon qilindi.



Shaharning “Fort” kafesida o‘rnatilgan videokameraga tushib qolgan tasvirda Javlonbek N. ismli yigit noma‘lum bir qiz bilan ko‘ngilhushlik qilib o‘tirgani aks etgan. Sevishgalar quchoqlashib o‘tirganda kafega ikkita yigit kirib keladi va ko‘rinishidan o‘zbekka o‘xshagan qiz bilan janjallasha boshlaydi.

Bir vaqt bu shaxs qizni qo‘lidan tortib yerga qulatadi. Keyin jazavasi tutgan jinoyatchi qiz bolani himoya qilishga uringan yigitning qorniga bir necha marotaba pichoq bilan zarba beradi va jinoyat joyidan qochib ketadi.

Bar yoniga qochib o‘tgan Javlonbek yiqilib tushadi va joyida o‘ladi.

“26 yoshli bu yigit tez yordamni chaqirgan kafe xodimlari ko‘z oldida jon taslim qilgan”, deya davom etadi Olga.

- Ayblanuvchi deyarli ertasi kuniyoq qo‘lga olindi. Demak, hibsga olingan shaxs 1984 yilda tug‘ilgan, u ham O‘zbekiston fuqarosi, hech qayerda qaydga olinmagan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, u yurgan qizini boshqa o‘zbek yigiti bilan “Fort” kafesida uchratib qolgan va rashk ustida uni pichoqlab o‘ldirgan, deya ma‘lum qiladi politsiya rasmiysi.

Aniqlanishicha, qotillikda ayblanayotgan yigitning ismi Kamoliddin A., u 27 yoshda.

Boshqa ma‘lumotlarga ko‘ra, Kamoliddin A. jinoyatning ertasi kuniyoq o‘zi politsiyaga kelgan va taslim bo‘lgan. U shuningdek, politsiyachilarga Javlonbek N.ni chavaqlagan pichoqni ham ko‘ngilli ravishda topshirgan.

Mazkur hodisa yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 105-moddasi 1-qismi (qotillik) asosida jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda.
XS
SM
MD
LG