Линклар

logo-print

Dmitriy Medvedev Xodorkovskiy ustidan mahkamaning qonuniyligiga ishonch hosil qilish niyatida shunday hujjatni imzolagani aytildi.

Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev 32 fuqaro ustidan ko‘rilgan sud ishining qonuniyligini ko‘rib chiqish nazarda tutilgan hujjatni imzoladi.

Hujjatda YuKOSning sobiq rahbari, 13 yilga ozodlikdan mahrum qilingan Mixail Xodorkovskiyning nomi ham bor.

Prezident topshirig‘iga muvofiq Rossiya Bosh prokurori Yuriy Chayka qariyb bir oy ichida — 1 aprelga qadar topshiriqni ado etishi lozim.

Rossiya prezidentining bu ko‘rsatmasi prezidentlik saylovida Bosh vazir Vladimir Putin rasman g‘olib, deb e‘lon qilinganidan so‘ng ommaga oshkor qilindi.

Hozir 48 yoshga kirgan Xodorkovskiy inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar tomonidan Kremlni tanqid qilgani uchun bandi qilingan siyosiy mahbus sifatida baholangan.

U 4 mart kungi saylovda prezidentlikni qo‘lga kiritgan Vladimir Putinning birinchi muddat prezidentligi davrida — 2003 yilda hibsga olingan edi.

Xodorkovskiy firibgarlik va soliqdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblangan.

Medvedev topshrig‘iga binoan 1 aprelga qadar Xodorkovskiy bilan birga sudlangan Platon Lebedevning ishi ham qayta ko‘rilishi lozim.

Xodorkovskiyning advokati muddati adog‘iga yetayotgan Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevning bu topshirig‘iga biroz ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirdi.

"Bu shunchaki, hech nimani anglatmaydigan bir rasmiy ko‘rsatma bo‘lishi mumkin. Yoki bu Xodorkovskiy va Lebedev ishini mutlaqo yopish qaroriga bir ishorat bo‘lishi ham mumkin", dedi rus xizmati bilan suhbatda advokat Yuriy Shmidt.

Xodorkovskiyning yana bir advokati Vadim Klyuvgant Reyter agentligi bilan suhbatda Medvedevning bu qarori ortida qanday iddao turganini qayta tekshiruv natijasi oshkor qilinganidan so‘ng bilish mumkin, deb hisoblamoqda.

Medvedevning topshirig‘i 20 fevral kuni uning Rossiya muholifati yetakchilari bilan o‘tgan uchrashuvi natijasida e‘lon qilindi.

O‘shanda muholifat vakillari sud ishlarining qonuniyligi qayta tekshirilishi so‘ralgan siyosiy mahbuslarning ro‘yxatini prezident qo‘liga tutqazgan edi.

Firibgarlik va soliqdan bo‘yin tovlashda ayblangan Xodorkovskiy hamda Lebedevlar 2010 yilda qo‘shimcha ravishda davlat mulkini o‘zlashtirganlikda ham aybdor, deb topilgan edi.

Xalqaro inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar hamda bu ikki oligarxning tarafdorlari sud ishining siyosiy motivlarga asoslanganini aytib keladi.

2010 yilgi mahkamada so‘zlagan Xodorkovskiy: "Bunday uydirmani yozgan Stalindan meros zaharli o‘rgimchakni qaysi chang bosgan yerto‘ladan topishdi ekan?! Bu tahlit Adliya tizimi turgan davlatda qanaqa uzoq muddatli sarmoya haqida gap bo‘lishi mumkin?!" deya o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarga munosabat bildirgan edi.

Ayni kezda u Kareliyadagi jazo koloniyasida qamoq muddatini o‘tamoqda va 2017 yilga qadar panjara ortida qolishi lozim.

O‘tgan yili Amnesty International Xodorkovskiyni "vijdon tutuquni", deb e‘lon qilgan edi.
XS
SM
MD
LG